Dam olish vaqti emas. Koronavirus O‘zbekiston mehnat bozoriga qanday ta’sir qildi

Dam olish vaqti emas. Koronavirus O‘zbekiston mehnat bozoriga qanday ta’sir qildi

HR-ekspertlar Forbes Uzbekistan bosh muharriri Anastasiya Novikova bilan birgalikda pandemiyaning ish qidiruvchilar va ish beruvchilarga ta’sirini muhokama qilishdi.

Tadbirda PR Head Hunterning Markaziy Osiyo bo‘yicha marketing direktori Anna Shevchenko, Person Hunters asoschisi va boshqaruvchi hamkori Yuliya Yakovleva, CEO Grow Management Team Solutions, ATB «Kapitalbank» boshqaruvi a’zosi Gulnora Xisamiyeva va First Development Group HR-menejeri Zarina Gilyazova ishtirok etishdi. Forbes Uzbekistan bosh muharriri Anastasiya Novikova uchrashuv moderatori sifatida ishtirok etdi.

Karantin mehnat bozorini o‘zgartirdi

Anna Shevchenkoning so‘zlariga ko‘ra, aprel oyida rezyumelar soni 7%ga oshdi va bu kompaniya qayd etgan eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi. Karantin oldidan va undan keyin eng ko‘p talab qilingan bo‘sh ish o‘rinlari - ma’muriyat xodimlari va savdolar bo‘yicha mutaxassislardir.

- Aprel oyida vaziyat biroz o‘zgarib, IT-mutaxassislar birinchi o‘ringa chiqishdi, talabalar orasida esa ma’muriyat va moliya xodimlariga ehtiyoj ko‘paydi, - dedi u.

Ma’ruzachi birinchilardan bo‘lib xizmat ko‘rsatish sohasi, turizm, mehmonxonalar biznesi va umumiy ovqatlanish (yetkazib berish xizmatidan tashqari) tarmog‘i zarar ko‘rganligini ta’kidladi. Fan va ta’lim sohasida ham rezyumelar soni masofaviy o‘qitishning tobora ommaviylashib borishi tufayli ko‘paydi. Qurilish va ishlab chiqarish sohalarida barqarorlik kuzatildi.

- Nomzodlar o‘z rezyumelarida masofadan turib ishlash imkoniyati borligini belgilashdi, bu esa takliflar sonini 10dan 13%ga oshirdi.

Pandemiya davrida mehnat bozorida vaziyat salbiy tomonga o‘zgardi, ammo hozir bo‘sh ish o‘rinlari soni ko‘paymoqda, bu esa murojaat qiluvchilarga turli variantlarni ko‘rib chiqish imkonini beradi.

- Karantindan oldin O‘zbekistonda bu boradagi vakansiyalar 2-2,5 mingni tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 1945 tani tashkil etdi. Bu ijobiy holat. Ish qidiruvchilar barcha sohalarda ish izlash va suhbatdan o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lishayapti, - deya ta’kidladi Anna Shevchenko.

Yuliya Yakovleva pandemiya tufayli aksariyat kompaniyalar unchalik pozitiv kayfiyatda emasligini va moliyaviy yo‘qotishlar kutilayotgan daromadning 40%ni tashkil qilishini ta’kidladi. Ko‘pgina tadbirkorlar bundan keyin nima bo‘lishini bilishmaydi va faqat kichik bir qismi ma’lum bir o‘sishni kutishadi.

- Bozor tahlillari shuni ko‘rsatdiki, chakana savdo, farmatsevtika va IT-sohalarida o‘sish kuzatilmoqda. So‘nggisi juda ommaviylashib ketdi - kompaniyalar ichki IT-resurslarini jadal rivojlantirishni boshlashdi.

Ko‘plab ish beruvchilar karantin tufayli xodimlarining bir qismini maosh to‘lanmaydigan majburiy ta’tilga yuborishdi, ammo ko‘plab kompaniyalar o‘z xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga va ish haqining bir qismini to‘lashga harakat qilishdi. Bundan tashqari, qo‘shimcha ijtimoiy to‘lovlar, mukofot pullari qisqartirilib, bonuslar tizimi to‘xtatildi.

Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, ko‘plab ish beruvchilar odatdagi ish tizimiga qaytishadi va o‘z biznes-jarayonlarini ko‘p o‘zgartirishni rejalashtirishmaydi. 13-15% ularni qisman yoki to‘liq ko‘rib chiqishmoqchi.

- Iyun oyida bonus to‘lovlarining qisqarishiga qaramay, mehnatga haq to‘lash tizimidagi vaziyat yaxshilanishni boshladi. Asosan mehmonxona, restoran biznesi, turizm sohalariga ta’sir ko‘rsatildi va aynan shu xodimlar mehnat bozoriga murojaat etishdi.

Anastasiya Novikovaning ta’kidlashicha, inqirozga qaramay, ish beruvchilar xodimlarning ish haqini kiskartirmaslikka harakat qilishmoqda.

Masofadan ishlash - hayotning paradigma o‘zgarishi

Gulnora Xisamiyeva karantin paytida banklar faoliyat ko‘rsatishdan to‘xtamaganligini, ammo ba’zi xodimlar masofadan ishlashga yuborilganligini aytib o‘tdi:

- Biz hamma ham masofadan turib ishlay olmasligiga duch kelyapmiz. Ishning bunday uslubi - hayotning paradigma o‘zgarishi. Bank tizimidagi shaxsiy tajribamizga asoslanib, hamma ham masofadan turib ishlay olmasligiga guvoh bo‘ldim. Biz xodimlardan kutadigan eng muhim xislat - bu shaxsiy intizom, keyin professionallik va mas’uliyat.

Uning fikriga ko‘ra, masofadan turib ishlash ko‘proq jarayonga emas, natijaga qaratiladi, shuning uchun ushbu formatda to‘lovlar ishbay bo‘lishi lozim. U insonlarda ko‘nikmalar oshganligini, Trello va Slack kabi qo‘shimcha vositalar va texnika bilan ishlash malakasi paydo bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Zarina Gilyazova karantinning dastlabki bosqichi paytida qurilish maydonlarida ham barcha ish faoliyatlari to‘xtatilganini eslab o‘tdi: ishchilarning bir guruhi ish haqi qisman saqlangan holda mehnat ta’tiliga yuborildi.

- Ammo chora-tadbirlar yengillashtirilishi bilan biz tezkor ravishda karantin tadbirlariga rioya qilgan holda inshootlarda va idoralarda ishlarni boshlab yubordik. Xavfsizlik me’yorlariga qat’iy rioya qilish qulay ish muhitini ta’minlaydi, ammo xodimlar hali ham xavotirda. Shuning uchun biz ularni tashish va ovqatlanishni maxsus belgilangan joyda tashkil qildik. Shaxsiy himoya vositalari sotib olindi, xodimlar harorati o‘lchanib qayd etilib borilayapti, - deya tushuntirdi munozara ishtirokchisi.

Anna Shevchenko qurilish sohasidagi malakali ishchilarning bir qismida maoshlar pasaytirilganini, ammo may oyida vaziyat o‘zgarishni boshlaganini aytib o‘tdi. Top-menejerlar va yuqori malakali mutaxassislarda ish haqi o‘zgarmadi.

Ish beruvchilar tomonidan talablar oshdi

- Endi siz moslashuvchan ko‘nikmalarga ega bo‘lishingiz kerak va Microsoft Office’ni bilishning o‘zi yetarli emas. Talablar oshib bormoqda va agar siz yuqori talablarga javob beradigan va yetarli malakaga ega bo‘lgan mutaxassisni yollasangiz, uning xizmatlari o‘rtacha kamida $1000ni tashkil qiladi, agar tor doiradagi mutaxassislar haqida gapiradigan bo‘lsak, raqamlar yanada yuqoriroq bo‘ladi, - dedi Gulnora Xisamiyeva.

Moderatorning pandemiyadan oldin va keyin mehnatga ish haqini to‘lashga bo‘lgan munosabati qanday o‘zgarganligi haqidagi savoliga javob berar ekan, Yuliya Yakovleva tez rivojlanayotgan iqtisodiyot tufayli tabaqalanish juda kuchli ekanligini ta’kidladi.

- O‘zbekistonga ko‘plab yirik xorijiy sarmoyadorlar kirib kelishmoqda va endi biz malakali mutaxassislar bozori o‘sib borayotgan bir vaziyatdamiz va pandemiya tufayli mamlakatda ko‘plab quyi malakali kadrlar yig‘ilib qolgan.

Uning fikricha, O‘zbekiston uzoq vaqtdan beri qo‘shni davlatlar uchun kadrlar zaxirasi bo‘lib kelgan, hozirda mamlakatda malakali kadrlar yetishmovchiligi mavjud va uni qayta tiklash mushkul.

- Hozirgi kunda ekspatlarning katta oqimi kirib kelayapti va bu har bir jalb etilgan mutaxassis uchun qo‘shimcha xarajatlar sarflanishiga sabab bo‘ladi, bunday xodimning qiymati arifmetik progressiyada o‘sib boradi.

Ma’ruzachining ta’kidlashicha, kompaniyalar ish beruvchining obro‘si ustida ham ishlashlari lozim va bu tendensiya kuchayib boradi, chunki eng yaxshi mutaxassislarni jalb qilish va saqlab qolish zarur:

- Ish beruvchiga raqobatbardosh ish haqini to‘lashning o‘zi yetarli bo‘lmaydi va biz buni O‘zbekiston bozorida, xodim ish joyini maoshiga qarab tanlamayotgan paytda ko‘rayapmiz. Bugungi kunda murojaat qiluvchilar tarmoqlarda ish beruvchining qanday ekanligini, mehnat bozorida u haqida qanday fikrlar bildirilayotganligi, u xodimga yaqin bo‘lgan bir xil qoidalar va me’yorlarga rioya qilish yoki qilmasligini e’tiborga olishmoqda. Aynan shu narsalar asosiy o‘ringa chiqayapti va bu HRning rivojlanadigan yo‘nalishidir. Ish beruvchilar ushbu omillarga e’tibor berishlari kerak - eng yaxshi xodimlar eng yaxshi kompaniyalarda ishlashadi.

Manba: Forbes

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar