EOII: hamkorlik sari qadam

EOII: hamkorlik sari qadam

Xabaringiz bor, Oliy Majlis deputatlari va senatorlari tomonidan O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi to‘g‘risidagi tegishli qarori qabul qilindi. O‘tkazilgan muhokamalar va tahlillar asosida ovoz beruvchilarning asosiy qismi mamlakatimizning mazkur tuzilma tarkibida «kuzatuvchi davlat» maqomida ishtirok etish taklifini ma’qulladi.

Albatta, bu xulosaga keng muhokamalar natijasida kelindi. Xalqimiz va saylovchilar fikri inobatga olindi. Shuningdek, iqtisodchilar, huquqshunoslar, iqtisodiyot tarmoqlari va jamoatchilik vakillari, siyosiy partiyalar tomonidan bildirilgan yakuniy xulosada ham bu masalani chuqur o‘rganish, hozirgi sharoitda kuzatuvchi maqomida bo‘lish eng maqbul holat ekanligi bildirib o‘tildi. Xalqimizning an’analariga muvofiq, katta ish oldidan ko‘pchilik bilan kengashib olindi. Umuman olganda, ushbu jiddiy masalada, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib, uning xohish-irodasiga tayanildi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston uchun kuzatuvchilik maqomi qanday afzalliklar berishi mumkinligini qayd etib o‘tsak:

birinchidan, kuzatuvchi maqomi mamlakatimiz uchun iqtisodiy majburiyatlar va salbiy holatlarni yuzaga keltirmaydi;

ikkinchidan, YeOII a’zo davlatlarining yagona qarorlarini o‘rganish va ularni bevosita kuzatish imkoni vujudga keladi;

uchinchidan, YeOII davlatlari majlislari ma’lumotlarini bevosita olish (kerak bo‘lsa, bevosita ishtirok etish) va uni O‘zbekiston sharoitidagi makroiqtisodiy jihatdan tahlilini amalga oshirish uchun birlamchi manba yuzaga keladi;

to‘rtinchidan, kuzatuvchilik maqomidan so‘ng YeOIIga a’zo bo‘lib kirish yoki kirmaslik majburiyati mavjud emas.

Mazkur pozitsiyada O‘zbekiston qanday namoyon bo‘ladi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga kuzatuvchi sifatidagi ishtirokimiz qanday ta’sir ko‘rsatadi? Bu kabi savollar ko‘pchilikni o‘ylantirishi tabiiy. Aytib o‘tish mumkinki, kuzatuvchi maqomidagi ishtirokimiz qaror qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etmasakda, bizga YeOIIning hamma ishchi organlarida bemalol fikr bildirish huquqini beradi.

Kuzatuvchilik davridagi vaqt mobaynida ma’lum yo‘nalishlarda ortda qolgan islohotlarni izchil yo‘lga qo‘yib olish, a’zo mamlakatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish, muqarrar raqobat sharoitiga aniq maqsadlar bilan tayyorgarlik ko‘rishimiz hamda xalqaro bozorda o‘z o‘rnimizni topish choralarini kuchaytirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Shuningdek, xalqaro moliya bozori, investorlar, donor mamlakatlarning investitsion loyihalarini yoki mablag‘larini jalb qilishda qisqa, o‘rta va uzoq muddatli davrgacha strategik maqsadlarni hisobga olishimiz zarur bo‘ladi.

Iqtisodiy harakatsizlikni keltirib chiqaruvchi bugungidek omillar ta’siri ham e’tibor markazimizda bo‘lishi kerak. Bunda salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi omillar iqtisodiyotimiz tarmoqlariga qay darajada salbiy ta’sir etishini kuzatish va natijalarni chuqur tahlil qilib borish maqsadga muvofiq. Soni besh million atrofida ekanligi aytilayotgan aholining kambag‘al qatlami, norasmiy mehnat bozorida doimiy bo‘lmagan daromad topayotgan fuqarolarni manzilli ishga joylashtirish tizimini chuqur isloh etish zarur. Bunda e’tibor daromadlar, soliqlar va nafaqalar manzilligiga qaratilishi lozim. Zero, aholi bandligi va daromadlari o‘sishini ta’minlaydigan eng muhim sohalarni rivojlantirilishi iqtisodiyotimiz rivojida alohida ahamiyatga ega.

Xulosa qilib aytganda, o‘tkazilgan muhokamalar va tahlillardan so‘ng ma’lum xatarlar va ma’lum yutuqlar sanab o‘tildi. Solishtirma tahlillar natijasiga ko‘ra, Parlament a’zolarining ko‘pchilik qismi kuzatuvchilik maqomini tanladilar. Ta’kidlandiki, endi kuzatuvchilik maqomida o‘zimizga salbiy ta’sir etuvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha aniq strategiyani belgilab olishimiz lozim bo‘ladi. Umuman olganda, YeOII bilan munosabatlarni amalga oshirishga doir qarorning qabul qilinishi bu boradagi muzokara va tadqiqotlarni ob’yektini aniq belgilashga asos bo‘ladi, deb hisoblaymiz.

Nodir Jumayev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

iqtisod fanlari doktori, professor

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar