Koronavirus pandemiyasi ko‘proq qaysi sohaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi?

Koronavirus pandemiyasi ko‘proq qaysi sohaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi?

Koronavirus pandemiyasi salbiy ta’siri kichik biznesni chetlab o‘tayotgani yo‘q. O‘zbekistonda 250 mingga yaqin kichik biznes sub’yektlari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning 60%dan ortig‘i o‘z faoliyatini boshlaganiga 3 yildan ko‘p vaqt o‘tgan. Ularda umumiy kichik biznesda bandlarning 81% faoliyat yuritadi. Tabiiyki, misqollab to‘plangan obro‘ va uzoq muddatda erishilgan natijalarni bir kunda yo‘qotilishining oldini olish zarur.

Koronavirus pandemiyasining kichik biznesga ta’sir qilish kanallari

Koronavirus pandemiyasi iqtisodiyotga, ayniqsa, kichik biznesga ham talab va ham taklif kanallari orqali ta’sir etadi.

Taklif tomonidan ta’sirning bir ko‘rinishi bu korxonalarda ishchi kuchi taklifining kamayib ketishidir. Aniqrog‘i, bog‘cha va maktablar yopilishi natijasida bolali oilalar, o‘zlari yoki oila a’zolarida kasallik aniqlangani tufayli ishga qatnolmaydi. Taklif kanalining boshqa ko‘rinishi bu ta’minot zanjirlari uzilishi natijasida ehtiyot qismlar va oraliq iste’mol tovarlarining yetib kelishi cheklanishi hisoblanadi. Karantin sharoiti joriy etilgan joylarda esa ishlab chiqarish quvvatlarini yetarli darajada safarbar etish imkoni bo‘lmaydi.

Talab tomonidan ta’sirning asosiy ko‘rinishi bu aholi daromadlarining keskin va to‘satdan tushib ketishi natijasida kichik biznes sub’yektlari tomonidan yetkazib beriladigan tovar va xizmatlarga talabning pasayib ketishi sifatida namoyon bo‘ladi. Boshqa tarafdan esa kasallik yuqishi va yuqori darajadagi noaniqlikdan xavfsirash hissi (daromad manbayi saqlanib qolgan yoki jamg‘armalari yetarli aholi ichida) sarf-xarajatlarning cheklanishiga olib keladi.

Ma’lumot ta’riqasida: Italiyada pandemiya ta’sirida talabning keskin kamayishi va yetkazib beruvchilar bilan aloqalarning uzilishidan zarar ko‘rgan firmalar ulushi 72%ni tashkil etgan. Ularning uchdan bir o‘z tushumlarining 15%dan ko‘proqqa qisqarishini taxmin qilmoqda (20% esa 5-15%ga). Eng ko‘p zarar ko‘rgan tarmoqlar qatoriga transport (98%), turizm (90%), moda sanoati (80%), oziq-ovqat sanoati (78%) kiradi.

Bunday holatlar korxonalarda kuchli likvidlik tanqisligini keltirib chiqaradi, ya’ni masofadan turib ishlaydigan ishchilarga yoki ishlamagan taqdirda ham maoshi saqlanib qoladigan ishchilarga korxonalar ish haqini to‘lashga qodir bo‘lmay qoladi.

Ma’lumot ta’riqasida: Belgiyada 75% firmalar tushumlariga putur yetganligini bildirishgan va 50%dan oshiq kichik firmalar ijara, oylik maoshlar kabi to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshira olmasliklarini aytib o‘tishgan.

Ta’kidlash joizki, virusning ta’siri moliya bozorlariga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Ya’ni, noaniq holat va kelajakdagi risk darajasining oshib ketishi natijasida banklar tomonidan kreditlar berilishi nisbatan kamayadi. Bu esa katta va kichik firmalarning investitsion faoliyatiga salbiy ta’sir qiladi. Bu holat past darajada moslashuvchan bo‘lgan kichik korxonalarga nisbatan jiddiyroq ta’sir qiladi. Boshqacha qilib aytganda, kichik biznes vakillari katta korxonalarga qaraganda manevr qilish uchun yetarlicha katta mablag‘larga ega emasliklari, sug‘urta va moliyalash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari nisbatan cheklanganligi tufayli "ijtimoiy izolyasiyalanish" holatlariga nisbatan ko‘proq ta’sirchan bo‘ladi.

Odatda kichik biznes vakillari tashqi yetkazib beruvchilarga kamroq ehtiyoj sezadi. Ammo shunday korxonalar borki, ular ba’zi virus keng tarqalgan davlatlardan xom ashyo yoki texnologiyalar import qilishga ehtiyoj sezadi. Ana shu korxonalar pandemiya paytida ko‘proq zarar ko‘radi. Bundan tashqari, bu firmalar uchun aloqalar zanjiri uzilgan taqdirda ularning qayta tiklanishi juda qiyin kechadi.

Ma’lumot ta’riqasida: Koreya Respublikasida 72% kichik va o‘rta biznes vakillari virus oqibatlaridan zarar ko‘rganlarini bildirishgan. Ularning yarmidan ko‘pi Xitoydagi fabrikalar yopilishi natijasida o‘z buyurtmalarini vaqtida bajara olmaganliklarini aytishgan. Bu ahvolda 42% firma biznesni uch oydan oshiq va 70% firma 6 oyda oshiq ish faoliyatida ushlab turish imkoniyati yo‘qligini bildirgan.

Global darajada talabning pasayishi ham kichik biznes vakillariga sezilarli ta’sir o‘tkazishi mumkin. Masalan, turistlar oqimining kamayishi bu sohadan daromad ko‘ruvchi tutash transport, moda, umumiy ovqatlanish va milliy hunarmandchilik kabi sohalarga ham jiddiy zarar yetkazadi. Ko‘pchilik mamlakatlarida korxonalar soni, qo‘shimcha qiymatning yaratilishi va bandlikning asosiy ulushi kichik va o‘rta biznes hissasiga to‘g‘ri kelishi sir emas. Biroq, chegaralarning yopilishi oqibatida ta’sir ko‘rgan sayyohlik va transport sohalari, shuningdek, vaqt omili muhim sanalgan moda sanoati va oziq-ovqat sohasida kichik biznesning ulushi juda yuqori.

Shu bilan birga, kichik va o‘rta korxonalar tashqi shoklar keltirib chiqaradigan ortiqcha xarajatlarga kamroq bardoshli va moslashuvchan bo‘ladi. Ularning sanitariya xarajatlarini oshirish, shuningdek, onlayn ish rejimiga o‘tish, raqamlashtirish va yangi texnologiyalarni qo‘llashda imkoniyatlari cheklanganligi ham yangi muammolar keltirib chiqaradi.

Umumiy ma’noda, pandemiya sharoitida kichik biznes oldida turgan to‘siqlarni quyidagicha guruhlash mumkin:

  • ishchi kuchi taqchilligi (o‘zi yoki yaqinlari kasallikka chalingan ishchilar, bog‘cha yoshidagi bolali ota-onalar, uzoq joylarda yashovchi ishchilar ishlay olmasliklari sababli);
  • ta’minot zanjiri uzilib qolganligi (ixtisoslashish kuchli va qo‘shilgan qiymati katta bo‘lmagan firmalarda);
  • mahsulotlarga tashqi va ichki talab pasayganligi (talab elastigligi yuqori bo‘lgan mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun);
  • likvidlilikning cheklanib qolganligi (manevr uchun mablag‘i yetarli bo‘lmagan korxonalar uchun);
  • kreditlar berilishi kamayganligi (noaniqlik darajasi oshganligi sababli);
  • hamkorlar bilan aloqa zanjiri qayta tiklanmaydigan darajada uzilishi (o‘zining chet elda joylashgan ta’minotchilari oldida bir yoki ikki marta buyurtmalaridan voz kechgan firmalar ular uchun o‘z obro‘yini yo‘qotishi mumkin);
  • yangi (raqamli) texnologiyalarni qo‘llashda imkoniyatlar cheklanganligi (qurilish, ta’mirlash, sanoat ishlab chiqarish, transport, maishiy xizmat kabi jismoniy ishtirokni talab qiluvchi faoliyat turlari uchun).

O‘zbekistonda kichik biznesning holati

O‘zbekistonda kichik biznes sektori tovar va xizmatlarning yarmidan ko‘pini ishlab chiqarishi va ishchi kuchining to‘rtdan uch qismini band qilib turganligi bilan ahamiyatli. 2019 yilda kichik tadbirkorlikning YaIMdagi ulushi 56,5%ni tashkil qilgan. 2020 yilning yanvar-mart oylarida esa bu ko‘rsatkich 46%ni tashkil etgan.

Hududlar bo‘yicha kichik tadbirkorlikning Yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 2019 yilda eng ko‘p Jizzax (84,1%), Namangan (79,2%), Surxondaryo (78,2%), Samarqand (77,5%) va Buxoro (75,7%) viloyatlarida kuzatiladi. Har 1000 aholiga nisbatan olganda esa eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida (28,8 ta), Navoiy viloyatida (18,1 ta), Sirdaryo viloyatida (17,9 ta), Jizzax viloyatida (15,6 ta), Toshkent va Buxoro viloyatlarida (14,9 ta), Farg‘ona viloyati (12,2 ta) kuzatiladi.

2020 yilning yanvar-mart oylariga kelib kichik tadbirkorlik sub’yektlari hissasiga:

sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmining 28,7%;

– o‘zlashtirilgan umumiy investitsiyalar hajmining 54,6%;

qurilish ishlari umumiy hajmining 72,3%;

– respublika jami xizmatlar hajmining 52,1%;

chakana tovar aylanmasi umumiy hajmining 85%;

– umumiy eksport hajmining 27,4%;

– umumiy import hajmining 58,1%;

– jami avtomobil transporti yuk aylanmasining 77,4% (2019 yil);

– umumiy yo‘lovchi aylanmasining 94,9% to‘g‘ri keladi (2019 yil).

Xizmatlar sohasini turlari bo‘yicha tahlil qilinganda, 2019 yilda eng yuqori xizmat hajmi savdo xizmatlarida 42478,0 mlrd. so‘mni, transport xizmatlarida 25620,1 mlrd. so‘mni, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlarda 4831,7 mlrd. so‘mni, yashash va ovqatlanish xizmatlarida 4621,6 mlrd. so‘mni, boshqa shaxsiy xizmatlarda 4420,9 mlrd. so‘mni, ijara xizmatlarida 3575,3 mlrd. so‘mni tashkil etgan.

Bugungi kunga kelib ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik sub’yektlarining katta qismi o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda karantin muddatining 60 kunga cho‘zilishi kichik biznes korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotning yillik hisobda 11%ga kamayishiga va tegishli ravishda, ularning daromadlarining ham shunchaga kamayishiga olib kelishi mumkin.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston kichik biznes sektorining ahamiyatli taraflariga quyidagilarni kiritish mumkin:

  • YaIMning yarmidan ko‘pi va iqtisodiyotda bandlarning to‘rtdan uch qismi kichik biznes vakillari hisobiga to‘g‘ri keladi;
  • kichik biznesga butunlay bog‘lanib qolgan hududlar soni ko‘p (jumladan, Jizzax, Namangan, Surxondaryo, Samarqand va Buxoro);
  • iqtisodiyotga investitsiyalarning deyarli yarmi ular hisobiga to‘g‘ri keladi;
  • chakana tovar aylanmasi, transport va qurilish faoliyatlarining asosiy qismi ular tomonidan amalga oshiriladi;
  • jami eksportning uchdan bir qismini ular amalga oshiradi;

Hozirga kelib kichik biznes korxonalarining ko‘pchiligi o‘z ish faoliyatini to‘xtatganidan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:

  • aholining katta qismi o‘z daromad manbayidan ayrilish xavfi (asosan, transport, qurilish, nooziq-ovqat tovarlar savdosi sohasida band bo‘lganlar ichida);
  • asosan Jizzax, Namangan, Surxondaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida kambag‘allik darajasining oshib ketish va talabning tushib ketish xavfi;
  • investitsiyalar hajmining tushib ketish xavfi;
  • eksport va valyuta tushumlarining tushib ketish xavfi.

Kichik biznesni pandemiya sharoitida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jahon tajribasi

Bir qator mamlakatlar to‘g‘rida-to‘g‘ri kichik korxonalarga yo‘naltirilgan ish vaqtini qisqartirish, vaqtincha ishdan bo‘shatish va kasallik ta’tiliga chiqarish kabi chora-tadbirlar joriy etmoqda. Shunga o‘xshab, hukumatlar vaqtincha ishdan bo‘shatilgan ishchilarga to‘g‘rida-to‘g‘ri yordam yoki kompaniyalarga ish o‘rinlarini saqlab qolishlari uchun ko‘mak qo‘rsatmoqdalar. Ko‘p holatlarda, mamlakatlar o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni joriy etishmoqda.

Likvidlikni ta’minlash maqsadida ko‘p mamlakatlar soliqlar, ijtimoiy to‘lovlar, qarzlar, ijara va kommunal to‘lovlarni kechiktirish choralarini ko‘rmoqdalar. Ba’zi hollarda soliqni kamaytirish yoki qarzni to‘lashga moratoriy joriy etish choralari ham qo‘llanilmoqda. Shuningdek, ba’zi davlatlar davlat xaridlari va to‘lovlarini kechiktirish tartiblari bilan bog‘liq choralarni tadbiq etmoqda.

Ta’kidlash kerakki, ba’zi davlatlar, tijorat banklariga kichik va o‘rta biznesga kredit berishni kengaytirish uchun kredit kafolatlarini taqdim etishni kengaytirmoqda va buning yo‘l-yo‘rig‘ini soddalashtirmoqda.

Davlat muassasalari orqali kichik biznes sub’yektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlar berishni ko‘zda tutuvchi siyosatlar ham o‘rin olgan.

Bir necha davlatlar kichik va o‘rta biznes korxonalariga tushumlarning keskin pasayishini oldini olish uchun grantlar va subsidiyalar ajratmoqda.

Cheklovlar sharoitida yangi bozorlar va savdo kanallari topish orqali faoliyatni davom ettirish uchun yangi ishlash tizimlarini va yangi (raqamli) texnologiyalarni joriy etishga ko‘maklashmoqda. Ta’kidlash joizki, ushbu chora-tadbirlar, bir tarafdan, qisqa muddatli muammolarni shoshilinch hal qilishga qaratilgan, boshqa tarafdan esa ularning uzoq muddatda barqarorligini ta’minlashga ham xizmat qilishni ko‘zda tutgan.

Ba’zi davlatlar kichik biznes korxonalariga yo‘naltirilgan davlat siyosatini doimiy tarzda yaxshilab borish maqsadida tadbiq etilgan chora-tarbirlar samarasini monitoring qilish tizimlarini joriy etishgan.

Kichik biznesni rivojlantirish chora-tadbirlarini shartli ravishda quyidagi yo‘nalishlarga bo‘lish mumkin:

  • ishchilarni qo‘llab quvvatlash (ish vaqtini qisqartirish, vaqtincha ishdan bo‘shatish va kasallik ta’tiliga chiqarish);
  • to‘lovlarni kechiktirishga imkon yaratish (soliqlar, ijtimoiy to‘lovlar, qarzlar, ijara va kommunal to‘lovlarni kechiktirish);
  • kredit berishni kengaytirish va to‘lov qobiliyatini kafolatlash (shu jumladan foizsiz kreditlar berish);
  • grant va subsidiyalar ajratish;
  • yangi (raqamli) texnologiyalarni qo‘llashda ko‘maklashish.

Bulardan eng ko‘p qo‘llanilayotgan mexanizmlar qatoriga ish haqi subsidiyalari, foyda va daromad solig‘ini va qarzlarni to‘lashni kechiktirish, qarzdorlikni kafolatlash va to‘g‘ridan-to‘g‘ri (foizsiz) qarz berishlar kiradi.

Jumladan, O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan:

  • tijorat banklari tomonidan turistik operatorlarga, mehmonxona biznesi sub’yektlariga, transport-logistika kompaniyalariga va turizm tarmog‘ining boshqa korxonalariga, shuningdek, tashqi savdo operatsiyalariga joriy etilgan cheklovlar tufayli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha umumiy summasi 5 trln so‘mlik qarzdorliklarni to‘lash bo‘yicha kechiktirishni (jarima sanksiyalarini hisoblamagan holda) 2020 yil 1 oktyabrga qadar uzaytirish; xususiy tadbirkorlik korxonalariga taqdim etilgan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun, shu jumladan, iste’mol bozorini eng zarur tovarlar bilan to‘ldirish uchun qayta tiklanadigan revolver kreditlar ajratish.
  • O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tadbirkorlik sub’yektlariga kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kafillik va kompensatsiyalar taqdim etish hajmlarini oshirishga bo‘lgan talabni hisobga olgan holda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi kapitallashuvini 500 mlrd so‘mgacha oshirish.
  • 2020 yil 1 apreldan 31 dekabrga qadar turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) ko‘rsatuvchi sub’yektlar yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilish, ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada 1 foiz miqdorida to‘lash.
  • karantin tadbirlari davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i qat’iy belgilangan summasini va ijtimoiy soliqni hisoblash to‘xtatish.
  • o‘z faoliyatini to‘xtatgan va (yoki) tovarlar (xizmatlar) realizatsiyasidan tushumi joriy yilning birinchi choragidagi o‘rtacha oylik miqdoriga nisbatan 50 foizdan ko‘proqqa kamaygan mikrofirma, kichik korxona va yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliq organlarini xabardor qilgan holda 2020 yil 1 oktyabrga qadar mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza bermasdan turib aylanmadan olinadigan soliq, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha — ularni keyinchalik 12 oy davomida teng ulushlarda to‘lash sharti bilan va ijtimoiy soliq bo‘yicha — uni keyinchalik 6 oy davomida teng ulushlarda to‘lash sharti bilan foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) huquqi taqdim etish.
  • loyihalar sonidan qat’iy nazar, ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlariga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun beriladigan kreditlar bo‘yicha kredit summasining 75 foizidan oshmagan, biroq 10 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lmagan hajmda kafillik qilish.
  • tadbirkorlik sub’yektlariga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdordagi foiz stavkasi bilan milliy valyutada beriladigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya, uning belgilangan miqdorlarini saqlab qolgan holda, taqdim etish.

O‘zbekistonda kichik biznesni yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar

Yuqoridagi tahlildan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston sharoitida pandemiya oqibatlarini kichik biznesga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar tarkibiga quyidagilarni kiritish o‘rinli:

  • iqtisodiyotda kichik biznes sub’yektlari mahsulotlariga talabni yetarli darajada ushlab qolinishini ta’minlash maqsadida asosan Jizzax, Namangan, Surxondaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida kichik biznes ishchilarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini ishlab chiqish;
  • transport va nooziq-ovqat tovarlar savdosi (ayniqsa, kompyuter va aloqa vositalari) sohalarini sanoat ishlab chiqarish va ta’mirlash sohalari kabi dezinfeksiya qoidalariga amal qilgan holda faoliyatini qayta tiklashga imkon yaratib berish choralarini ko‘rish;
  • banklar tomonidan faoliyat yuritayotgan korxonalarga foizsiz yoki davlat kafolati ostida kreditlar ajratish masalasini ko‘rib chiqish (yangi tashkil etilayotgan korxonalar bundan mustasno);
  • eksport qiluvchi kichik firmalar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-qo‘vvatlash;
  • masofadan turib ishlash mumkin bo‘lgan faoliyat turlarini (biznes konsalting, bank va moliya, sug‘urta, savdo) texnik va texnologik jihatdan qo‘llab-qo‘vvatlash va raqamli texnologiyalar, internet qamrovini kengaytirish chora-tadbirlarini ko‘rish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Bosh ilmiy xodimi Baxtishod Xamidov

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar