Abdulla Aripov yaqin va uzoq muddatga mo‘ljallangan harakatlar dasturi loyihasini taqdim etdi

Abdulla Aripov yaqin va uzoq muddatga mo‘ljallangan harakatlar dasturi loyihasini taqdim etdi

21 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida Bosh vaziri Abdulla Aripov Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq muddatga mo‘ljallangan harakatlar dasturi loyihasini taqdim etdi.

Hududlar rivojlantiriladi

Abdulla Aripov Prezident tomonidan belgilab berilgan O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqib, yaqin kunlarda tasdiqlash uchun taqdim etilishini ma’lum qildi. U ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda islohotlarni amalga oshirish, muhandislik kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, hududlarni mutanosib rivojlantirishni qamrab oladi.

Keyingi 5 yilda yalpi ichki mahsulot 6 foizga o‘sadi

Makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiyotni yanada isloh etish, milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish hamda raqobatbardoshligini oshirish choralari ko‘riladi. Bunda, yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 2020 yilda 5,5 foizdan kam bo‘lmasligi va keyingi 5 yilda esa uning o‘sish sur’atlari o‘rtacha 6 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

2025 yilda xizmatlar ko‘rsatish oshadi

Hukumat 2025 yilga borib sanoatning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 30 foizdan 33 foizgacha, xizmatlar ko‘rsatishni esa 35 foizdan 37 foizgacha oshirish choralarini ko‘radi.

Iqtisodiyotni rivojlantirish uchun strategiyalar ishlab chiqiladi

Abdulla Aripov Senat qo‘shma majlisida “Iqtisodiyotni boshqarishda bozor mexanizmlarini keng joriy etish va iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha strategiyalar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi”, dedi.

2021–2022 yillarda qurilish materiallari ishlab chiqarish diversifikatsiya qilinadi

Xususan, birja savdolarida yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni sotishning yagona tartibini joriy etish rejalashtirilgan. 2021–2022 yillarda savdo korxonalari va logistika markazlarini rivojlantirish strategiyasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

Yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini rivojlantirish davom etadi

Shuningdek, sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini jadal rivojlantirish, energiya tejamkor texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish davom ettiriladi.

Mineral xom ashyo bazasini rivojlantirish dasturi ishlab chiqiladi

Buning uchun 2020 – 2025 yillarga mo‘ljallangan sanoatni rivojlantirish konsepsiyasi, 2020–2021 yillarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda Mineral xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash dasturlari ishlab chiqiladi.

2030 yilga borib Elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarish hajmini 5 barobarga oshirish ko‘zda tutilyapti

“Bundan tashqari, yaqin yillarda import o‘rnini bosuvchi va mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab quvvatlovchi soha – elektrotexnika sanoatiga iqtisodiy o‘sishning “drayveri” sifatida qaraymiz”, dedi Bosh vazir.

Joriy yilda 2020 – 2030 yillarda Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi.

2030 yilga borib ushbu sohada ishlab chiqarish hajmi 5 barobarga (4 mlrd. doll.), eksport hajmi 6 barobarga (1,5 mlrd.doll.), mazkur sohada ishlovchilar soni 3 barobarga (50 mingdan ortiq) ko‘payishi, mamlakat aholisining elektrotexnika va maishiy texnika mahsulotlariga bo‘lgan talabini 80-90 foizga mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlash hisob-kitob qilinmoqda.

7,6 milliard dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi

2025 yilga kelib yoqilg‘i-enegetika sohasida umumiy qiymati 7,6 milliard dollarga teng investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda elektr energiyasi ishlab chiqarishni 1,4 barobarga, tabiiy gaz qazib chiqarishni 1,2 barobarga, neft mahsulotlari ishlab chiqarishni 2,1 barobarga oshirish kutilmoqda. Shuningdek, tabiiy gazni mamlakatimizda qayta ishlab, qo‘shimcha qiymatli va bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlari kengaytirilishi rejalashtirilmoqda.

Joriy yildan davlat korxonalariga egalik qilish Strategiyasi ishlab chiqiladi

Energiya sarfini kamaytirish va noreal to‘lovlarni oldini olish uchun 2020 yil oxiriga qadar iste’molchilarga elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish bo‘yicha elektron hisoblagichlarni to‘liq o‘rnatiladi.

Kimyo sanoatini rivojlantirish dasturi doirasida 12 milliard dollarlik 31 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 50 ta yangi turdagi mahsulotlar o‘zlashtiriladi.

Mavjud 21 ta erkin iqtisodiy hamda 156 ta kichik sanoat zonalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanadi. Ularning sonini 2 barobarga oshirish kutilmoqda.

Korporativ boshqaruvning zamonaviy prinsiplari va usullarini amalga oshirish uchun 2020-2030 yillarda davlat korxonalariga egalik qilish, boshqarish va isloh qilish Strategiyasi ishlab chiqiladi.

Norasmiy ish o‘rinlari legallashtiriladi

Abdulla Aripovning ta’kidlashicha, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini muntazam yaxshilab borish, “xufiyona iqtisodiyot” ulushini qisqartirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini maqbullashtirish uchun shart-sharoitlar yaratiladi.

Ko‘riladigan choralar natijasida kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 2020 yil yakunida 62 foizdan oshirishga erishilishi kerak. Soliq sohasida islohotlarni amalga oshirish hisobiga joriy yilda norasmiy ish o‘rinlarining 500 mingtasini legallashtirish rejalashtirilgan.

Bosh vazir qabulxonasi tabdirkorlar muammosini o‘rganadi

2030 yilga kelib, Jahon bankining biznesni yuritish indeksida O‘zbekistonning hozirgi 69 o‘rnidan 20 o‘ringa ko‘tarish vazifasi qo‘yildi.

Bosh vazirning qabulxonalarida tadbirkorlar, shu jumladan, chet ellik investorlarning muammolarini hal etiladi, dedi Bosh vazir.

Kam ta’minlanganlar uchun subsidiya ajratiladi

Abdulla Aripov urbanizatsiya jarayonlarini davlat tomonidan tartibga solish va davlat uy-joy siyosatini amalga oshirish ta’minlanishini ta’kidladi. Shu maqsadda 2030 yilgacha urbanizatsiyani rivojlantirish Konsepsiyasi, shuningdek, kam ta’minlangan oilalarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal yoki foizlarning bir qismini qoplash uchun Davlat byudjeti hisobidan subsidiyalar ajratiladi.

"Uy-joylar qurilishida yangi turdagi energiyatejamkor qurilish materiallaridan keng foydalaniladi. Qishloq massivlarida 5-7 qavatli, shaharlarda esa 12-16-18 hatto 30 qavatgacha bo‘lgan uylar quriladi".

Yangi "natijaga yo‘naltirilgan" byudjet tizimi joriy qilinadi

O‘zbekistonda byudjet, moliya va pul-kredit sohasidagi islohatlar davom etadi. Birinchidan, byudjet-moliya va pul kredit muvofiqlashtirish yaxshilanadi.

Davlat qarzini xalqaro standartlarga muvofiq samarali boshqarish, uni makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada ushlab turish va davlat kafolatlari mexanizmini takomillashtirish uchun "Davlat qarzi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, 2020–2024 yillarga mo‘ljallangan davlat moliya menejmenti tizimini takomillashtirish strategiyasi ishlab chiqiladi, jumladan, yangi "natijaga yo‘naltirilgan" byudjet tizimi joriy qilinadi, byudjet to‘g‘risidagi ma’lumotlarning oshkoraligini ta’minlanadi va byudjet jarayoni ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytiradi. Davlat byudjeti xarajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlanib qoladi, mahalliy byudjetlarning mustaqilligi va mahalliy hokimiyat organlarining javobgarligi oshiriladi.

"Adolatli" soliq tizimi yaratiladi

Qabul qilingan "Soliq kodeksi"ni yangi tahrirda amaliyotga tatbiq etish va "adolatli" soliq tizimini yaratish maqsadida mamlakatda soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish davom ettiriladi.

Soliq tizimini yanada soddalashtirish va samarali soliq-byudjet siyosatini yuritish bo‘yicha choralar ko‘riladi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun 2021–2023 yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiya ishlab chiqiladi. Umumiy fiskal balansini (jamlangan davlat byudjeti va davlat qarzi) YaIMning hozirgi 2,7 foizidan 2022 yilda 1,5 foizgacha kamaytirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, valyuta bozorini rivojlantirish strategiyasi va "Kapital bozori to‘g‘risida" gi qonun loyihasi, shuningdek, valyutani tartibga solishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish va milliy valyuta barqarorligini ta’minlash uchun qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi.

Bank sohasiga oid yangi qonun ishlab chiqiladi

Bank tizimining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, sug‘urta va lizing tizimini rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. Yaqin kunlarda "Nobank kredit tashkilotlari to‘g‘risida" gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, AQShning Amerika Boston Konsalting Gurup (BCG) ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan Qishloq xo‘jaligi sohasini diversifikatsiya qilish bo‘yicha konsepsiyasi amalga oshiriladi. Shu bilan birga, agrar sektorni modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish choralari ko‘riladi.

"Bizning asosiy vazifamiz paxta va g‘alla sanoatida bozor tamoyillarini joriy etish, yer egasiga bo‘lgan munosabatni kuchaytirish, seleksiya va urug‘chilikni rivojlantirish, o‘simliklarni himoya qilish va ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish", dedi Abdulla Aripov.

Ijtimoiy sohalarda "Inson kapitali" yaxshilanadi

Ijtimoiy sohada asosiy vazifalar tibbiyot, ta’lim, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, ushbu sohalardagi infratuzilmani yaxshilash, bir so‘z bilan aytganda, "Inson kapitali"ni yaxshilash bilan belgilanadi. Xususan, uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish sohasida "Ta’lim to‘g‘risida" gi qonunning yangi tahriri qabul qilinadi. "Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida" yangi qonun amaliyotga tatbiq etiladi. Maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklikning samarali tizimini (DXH) rivojlantirish choralari belgilangan.

Maktabgacha ta’limning alternativ shakli joriy etiladi

2020–2022 yillarda maktabgacha ta’limning alternativ shakllari joriy etiladi. 2021 yilda 6 yoshga to‘lgan 692 ming nafar bola maktablardagi majburiy bir yillik bepul tayyorlov guruhlari bilan to‘liq qamrab olinadi, 2022 yilda 3-7 yoshdagi 2 million bola (70%) maktabgacha ta’lim tashkilotlari tomonidan qamrab olinadi.

Yoshlar orasida oliy ma’lumot olish darajasi 2025 yilga kelib 20% dan 35% ga oshiriladi. Bundan tashqari, besh yil ichida xorijiy xususiy universitetlar soni kamida 30 taga ko‘payadi.

Oliy o‘quv yurtlarida o‘quv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkazish va oliy ta’limning ilg‘or standartlarini joriy etish choralari ko‘riladi.

2022 yilda hududlar reanimatsiya mashinalari bilan to‘liq ta’minlanadi

Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, majburiy tibbiy sug‘urtaga o‘tish, davlat tashkilotlarini moliyalashtirish tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

2022 yilga kelib, hududlarga zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan va yagona call-markazga ulangan 1500 ta Ford reanimatsiyasi yetkazib beriladi.

2030 yilgacha jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi.

O‘zbekistonga 2025 yilda 12 mln turistlar kelishi kutilmoqda

Turizm industriyasini rivojlantirish va turizm infratuzilmasini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish choralari ko‘riladi. 2019-2025 yillarda turizm sohasini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan ustuvor vazifalarning amalga oshirilishi natijasida mamlakatimizga 2020 yil yakuni bilan 7 mln nafar hamda 2025 yilga qadar 12 mln nafar xorijiy turistlar kelishi kutilmoqda.

Yoshlar uchun 400 mlrd so‘mlik kredit ajratiladi

Yoshlarga oid davlat siyosati sohasida "O‘zbekiston yoshlari – 2030" konsepsiyasi ishlab chiqiladi. “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi doirasida yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun 400 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli kreditlar ajratiladi. Yoshlarning ilmiy va badiiy kitoblarni, shu jumladan, elektron kitoblarni o‘qishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish va ularning huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan "Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha milliy dastur" qabul qilinadi hamda maktablarda "tarbiya" fani joriy etiladi.

2020 yilda 7 ta muzey quriladi

Madaniy-gumanitar sohada 2020-2024 yillarda madaniyat va san’at muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Jumladan, 7 ta muzey qurilib, 56 ta muzey va 20 ta teatr ta’mirlandi.

2030 yilgacha "Raqamli qishloq xo‘jaligi" tashkil etiladi

2020-2022 yillarda raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat tizimlarini "keng va faol" joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

2030 yilgacha Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Unda 11 mingta ijtimoiy soha muassasalarini keng polosali Internet tarmog‘iga ulanishni ta’minlovchi shaxsiy guvohnomalarni (ID-kartalar) joriy etish, "Aqlli qishloq xo‘jaligi", "Raqamli qishloq xo‘jaligi", "Elektron tibbiyot", "Elektron ta’lim", “Yagona intellektual transport” va boshqa dasturlar joriy etiladi. 2020-2022 yillarda Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Samarqand, Namangan viloyatlari va Toshkentda IT-Parklarni, shuningdek, tumanlarda 150 ta raqamli texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazlarini qurish rejalashtirilgan.

Transport tizimini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi

Rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib, 2020-2030 yillarda Avtomobil yo‘llari va Transport tizimini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi. Transportni boshqarishga xususiy va xorijiy kapital jalb qilinadi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida "Chiqindilar to‘g‘risida" yangi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish strategiyasi

Sanitariya xizmatlarini 2025 yilga qadar qamrab olish mamlakat aholisining 100 foizini tashkil etadi va 2028 yilga kelib chiqindilarni qayta ishlashni 45 foizga yetkazadigan qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish strategiyasi amalga oshiriladi. Toshkent shahri uchun 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish konsepsiyasini qabul qilinadi.

Ijroiya organlari ustidan jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi

Abdulla Oripovning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilda va keyingi yillarda ma’muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Ijroiya organlarining faoliyatini takomillashtirish, ular ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va davlat boshqaruvi tizimida strategik rejalashtirishning zamonaviy shakllarini joriy etish rejalashtirilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar