Amersfort konslageridagi 101 nafar o‘zbekistonlik asir haqida hujjatli film ishlanmoqda

Amersfort konslageridagi 101 nafar o‘zbekistonlik asir haqida hujjatli film ishlanmoqda

Samarqandda Ikkinchi jahon urushi davrida yuz bergan tarixiy voqealar haqida hikoya qiluvchi hujjatli kinoasarni suratga olish ishlari boshlandi. Bu haqda "O‘zbekkino" milliy agentligi matbuot xizmati xabar qildi.

Film jahon urushi vaqtida asr tushgan 101 nafar o‘zbeklar haqida

Mazkur film 1941 yilda Smolensk ostonasida asir tushgan va Niderlandiyaning Amersfort konslageriga jo‘natilgan 101 nafar o‘zbek o‘g‘loni haqida hikoya qiladi. Yigitlarni natsistlarning g‘oyaviy rahnamolaridan biri Gebbelsning shaxsiy topshirig‘iga binoan, nemis askarlari "yovvoyi xalqlar" bilan qanday kurashayotgani haqidagi targ‘ibot filmini suratga olish uchun tayyorlaydi. Gitlerning Sovet Ittifoqini yashin tezligida bosib olishga qaratilgan rejasi barbod bo‘lgach, ushbu asar nemis askarlarining tushkun ruhini ko‘tarishi, raqiblarning "qanchalik nochor va insoniylikdan yiroq" ekanini ko‘rsatishi lozim edi.

"Buxanka" asrlarni bir-birini g‘ajishi uchun tashlanadi

Ana shu maqsadda natsistlar 101 nafar o‘zbekistonlik asirni tanlab oladi va ularga ma’lum vaqt mobaynida ovqat bermaydi. Nemislarning suratga olish guruhi yetib kelganida ochlikdan sillasi qurigan o‘zbek asirlarining oldiga bitta "buxanka"ni otadi. Ularning nazarida asirlar bir burda non uchun bir-birini g‘ajishga tayyor turishi kerak edi. Ammo hammasi boshqacha tus oldi. O‘zbeklar nonni teng bo‘laklarga taqsimlab, bir-biriga uzatadi.

Natsistlar bundan g‘azabga minadi. Asirlarni rosa tepkilaydi, keyin esa otib tashlaydi. Shu tariqa Gebbelsning vahshiyona rejasi yo‘qqa chiqadi.

Loyihani Samarqand viloyati hokimligi moliyalashtiradi

Amersfort lagerida halok bo‘lgan 101 yigit frontga Samarqand viloyatidan borgani taxmin qilinadi. Shu bois, "O‘zbekkino" Milliy agentligi tomonidan niderlandiyalik kinematograflar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu loyiha Samarqand viloyati hokimligi tomonidan moliyalashtirilmoqda.

Niderlandiyalik jurnalist bu voqeani 20 yildan beri tadqiq qiladi

Bu tarixiy voqeani niderlandiyalik jurnalist Remko Reyding 20 yildan beri tadqiq qilib keladi. U ayni paytda O‘zbekistonga kelib, insonparvarlik va qahramonlikni tasvirlovchi ushbu kinoasarni suratga olish jarayonida ishtirok etmoqda.

Mazkur hujjatli film Razika Mergenbayeva ssenariysi asosida rejissyor Shuhrat Mahmudov tomonidan suratga olinmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar