EOIIda “kuzatuvchi” maqomida ishtirok etish bo‘yicha parlament qarori — xalq xohish-irodasining natijasidir

EOIIda “kuzatuvchi” maqomida ishtirok etish bo‘yicha parlament qarori — xalq xohish-irodasining natijasidir

Joriy yilning 11 may kuni Oliy Majlis Senati quyi palata tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tashkilotida (YeOII) “kuzatuvchi davlat” maqomida ishtirok etish to‘g‘risida qabul qilgan qarorini ma’qulladi.

O‘zbekistonga “kuzatuvchi davlat” maqomi nima beradi va bu mintaqadagi hamkorlikka qanday ta’sir qiladi? Shu va boshqa savollarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov javob beradi.

— Parlamentning O‘zbekistonni YeOIIga “kuzatuvchi davlat” bo‘lib kirishi to‘g‘risidagi qarori haqida qanday fikrdasiz?

— Oliy Majlisning quyi va yuqori palatalarida ushbu masala yuzasidan ovoz berish natijalari mamlakatimiz siyosiy maydonida mutlaqo yangi parlament paydo bo‘lganini ko‘rsatdi. Qaror ilgarigidek oddiy tasdiqlash yo‘li bilan emas, balki demokratik jarayonlar natijasida qabul qilindi. Ushbu jarayon umumxalq muhokamasi bo‘lib tashkil qilindi, xalq o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi ta’minlandi hamda ushbu qarorning mamlakatimiz milliy manfaatlariga muvofiqligiga har tomonlama baho berildi.

Umuman olganda, parlamentning O‘zbekistonning YeOIIda kuzatuvchi maqomi to‘g‘risidagi qarori mamlakatimizdagi saylovchilar juda katta qismi manfaatlarining haqiqiy ifodasi bo‘ldi.

Xalq vakillari parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan foydalangan holda hukumat, vazirlik va idoralar, nodavlat tashkilotlari va ekspertlarning xulosalari va baholarini tingladilar, joylarda ushbu mavzuda jamoatchilik muhokamalari tashkil etildi. Xalq bilan samarali uyushtirilgan muloqot amalda OAVni jamoatchilik manfaatlari hisobga olinadigan va har tomonlama o‘ylangan qarorlar qabul qilinadigan haqiqiy munozaralar maydoniga aylantirdi. Bu mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlashning yorqin namunasi bo‘ldi.

Bir so‘z bilan aytganda, biz yangi demokratik jarayonning guvohi bo‘ldik, bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Harakatlar strategiyasi doirasida parlament va siyosiy partiyalarning mamlakatni rivojlantirishning eng muhim masalalarini hal qilish, davlat boshqaruvi tizimida ularning rolini oshirish hamda fuqarolarning jamiyat va davlatni boshqarishdagi ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijasidir.

Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori”, parlament esa haqiqiy “demokratiya maktabi”ga aylanishi, qarorlar xalq bilan ochiq va oshkora, fuqarolarning talab va manfaatlaridan kelib chiqib qabul qilinishi kerakligini bir necha marotaba ta’kidlagan.

O‘tkazilgan barcha muhokamalarning asosini so‘nggi uch yilda mamlakatimiz iqtisodiy o‘sishining yuqori sur’atlarga erishayotganligi tashkil etdi, bu esa, o‘z navbatida, YeOII bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan choralarni faollashtirishni talab etadi.

Yurtimizda investitsiyalar, texnologiyalar va zamonaviy texnologiyalar va nou-xaularni jalb qilishni talab qiladigan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda, yangi istiqbolli bozorlarga chiqish bo‘yicha harakatlar olib borilmoqda. Bu borada O‘zbekiston jahon iqtisodiy munosabatlarida faol ishtirok etmoqda, xalqaro iqtisodiy makonga qo‘shilmokda, ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritmoqda.

O‘zbekistonning tanlagan iqtisodiy rivojlanish yo‘li xalqaro va mintaqaviy birlashmalar, shu jumladan YeOII bilan samarali hamkorlikni kuchaytirishni taqozo etadi. Bu bir tomondan, ushbu Ittifoqda o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarimiz tobora kengayib borayotgan strategik hamkorlarimiz bo‘lgan Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlarining a’zo ekanligi, ikkinchi tomondan — kengroq iqtisodiy makonda mahsulotlarimiz raqobatbardoshligini oshirishga imkoniyat yaratilishi bilan bog‘liq.

— Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomini olish O‘zbekistonga yaqin istiqbolda nima beradi?

Kuzatuvchi maqomi O‘zbekistonga YeOIIning a’zolari va hamkor davlatlari bilan muloqotni mustahkamlash, tashkilotning dasturiy va shartnomaviy organlari hujjatlarini amalda tatbiq etilishini yanada chuqurroq o‘rganish, a’zo davlatlarning o‘zaro hamkorlik mexanizmlari, qaror qabul qilish jarayoni, mavjud me’yoriy-huquqiy baza va uni qo‘llash amaliyoti kabi muhim jarayonlar bilan tanishish imkoniyatini yaratadi.

Bundan tashqari, tashkilot ichidagi jarayonlarga qo‘shilgan holda bizda ulardan doimiy ravishda xabardor bo‘lib turish hamda milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda YeOII iqtisodiy siyosatini shakllantirishda bilvosita qatnashish imkoniyati yuzaga keladi. Shu bilan birga, ushbu integratsion tuzilmada kuzatuvchi bo‘lish iqtisodiy sohadagi mavjud qonunchiligimizni YeOII talab va qoidalariga muvofiqlashtirish imkonini beradi.

Shuni alohida e’tirof etish lozimki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston YeOIIga a’zo-davlatlar bilan ikkitomonlama hamkorlikni kengaytirmoqda. Misol uchun, 2016 — 2019 yillarda O‘zbekistonning YeOIIga a’zo-davlatlar bilan umumiy tovar ayirboshlash hajmi 60 foizga oshib, qariyb 10 milliard dollarga yetdi. Bugungi kunda O‘zbekistonning YeOII bilan tashqi savdosidagi ulushi 30 foizni, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmi esa 75 foizdan ortiqni tashkil qiladi.

YeOIIda kuzatuvchi maqomining yana bir afzalligi unda ittifoq talablariga rioya qilish majburiyatining yuklanmasligi, ayni vaqtda Ittifoq bilan hamkorlik istiqbollari mahalliy biznes vakillariga yanada raqobatbardosh bo‘lish uchun o‘z faoliyatlarini takomillashtirish masalasini dolzarblashtiradi. Bundan iste’molchilar va umuman modernizatsiyaning yangi bosqichiga chiqishi orqali iqtisodiyot yutadi.

Amaliyotda kuzatuvchi maqomi qanday qo‘llaniladi?

— Ushbu maqomga ega bo‘lgan davlat o‘zining doimiy vakilini YeOIIning doimiy faoliyat yuritadigan muhim organi hisoblanadigan Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) qarorgohiga yuboradi. Shu tariqa, mamlakatimizning doimiy vakili Komissiya va uning organlari bilan Ittifoq hududida olib borilayotgan iqtisodiy siyosat masalasida muntazam aloqa o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ushbu masala tartibli muloqot o‘rnatishda juda muhim mexanizm bo‘lib, bizning iqtisodiy tarmoqlarimiz sub’yektlariga, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga YeOII hududida amal qiladigan standartlarni, texnik, bojxona va fitosanitar qoidalarni yanada chuqurroq o‘rganib, savdo aloqalarini takomillashtirishga yordam beradi. Bir so‘z bilan aytganda, YeOII a’zo davlatlari bozorlarida raqobatbardoshligimizni oshirish va savdo-iqtisodiy munosabatlarimizni yanada rivojlantirish mumkin bo‘ladi.

Ta’kidlash kerakki, YeOIIdagi kuzatuvchilik maqomi bizning boshqa iqtisodiy uyushmalar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha tashabbus bildirish huquqlarimizni cheklamaydi va boshqa davlatlar bilan iqtisodiy munosabatlarimizga ta’sir qilmaydi. Aksincha, mintaqaviy iqtisodiy integratsion tuzilmalarda ishtirok etib, biz iqtisodiy salohiyatimizni va sanoat tarmoqlar tajribasini samarali hamkorlik qilish bo‘yicha oshiramiz.

— Sizningcha, COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq inqiroz qandaydir tarzda kuzatuvchi bo‘lish qaroriga ta’sir qildimi?

— O‘zbekiston va YeOII o‘rtasidagi hamkorlik jarayoni masalasini o‘rganish jarayoni pandemiyadan ancha oldin boshlangan. Xususan, muhokama va munozaralar 2019 yil boshidan beri davom etmoqda hamda bu masala yangi istiqbolli bozorlarni izlash, ishonchli transport va tranzit yo‘nalishlarini yaratish, milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish uchun investitsiya hamda texnologiyalarni jalb qilishga qaratilgan O‘zbekistonning yangi tashqi iqtisodiy strategiyasining mantiqiy davomidir.

Pandemiya oqibatida yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz, bizning jahon iqtisodiy munosabatlariga integratsiyalashuvimiz to‘g‘ri yo‘l ekanligini yana bir bor tasdiqladi.

Pandemiya juda ko‘plab davlatlar iqtisodiyotining barcha sohalariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, ta’minot zanjirlari uzilib qoldi, mehnat bozori zarar ko‘rdi, qator korxonalar o‘z faoliyatini to‘xtatdi, transport tashuvlari kamaydi.

Pandemiya saboqlari umumiy sa’y-harakatlarni faollashtirishga undaydi. Ushbu vaziyatda xalqaro ekspertlar mintaqaviy jarayonlar kuchayishi va mintaqaviy tuzilmalar ahamiyati oshishini taxmin qilmoqda. Bunday inqirozli vaziyatlarda ustunlik global savdo munosabatlari zanjiri uzilishi muammosini samaraliroq hal qiladigan, milliy iqtisodiyotlar uchun “yelkadosh” vazifasini o‘tab beruvchi ixcham mintaqaviy bozorlarga beriladi.

Albatta, O‘zbekiston uchun bunday ixcham mintaqaviy bozor sezilarli iqtisodiy o‘sish salohiyatiga ega bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi hududi bo‘lishi mumkin.

Shu o‘rinda YeOII iqtisodiy ko‘rsatkichlariga e’tibor bersak: 2019 yil yakunlariga ko‘ra Ittifoqning yalpi ichki mahsuloti 1,9 trillion dollarni tashkil etdi, YeOII bilan erkin savdo bitimlari va hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolagan uchinchi mamlakatlarning yalpi ichki mahsuloti 29,6 trillion dollarni (xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha) yoki jahon yalpi ichki mahsulotining 23,2 foizini tashkil etadi. Ittifoqning tashqi sheriklari yalpi ichki mahsuloti hajmi 43,9 trillion dollardan iborat (xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha), bu o‘z navbatida jahon yalpi ichki mahsulotining 34,3 foiziga to‘g‘ri keladi.

Jahon miqyosidagi inqiroz va xorijiy davlatlarning chegaralari yopilishi ortidan kelib chiqqan hozirgi iqtisodiy reallikni hisobga olgan holda, kuzatuvchi maqomi mamlakatimizga YeOII hududiga mahsulotlarimizni eksport qilishni soddalashtirish bilan bog‘liq muammolarni hal qilish va birinchi navbatda qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlar bo‘yicha eksport imkoniyatlarini oshirish imkonini beradi.

Umuman olganda, pandemiya sharoitida YeOII boshqa mintaqaviy integratsiyaviy tuzilmalar singari inqirozga nisbatan tayyorligi va chidamliligi bo‘yicha o‘ziga xos sinovni boshidan kechirmoqda. Bu, o‘z navbatida, YeOII faoliyatida e’tibor berilishi lozim bo‘lgan bir qator muhim masalalarni yuzaga chiqardi. Albatta, bu va boshqa omillar ham YeOII kelajakda qanday rivojlanishi va takomillashuvini yanada yaxshiroq anglash uchun inobatga olindi. Shu sababli ushbu bosqichda O‘zbekistonning YeOIIda kuzatuvchi maqomida ishtirok etishi to‘g‘ri qaror hisoblanadi.

— Sizningcha O‘zbekistonning YeOIIda kuzatuvchi maqomida ishtirok etishi mintaqaviy hamkorlik istiqbollariga qanday ta’sir qiladi?

— O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, Markaziy Osiyoni tinchlik, barqaror rivojlanish va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylantirish mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanligini bir necha bor ta’kidlagan.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar bilan munosabatlarni rivojlantirishda integratsion tuzilmalarda ishtirok etishi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga yordam berishi kerak degan tamoyildan kelib chiqadi.

Bugungi kunda pandemiya tufayli Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari inflyasiya va ishsizlik darajasining oshishi, yalpi ichki mahsulot o‘sishining pasayishi va oziq ovqat xavfsizligini ta’minlash kabi umumiy muammolarga duch kelmoqdalar. Ushbu salbiy oqibatlarni bartaraf etish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish talab etiladi, bu esa mintaqaviy hamkorlikning muhim ekanligini yana bir bor ko‘rsatadi. Zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi biz faqatgina hamjihatlikda va yakdilllikda samarali kurasha olamiz.

Davlat rahbarlarining ushbu qiyin kunlardagi doimiy muloqoti o‘zaro tushunish va qo‘llab-quvvatlashning yuqori darajada ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘nggi ikki oy ichida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari bilan 13 marta telefon orqali suhbatlar o‘tkazib, unda pandemiyaga qarshi samarali kurashish hamda uning salbiy oqibatlarini kamaytirish borasida yaqindan hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning qat’iy tarafdori ekani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2019 yil 29 noyabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi yakuniy bayonotida ham o‘z aksini topgan. Xususan, davlatlar transport va tranzit imkoniyatlarini kengaytirish va mintaqaning energiya salohiyatini oshirish, zamonaviy xalqaro logistika, savdo va turizm markazlarini tashkil qilish, yangi korxonalar qurish, innovatsiya texnologiyalarini joriy etish va “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga xohishlari borligini va bunga o‘zlarining tayyorliklarini bildirishdi. Xalqaro ekspertlarning e’tirof etishicha, Maslahat uchrashuvining natijalari Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro birlashuvi orqaga qaytmas jarayon ekanligini tasdiqladi.

O‘zbekistonning YeOIIdagi ishtirokini kengaytirish mintaqaviy hamkorlikning strategik maqsadlariga javob beradi va Markaziy Osiyoning iqtisodiyot, transport va energetik sohalaridagi salohiyatini sezilarli ravishda yuksalishiga hissa qo‘shadi, o‘z navbatida, bu kelgusida mintaqaning turli raqobatlarga bardoshli, ustun jihati bo‘ladi.

“Xalq so‘zi” gazetasi №101-son 14.05.2020

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar