Jahon iqtisodiyotidagi globallashuv jarayoni valyutalar va tovarlar harakati ko‘lamining kengayishida muhim o‘rin tutadi

Jahon iqtisodiyotidagi globallashuv jarayoni valyutalar va tovarlar harakati ko‘lamining kengayishida muhim o‘rin tutadi

Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida “... nima uchun bizga iqtisodiy integratsiya kerak! Bizning tashqi savdoga chiqadigan yuklarimizning 80 foizi Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiyaning tranzit yo‘laklari orqali o‘tadi. Shuningdek, tayyor mahsulotlarimiz eksportining 50 foizi, ayrim tovarlar bo‘yicha esa 80 foizi Rossiya, Qog‘og‘iston, Qirg‘iziston hissasiga to‘g‘ri keladi. Ana shu omillarni inobatga olib hamda Rossiya va Qozog‘istonga ishlash uchun borgan fuqarolarimizga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida bugungi kunda O‘zbekistonnning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilish bilan bog‘liq masalalar o‘rganilmoqda. Biz, albatta, ushbu jiddiy masalada, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib, uning xohish-irodasiga tayanamiz. Shuning uchun xalq vakillari bo‘lgan deputat va senatorlarimiz parlament palatalarida mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, o‘z zimmalariga mas’uliyatni olgan holda, asoslangan xulosalarini aytishlari kerak”, deb ta’kidlab o‘tgan edilar.

Darhaqiqat, globallashuvning zarurati mamlakatimiz tashqi savdodasida hamkor davlatlarning ahamiyati va integratsiyaning zaruratini o‘zida aks ettirmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish sur’atlarini mustahkamlash, savdo munosabatlarnini erkinlashtirish blan birga kapital va ishchi kuchi xarakatini soddalashtirilishida integratsion jarayonlarning roli o‘zining dolzarbligini ko‘rsatmoqda.

So‘nggi vaqtlarda Jahon Savdo Tashkiloti (JST), YevroOsiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) haqida, unga mamlakatimizni qo‘shilish qo‘shilmaslik masalalari, umuman olganda xalqaro iqtisodiy integratsiyalarning foyda va zararlari xususida turlicha qarashlar paydo bo‘ldi. Ta’kidlash lozimki, jahon iqtisodiyotida ro‘y berayotgan globallashuv va so‘nggi kuzatuvlar asosida shunday xulosaga kelish mumkinki, xalqaro savdo, moliya, kapital va kreditlar hamda axborot oqimi, shuningdek, integratsiyalashgan bozorlarning kengayishi va tobora chuqurlashi yuz bermoqda.

Iqtisodiy globallashuv – bu tarixiy jarayon bo‘lib, inson kashfiyotlari va texnologik taraqqiyotning natijasidir. U jahon iqtisodiyotida integratsiyalashuv jarayonlarining jadallik bilan o‘sib borishini (xususan, savdo va kapital oqimlari orqali) anglatadi. Bu tushuncha ba’zan insonlar (ishchi kuchi) va ilm-fanning (texnologiya) xalqaro hududlar bo‘ylab harakatini ifodalashda ham ishlatiladi. Bundan tashqari, globallashuv tushunchasi keng madaniy, siyosiy va iqtisodiy holat bilan bog‘liq o‘lchovlarni ham qamrab oladi. Bu tushunchaning ishlatilishi XX asrning 80- yillarida ommaviy tus olgan bo‘lib, u o‘zida xalqaro o‘tkazmalarni amalga oshirishni soddalashtiruvchi va tezlashtiruvchi texnologik imkoniyatlarni aks ettirgan. U inson iqtisodiy faoliyatining turli darajalarida asrlar davomida amal qilib kelgan o‘sha bozor kuchlarining[1] milliy chegaralarni e’tiborga olmay uzluksiz kengayishini anglatadi.

Bozorlar raqobat va ishchi kuchining ixtisoslashuvi orqali samaradorlikni rag‘batlantiradi, ya’ni insoniyat imkon qadar samaradorlikka intiladi. Global bozorlar insoniyatga jahon bo‘ylab ko‘proq va kattaroq bozorlardan foydalanish borasida kengroq imkoniyatlarni taqdim etadi. Bu shuni anglatadiki, ular yanada ko‘proq kapital oqimi, texnologiya, arzon import va yirik eksport bozorlariga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Lekin bozorlar samaradorlikning oshishidan ko‘riladigan manfaatlarni barcha uchun teng taqsimlanishini kafolatlay olmaydi.

Globallashuv kechagina sodir bo‘lgan voqelik emas. Ba’zi tahlilchilar jahon iqtisodiyoti 100 yillar oldin ham bugungi kundagidek globallashganligini e’tirof etadilar. XIX asr oxirlariga kelib, milliy daromad tarkibidagi tashqi savdo oqimining ulushi deyarli bugungi kundagidek edi, zero, kapital, transferlar nisbatan yirikroq, insonlarning ko‘chib o‘tishi darajasi immigratsiyaga to‘siqlarning mavjudligiga qaramay bugungi kunga nisbatan yuqoriroq bo‘lgan. Lekin shuni tan olishimiz kerakki, bugungi kunda tijorat va moliyaviy xizmatlar avvalgi davrdagiga nisbatan ancha taraqqiy etgan va chuqur integratsiyalashgan.

Jahon iqtisodiyotidagi globallashuv jarayoni hozirgi bosqichining asosiy farqli xususiyati zamonaviy elektron kommunikatsiyalari tufayli moliya bozorlarining yanada integratsiyalashganligidir. Globallashuv XX asrning oxirgi o‘n yilligida hukmron kuchga aylandi va o‘ziga xos yangi xususiyatlar kasb etdi:

- yangi bozorlar (ya’ni zamonaviy vositalar bilan tinimsiz ishlovchi o‘zaro bog‘langan moliya bozorlari, global iste’mol mollari bozorlari, elektron-tijorat va sh.k.);

- yangi o‘yinchilar (ya’ni multimilliy korporatsiyalar, Jahon savdo tashkiloti, hududiy bloklar);

- yangi qoidalar (ya’ni savdodagi ko‘p tomonlama kelishuvlar, inson huquqlari va global muhit bo‘yicha konvensiyalar);

- yangi aloqa vositalari (ya’ni, telefon, faks, elektron pochta).

Bundan tashqari, globallashuv tovarlar va kapitallarning harakatidagi ob’yektiv va sub’yektiv to‘siqlarning olib tashlanishi natijasida davlatlararo aloqalarning rivojlanib borishini anglatadi.

Ob’yektiv to‘siqlarning bekor qilinishi dengiz, havo transporti va aloqa xarajatlaridagi pasayish tendensiyalarida o‘z ifodasini topdi. Dengiz va bandargoh xarajatlari 1920 va 1990 yillar orasida taxminan 60 foizga qisqardi.(1) Havo transporti xarajatlarida yanada keskinroq kamayish kuzatildi va sayohat vaqti ham sezilarli darajada qisqardi.

Sub’yektiv, ya’ni insoniyatning o‘zi o‘ylab topgan to‘siqlar (kvota va tariflar)ga ham asta-sekin barham berilmoqda. 1947 yillarda tovarlar importiga tariflar o‘rtacha 47 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 1980 yillarga kelib ular 6 foizga tushib qoldi.(2)

Ayni paytda, kapital oqimi ustidan nazorat qilishga barham berilmoqda, xususan, Bretton Vuds qat’iy valyuta kursi tizimiga 1971 yillarda nuqta qo‘yilgach, yetakchi valyutalar erkin suzish rejimiga o‘tdi, Yaponiya, Daniya, Ispaniya kabi yetakchi davlatlarda kapitallarning harakati bo‘yicha mavjud cheklovlar to‘liq bekor qilindi.

Umuman olganda, globallashuv xususiy sektorlar va hukumatlarni xalqaro raqobatga chorlovchi global iqtisodiy integratsiyalashuvni texnologik va siyosiy jihatdan harakatlantiruvchi jarayon hisoblanadi.

Bu yerda raqobatning turli darajalarini yoki sohalarini farqlash lozim:

- xususiy sektorda (mikroiqtisodiy darajada), global iqtisodiy integratsiya nafaqat moliyaviy, balki tovarlar va mehnat bozorida ham o‘z samarasini beradi, ya’ni sotuvchi narxlarining (tannarx va bozor bahosi o‘rtasidagi farq) pasayishiga hamda ish haqini ortiqcha to‘lash oqibatida vujudga keladigan xarajatlarning qisqarishiga olib keladi;

- davlat sektorida (makroiqtisodiy darajada) global iqtisodiy integratsiya yangi davlatlarning (raqobatchilar) global bozor ishtirokchisiga aylanishi tufayli jahon bozoridagi raqobat keskinlashadi.

Shunday qilib, globallashuv mamlakatlarni makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, xususan, soliqlarni kamaytirish, davlat qarzini qisqartirish va inflyasiyani jilovlash orqali xalqaro raqobatbardoshlikni rag‘batlantirishga undaydi.

Xulosa qilib aytganda, jahon iqtisodiyotidagi globallashuv jarayoni ob’yektiv tarixiy jarayon bo‘lib, o‘zining ijobiy va salbiy jihatlariga egadir. Uning ijobiy jihatlaridan xalqaro moliya bozorlari va valyuta munosabatlarini tartibga solish jarayonida oqilona foydalanish kapitallar, valyutalar va tovarlar harakati ko‘lamining kengayishiga muhim zamin yaratadi.

Nodir Jumayev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

iqtisod fanlari doktori, professor

Dilshodjon Raxmonov,

Bank-moliya akademiyasi kafedra mudiri,

iqtisod fanlari doktori, professor

[1] Bozor kuchi deganda talab-taklif, pul muomalasi qonuni, raqobat, qiymat qonuni, baho mexanizmi kabi kategoriyalar nazarda tutilgan. Izoh mualliflarniki.

(1) Internet ma’lumotlari (www.worldbank.org)

(2) Internet ma’lumotlari (www.capwig.org )

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar