May oyida “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonuni kuchga kiradi

May oyida “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonuni kuchga kiradi

“Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonun ushbu sohada davlat boshqaruvi organlari vakolatini belgilaydi. Mazkur hujjatda maxsus iqtisodiy zonalarning(MIZ) tasniflari, ularning ishtirokchilariga beriladigan huquq va imtiyozlar hamda sohaga doir munosabatlarning tartib qoidalari keltirib o‘tilgan.

Avvalo MIZlarning tasnifiga to‘xtalib o‘tamiz:

- erkin iqtisodiy zona (EIZ) – yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, yuqori texnologik ishlab chiqarishni rivojlantirish, zamonaviy raqobatbardosh, import o‘rnini bosuvchi, eksportga yo‘naltirilgan tayyor sanoat mahsulotini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga faol jalb etish, shuningdek, ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport, ijtimoiy infratuzilmani va logistika xizmatlarini rivojlantirishni ta’minlash maqsadlarida tashkil etiladigan hudud;

- maxsus ilmiy-texnologik zona – innovatsiya infratuzilmasini rivojlantirish maqsadlarida ilmiy tashkilotlar va ilmiy faoliyat sohasidagi boshqa tashkilotlar (texnologik parklar, texnologiyalarni tarqatish (texnologiyalar transferi) markazlari, innovatsion klasterlar, venchur fondlari, biznes-inkubatorlar va boshqalar) to‘plangan hudud;

- turistik-rekreatsion zona – zamonaviy turistik infratuzilma ob’yektlarini (mehmonxona komplekslari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va boshqa turistik ahamiyatdagi ob’yektlarni), maxsus faoliyat ko‘rsatuvchi va mavsumiy rekreatsion dam olish zonalarini turistlarga xizmat ko‘rsatish maqsadida zarur shart-sharoitlarni ta’minlagan holda barpo etishga doir investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun tashkil etiladigan hudud;

- erkin savdo zonalari - konsignatsiya omborlari, maxsus bojxona va soliq rejimlari bo‘lgan hududlar, shuningdek tovarlarga ishlov berish, ularni o‘rab-joylash, saralash, saqlash uchun maydonchalar. Ular chegara punktlarida, aeroportlarda, temir yo‘l bog‘lanmalarida yoki boshqa bojxona hududlarida tashkil etiladi;

- maxsus sanoat zonasi – boshqaruv, xo‘jalik va moliyaviy faoliyatning alohida rejimi joriy etiladigan hudud, zarur ma’muriy, ilmiy-texnologik, ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmani barpo etish uchun yer uchastkalarini ajratish orqali shakllantiriladigan xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish zonalarini o‘z ichiga oladi;

Qonunda maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish, uning faoliyat ko‘rsatish muddatini uzaytirish, chegaralarini o‘zgartirish va uni tugatish tartibi, shuningdek, boshqarish masalalari (ma’muriy kengashning faoliyat ko‘rsatishi) atroflicha bayon etilgan.

Hujjatda har bir zona uchun umumiy va alohida talablar belgilangan. Xususan, maxsus iqtisodiy zonalar hududida faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish ta’qiqlanadi. Masalan, qurol va o‘q-dorilar, yadroviy materiallar va radioaktiv moddalar, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va hokazo. Shuningdek, qonunda investitsiya buyurtmanomasini berish va ko‘rib chiqish, investitsiya bitimini tuzish, muddatini uzaytirish va tugatish jarayoni belgilangan.

Qonunning alohida bobi maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga bag‘ishlangan bo‘lib, ularning huquq va majburiyatlari, ular tomonidan maqomni olish, yo‘qotish va mahrum qilish tartib tamomillari qayd etilgan.

MIZ ishtirokchilari uchun soliq va bojxona imtiyozlari ham nazarda tutilgan. Soliqlar bo‘yicha imtiyozlar va ularni qo‘llash tartibi Soliq kodeksida belgilangan. Shuningdek, bojxona to‘lovlaridagi imtiyozlar ham ko‘rsatilgan, xususan, ishtirokchilar quyidagi holatlarda bojxona to‘lovini to‘lashdan ozod etiladi:

- mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan va investitsiya bitimiga muvofiq investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun qurilish davrida belgilangan tartibda olib kirilgan qurilish materiallari uchun bojxona to‘lovlarini (bundan QQS va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar mustasno);

- tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha texnologik uskunalarning o‘xshashi bizda ishlab chiqarilmaydiganini olib kirishda (bundan bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar mustasno);

- ishlab chiqarish va mahsulotlarni eksportga realizatsiya qilish uchun foydalanadigan xom ashyo, materiallar va butlovchi qismlar olib kirilganda (bundan bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar mustasno).

Bundan tashqari, MIZ ishtirokchilari tovarlarni import qilganda QQSni 120 kungacha muddatga kechiktirib to‘lashga haqli. Hisoblangan soliq summasidan hisobga olinadigan QQS summasining oshib ketishi natijasida hosil bo‘lgan QQSning o‘rni ularga 7 kun davomida soddalashtirilgan tartibda qoplab beriladi. To‘langan QQS summasi MIZ ishtirokchilariga respublika byudjetidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda qoplab beriladi.

Mazkur qonun kuchga kirgunga qadar EIZlar direksiyalari tomonidan ro‘yxatga olingan EIZlar ishtirokchilari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar ular taqdim etilgan muddat o‘tguniga qadar saqlab qolinadi.

Qonun 2020 yilning 19 may kuni kuchga kiradi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar