“O‘zbekgidroenergo” AJ “ISO 50001 Energetika menejment tizimlari” xalqaro standartiga ega bo‘ldi

“O‘zbekgidroenergo” AJ “ISO 50001 Energetika menejment tizimlari” xalqaro standartiga ega bo‘ldi

“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalar O‘zbekistonda birinchi bo‘lib “ISO 50001 Energetika menejment tizimlari” xalqaro standartini joriy etishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda AJ matbuot xizmati xabar qildi.

Jamiyat mutasaddilarining aytishicha, buning uchun tizimda puxta tayyorgarlik ko‘rilib, sakkiz bosqichli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu ishlar sertifikatlashtirish bo‘yicha mas’ul hisoblangan “Management Certification” xalqaro tashkiloti hamda “O‘zstandart” agentligi mutaxassislari bilan hamkorlikda olib borilgani o‘z samarasini berdi.

Darhaqiqat, soha mutaxassislari tomonidan energetika menejmentining asosiy maqsad va vazifalari, tizim oldiga qo‘yilayotgan talablar bo‘yicha keng tushuntirishlar berib borildi. Masalan, “O‘zbekgidroenergo” tizimidagi kaskad va GESlarning 30 nafar mutaxassisi “Smart Managemyent” konsalting kompaniyasining yangi standartni amaliyotda qo‘llash masalalariga bag‘ishlangan o‘quv kursiga jalb etilib, ularga o‘quv yakunida xalqaro sertifikatlar taqdim etildi.

Eng asosiysi, tizim tashkilotlarida ISO 50001 xalqaro standartini joriy qilishning dastlabki bosqichida zarur bo‘lgan “Energetika menejmenti sohasidagi siyosat va boshqaruv”, protsessual hujjatlar, ishchi yo‘riqnomalar ishlab chiqildi. Mazkur energetik hujjatlar ekspertizadan so‘ng tasdiqlanib, o‘rnatilgan tartibda joriy etishga kiritildi

Bundan tashqari, 2020 yil mart-aprel oylari mobaynida “O‘zbekgidroenergo” AJning 13 ta korxonasida energetik audit o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar audit jarayoni yakuniga qadar bartaraf qilindi, zaruriy tuzatishlar kiritildi. Pirovardida ushbu 13 korxonaga O`zDSt ISO 50001:2019 “Energetika menejmenti tizimi. Qo‘llash bo‘yicha talab va yo‘riqnomalar” milliy muvofiqlik standartlari bo‘yicha sertifikatlari hamda ISO 5000: 2018. “Energetika menejmenti tizimi. Qo‘llash bo‘yicha talab va yo‘riqnomalar” standarti bo‘yicha xalqaro sertifikatlar taqdim etildi.Toshkent, Samarqand, Shahrixon, O‘rta Chirchiq, Quyi Bo‘zsuv, Chirchiq GESlar kaskadi unitar korxonalari va bir qator GESlar shular jumlasidan.

Ta’kidlash kerakki, “ISO 50001 Energetika menejment tizimlari” xalqaro standartining qo‘llanilishi tashkilot va korxonalarga energetika xususiyatlarini, shu jumladan, energetika samaradorligi, energiyadan foydalanish va energiya iste’moli samaradorligi uchun zarur bo‘lgan tizimlar va jarayonlarni yaratish imkonini beradi. Nega deganda, ushbu standart tashkilotning energetika menejmenti tizimiga (EMT) nisbatan aniq talablarni belgilaydi hamda tashkilot boshqaruvi ostida amalga oshirilayotgan faoliyatga nisbatan qo‘llaniladi. Uning qo‘llanilishi tashkilotga xos bo‘lgan talablarga, jumladan, tashkilot tizimining murakkablik, ma’lumotlarni hujjatlashtirish darajasi va mavjud resurslarga mos kelishi uchun muvofiqlashtirilishi mumkin.

Mazkur standart EMTning qo‘llanilish sohasi va chegarasi doirasida energiyadan foydalanuvchi binolar, inshootlar, tarmoqlar, jihozlar, tizim yoki jarayonlarni loyihalashtirish va xarid qilishga nisbatan qo‘llaniladi. EMTni ishlab chiqish va joriy qilish o‘rnatilgan huquqiy va boshqa talablarga rioya qilgan (bajargan) holda tashkilotning energetika samaradorligi, energiyadan foydalanish va energiya iste’moliga doir siyosati, maqsad va vazifalari, harakatlar rejasini ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar