O‘zbekiston YeOIIga a’zo bo‘lishining farmatsevtika tarmog‘iga ta’siri

O‘zbekiston YeOIIga a’zo bo‘lishining farmatsevtika tarmog‘iga ta’siri

O‘zbekistonda farmatsevtika sohasi 1993 yildan shakllanishni boshladi. O‘sha yili O‘zkimyofarm zavodi va Vaksinalar ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasini o‘z ichiga olgan "O‘zfarmsanoat" davlat konserni tashkil etildi.

Hozirgi kunda mahalliy dori-darmon ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya mavjud bo‘lib, davlat eng zarur dori preparatlari, infuzion eritmalar, vaksinalar, qon preparatlari, bir marta ishlatiladigan qon quyish tizimlari va qon o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishda ichki ehtiyojni ta’minlash siyosatini amalga oshirib kelmoqda. Shuningdek, dori vositalarini ishlab chiqarishning xalqaro standartlari tadbiq etilmoqda.

2017 yildan boshlab mazkur sohani yanada rivojlantirishga e’tibor kuchaydi va dori vositalari ishlab chiqaruvchilar 5 yil davomida barcha soliqlarni to‘lashdan ozod etilishi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, yangi ishlab chiqarish kuchlarini tashkil etish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirayotgan kompaniyalar texnologik asbob-uskunalarni olib kirishda barcha bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod qilindi. Xuddi shu yili O‘zbekiston Prezidentining “Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va ularni maxsus tabiiy sharoitlarda qayta ishlashga ixtisoslashgan yettita erkin iqtisodiy zonani tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Natijada, mamlakatimiz farmatsevtika tarmog‘iga sarmoyalar ko‘lami oshib borishiga huquqiy zamin yaratildi.

O‘zbekistonda farmatsevtika kompaniyalari soni 1994 yilda 2 ta, 2002 yilda 68 ta, 2012 yilda 130 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 191 taga yetib, mazkur korxonalarda 2500 dan ortiq turdagi farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Jumladan, 2018 yil mobaynida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning umumiy qiymati 200 million dollarni tashkil etgan bo‘lib, shundan 20,3 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Oxirgi yillarda ichki ishlab chiqarishdagi o‘sish ko‘rsatkichi o‘rtacha 20 foizdan yuqorilagan.

Ichki ishlab chiqarishda dori vositalari va tibbiy buyumlarning salmog‘i katta bo‘lib, ishlab chiqarish quyidagi asosiy yo‘nalishlarga ega:

a) 2018 yil yakunlari bo‘yicha 179 million dollarlik dori vositalari ishlab chiqarilgan. 6,4 mln dollarlik dori vositalari esa eksport qilingan. Bu sohadagi korxonalarning 40-60 foiz quvvat bilan ishlayotganini hisobga olsak dori vositalari yo‘nalishi bo‘yicha yuqori eksport potensiali mavjud.

b) 2018 yil yakunlari bo‘yicha 17,2 million dollarlik farmatsevtik materiallar (tibbiy paxta, tibbiy doka, bint va b.) ishlab chiqarilgan bo‘lib, shulardan jami 6,6 mln dollarlik tibbiy buyumlar eksport qilingan. Xususan 5,4 mln dollari (82%) YeOII davlatlari hisobiga to‘g‘ri keladi. Farmatsevtik materiallar ishlab chiqaruvchi korxonalar 77-80 foiz quvvat bilan ishlamoqda.

O‘zbekiston farmatsevtika bozori tez rivojlanmoqda

O‘zbekistonning farmatsevtika bozori MDHda Rossiya va Ukrainadan keyingi uchinchi yirik bozor hisoblanadi. O‘sish dinamikasi (yiliga 8-10 foiz) bo‘yicha MDH mintaqasida eng tez rivojlanayotgan bozorlar qatoriga kiradi. Masalan, 2010 yilda 370 million dollaridan ortiq miqdorda dori-darmon import qilingan bo‘lsa, 2018 yilda bu raqam 775 mln dollarni tashkil etadi. O‘zbekiston farmatsevtika bozorida bugungi kunda 9000 turdagi dori vositalari, 1684 turdagi tibbiy buyumlar va 1529 turdagi tibbiy texnika mahsulotlari iste’mol qilinmoqda.

2018 yilda farmatsevtika sohasida ichki bozor hajmi qariyb 1 mlrd dollarni tashkil etib, uning 21 foizi mahalliy ishlab chiqarish hisobidan ta’minlangan. Farmatsevtika vositalari importining 98 mln dollari YeOII davlatlari hisobiga, jumladan, 81 mln dollari Rossiya ulushiga to‘g‘ri keladi. Aholi sonining yiliga o‘rtacha 1,5 foizga oshib borayotganligi va kishi boshiga sog‘liqni saqlashga ajratilayotgan xarajatlar ko‘rsatkichi oxirgi yillarda o‘rtacha 15 foizga oshib borayotganligi kuzatilmoqda, va bu ko‘rsatkich keyingi yillarda farmatsevtik vositalarga ham talabni mos ravishda o‘sib borishiga sabab bo‘lmoqda.

Shuni ta’kidlash joizki, hozirda O‘zbekistonda import qilinayotgan farmatsevtik mahsulotlarning ko‘pchiligiga nisbatan hech qanday tarif qo‘llanilmaydi. Tibbiy paxta, tibbiy doka kabi farmatsevtik materiallarga 10 foiz miqdorida bojxona tarifi qo‘llaniladi va 2020 yil 1 yanvardan boshlab mazkur ko‘rsatkich 30 foizgacha oshirilishi ko‘zda tutilgan.

YeOIIga kirish natijasida ichki bozor va mahalliy ishlab chiqarish istiqbollari

2010 yilda Belarusiya, Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida Yevrosiyo Bojxona Ittifoqi ish boshladi. Ittifoq doirasida o‘zaro ayirboshlanadigan tovarlarga bojxona to‘lovlari to‘liq bekor qilindi, yagona tashqi tarif joriy etildi. Iqtisodiy integratsiya jarayoni 2012 yilga kelib ishchi kuchi, tovarlar, xizmatlar va kapital oqimining erkin harakatlanishini ta’minlaydigan yagona iqtisodiy makon, ya’ni Yevrosiyo iqtisodiy makonini tashkil etishga kelishib olinishi bilan davom etdi. 2015 yilning yanvar oyida Bojxona ittifoqi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) aylantirildi. Shu yilning o‘zida Armaniston va Qirg‘iziston mazkur ittifoqqa qo‘shildi.

To‘liq maqola "Ekonomicheskoye obozreniye" jurnalining 2 sonida chop etiladi.

Infografika: O‘zbekiston farmatsevtika sanoati YeOIIga a’zo bo‘lish sharoitida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Bosh ilmiy xodimi Baxtishod Xamidov

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar