Prezident qurilish materiallari, avtomobilsozlik hamda oziq-ovqat sanoatlariga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi

Prezident qurilish materiallari, avtomobilsozlik hamda oziq-ovqat sanoatlariga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 iyun kuni milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashga doir dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda sanoatni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ayrim tarmoqlarda xomashyoni chuqur qayta ishlash va qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishning yaxlit zanjiri yaratilmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Misol uchun, misni qayta ishlash 25 foiz, ipakchilikda 20 foizga ham yetmaydi. Tarmoqlararo kooperatsiya ham to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan. Jumladan, elektrotexnika va qishloq xo‘jaligi sohalarida o‘zaro kooperatsiya hisobiga kamida 80 million dollarlik mahsulot tayyorlasa bo‘ladi. Yoki kimyo sanoati to‘qimachilik uchun sintetik tola va poliester, avtomobilsozlik hamda qurilish materiallari sohasiga kord va turli bo‘yoqlar, oziq-ovqat sanoatiga aromatizatorlar yetkazib berishi mumkin.

Shu bois zamonaviy texnologiyalar transferini yo‘lga qo‘yish, tarmoqlarning energiya samaradorligi va raqobatdoshligini oshirishni nazarda tutuvchi Sanoat siyosati strategiyasini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Kimyo, to‘qimachilik, qurilish materiallari, avtomobilsozlik, elektr texnikasi hamda oziq-ovqat sanoatlariga alohida e’tibor qaratish, davlat korxonalarini isloh qilish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mamlakatimizda kichik biznes iqtisodiyotning o‘sish nuqtasi etib belgilangan. Yig‘ilishda tadbirkorlarga erkin raqobat muhitini yaratish uchun xususiy mulkchilikni himoya qilishga qaratilgan sud-huquq tizimini isloh etish zarurligi ta’kidlandi.

Yuqori texnologiyali tarmoqlarda kichik biznes hissasi kamligi qayd etilib, bunday sub’yektlarni davlat tomonidan rag‘batlantirish mexanizmini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Hududlarda kichik sanoat zonalari tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ma’lumki, kecha, 8 iyun kuni Prezidentimiz huzurida o‘tkazilgan taqdimot chog‘ida raqamli texnologiyalarni tezkor rivojlantirish, ularni barcha tarmoqlarda keng joriy qilish vazifalari kelishib olingan edi. Bu boradagi ishlarni bugun belgilangan sakkizinchi ustuvor yo‘nalishga muvofiq tashkil qilish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda mutasaddi rahbarlar iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha qisqa va o‘rta muddatda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar