Qarorlar kambag‘allik darajasiga ta’sirini baholash nuqtai nazaridan ekspertizadan o‘tkaziladi

Qarorlar kambag‘allik darajasiga ta’sirini baholash nuqtai nazaridan ekspertizadan o‘tkaziladi

“Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirishga oid davlat siyosatini tubdan yangilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi etib qayta tashkil etildi hamda uning asosiy vazifalari belgilandi.

Jumladan, vazirlik iqtisodiyotni boshqarishning bozor mexanizmlarini joriy etadi, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha strategiya va dasturlarni ishlab chiqib, ularni amalga oshiradi va muvofiqlashtiradi.

2020 yil 1 oktyabrga qadar quyidagilar ishlab chiqiladi:

  • 2030 yilgacha O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasi;
  • 2030 yilgacha O‘zbekiston sanoatini rivojlantirish strategiyasi;
  • Kambag‘allikni kamaytirish dasturi;
  • 2021 yildan boshlab respublikaning barcha hududlarida minimal iste’mol savati va yashash minumumi joriy etilishi yuzasidan qaror loyihasi.

Farmonga muvofiq:

  • tarmoqlar, sohalar va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha barcha o‘rta va uzoq muddatli konsepsiyalar, strategiyalar va dasturlar vazirlik bilan kelishilgan holda ishlab chiqiladi;
  • qabul qilinadigan ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar va qarorlar vazirlik tomonidan kambag‘allik darajasiga ta’sirini baholash nuqtai nazaridan ekspertizadan o‘tkaziladi;
  • raqobat va monopoliyaga qarshi kurashish, texnik reglamentlarni o‘rtanish, yer munosabatlarini tartibga solish, geologiya ishlari, davlat aktivlarini boshqarish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha choralar va siyosatlarning o‘zaro muvofiqligini ta’minlashda vazirlik ishtirok etadi.

Farmon bilan shuningdek, Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi etib qayta tashkil etildi.

Vazirlik huzuridagi Urbanizatsiya agentligi tugatilib, uning funksiya va vazifalari vazirlikka o‘tkazildi.

Bundan tashqari, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi hamda Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi va uning hududiy filiallari vazirlikka o‘tkazilib, ularning negizida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tashkil etiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar