Shavkat Mirziyoyev ta’kidlab o‘tgan iste’molchilardan kelib tushgan 11 mingta murojaat yechimi nima bo‘lgan o‘zi?

Shavkat Mirziyoyev ta’kidlab o‘tgan iste’molchilardan kelib tushgan 11 mingta murojaat yechimi nima bo‘lgan o‘zi?

Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotda raqobat muhitini ta’minlash va iste’molchilar huquqini himoya qilish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan alohida yig‘ilish o‘tkazdi.

Prezidentimiz ta’kidlab aytganidek, O‘zbekistonning hozirgi sharoitida monopoliyadan chiqarish, raqobatni ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalalariga kompleks va yakdil yondashuv zarur, chunki raqobat rivojlangan bozor iqtisodiyotining qat’iy talabi va prinsipial shartidir.

Bugun iste’molchilarimiz foydalanayotgan minglab tovar va xizmatlar tannarxini pasaytirish, sifatini oshirish, foydalanishga yanada qulay qilish uchun, hech shubhasiz, sog‘lom raqobat muhiti kerak bo‘ladi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, iste’molchilar huquqini himoya qilish borasida hali ko‘p ish qilinishi kerak.

Hozirgi kunda iste’molchilar manfaatini himoya qilish borasida respublikamizda ikkita tizim ish olib boryapti.

Birinchi tizim so‘nggi yillarda faoliyatini keng jamoatchilik e’tirof etayotgan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasidir. Uning tizimida ayni paytda 14 ta hududiy birlashma va ular negizida 197 ta tuman (shahar) jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda va 1200 dan oshiq xodim mehnat qilmoqda.

Shuningdek, tashkilot, korxona, muassasa, o‘quv yurtlarida federatsiyaning 2497 ta tayanch guruhi tashkil etilgan. 2015 yildan iste’molchilar shikoyat va murojaatlarini qabul qilish bo‘yicha yagona 1091 qisqa raqamli ishonch telefoni xizmati yo‘lga qo‘yildi.

Federatsiya 2018 yilda Xalqaro iste’molchilar tashkilotining (Consumers International) to‘laqonli a’zoligiga (MDHga a’zo mamlakatlardagi davlat va nodavlat iste’molchilar tashkilotlari orasida birinchilardan bo‘lib) qabul qilingan edi. Ayni hol federatsiyaga, birinchidan, ushbu xalqaro tashkilotga a’zo bo‘lgan mamlakatlar iste’molchilar tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatish va iste’molchilar huquqini himoya qilish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish, ikkinchidan, O‘zbekiston iste’molchilari manfaatlarini o‘sha mamlakatlarda, o‘sha mamlakatlar fuqarolari manfaatlarini esa O‘zbekistonda himoya qilish imkoniyatini bermoqda.

Bundan tashqari, 15 dan ortiq mamlakatning davlat va nodavlat milliy va mintaqaviy iste’molchilar tashkilotlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik to‘g‘risida bitimlar tuzilib, aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Bunga turizm sohasida bir-birining sayyohlarini himoya qilish bo‘yicha Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Tojikiston iste’molchilar tashkilotlari bilan imzolangan o‘zaro hamkorlik bitimiga ko‘ra o‘zbekistonlik turist va iste’molchilarining manfaatlarini o‘sha mamlakatlarda, ular sayyohlari va fuqarolarining manfaatlarini O‘zbekistonda himoya qilish bo‘yicha hamkorlik qilinmoqda.

Bugungi kunda federatsiya aholi o‘rtasida ratsional iste’mol madaniyatini targ‘ib etishga qaratilgan20 dan ortiq tuman va shaharda «Iste’molchilar uyi» qurmoqda. Ushbu binolarda tashkil etilayotgan «Iste’molchi kutubxonasi», birinchidan, Prezidentimizning kitobxonlik madaniyatini oshirish tashabbusiga federatsiyaning «labbay» degan javobi bo‘lsa, ikkinchidan, fuqarolarimizning iste’molchi sifatidagi huquqiy bilimlarini oshirishga xizmat qiladi.

Ikkinchi tizim 2019 yil sentyabrida tashkil etilgan Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligidir. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga qarashli tuzilma bo‘lib, uning tuman va shaharlarda alohida bo‘linmalari mavjud emas. Shu bois kecha muhtaram Davlatimiz rahbari uning vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berdi.

Shuni qayd etish lozimki, rivojlangan mamlakatlarda iste’molchilar manfaatlarini ko‘plab nodavlat tashkilotlari samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish orqali himoya qiladi.

Shu ma’noda o‘tgan yili tashkil topgan agentlikning vakolatlari kengayishini federatsiyaga raqobatchi, bir-birining funksiyasini takrorlovchi tashkilot sifatida qaramaslik kerak. Aslida har ikki tuzilmaning ham maqsadi yagona va mushtarak. Faqat biri – davlat tashkiloti, ikkinchisi esa nodavlat tashkilotidir. Ular bir-birini to‘ldiradi.

Faqat masalaning bir nozik jihat bor – federatsiya nodavlat tashkiloti bo‘lgani uchun jarima qo‘llash huquqiga ega emas. U iste’molchilar murojaatlarini jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganadi va qonun buzilish holatlari yuzasidan vakolatli davlat organlariga (soliq inspeksiyasi, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va «O‘zstandart» agentliklari va h.k.) shuningdek, bevosita sudlarga murojaat qilish orqali hal etadi. Bunday holatda ishi sudda ko‘riladigan iste’molchilar davlat boji to‘lashdan ozod etiladi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi esa iste’molchilar huquqini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini yuritadi. Ularning ham sudga kiritiladigan da’vo arizalari davlat bojidan ozod qilingan.

Yig‘ilishda ta’kidlangan fuqarolardan kelib tushgan 11 mingdan ortiq murojaatning salkam 90 foizi federatsiya ulushiga to‘g‘ri kelayotgani O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutining nechog‘li rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.

2019 yilda federatsiyaga yo‘llangan mazkur ariza va shikoyatlarning 9736 tasi, ya’ni 94,9 foizi ijobiy hal etilishi natijasida iste’molchilar foydasiga jami 10 174 967 565 (o‘n milliard bir yuz yetmish to‘rt million olti yuz to‘qson yetti ming besh yuz oltmish besh) so‘m yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilib berildi.

Federatsiya va uning hududiy birlashma va jamiyatlari iste’molchilardan tushgan 175 ta murojaat asosida ular manfaatini ko‘zlab, sud organlariga da’vo arizalari kiritgani va o‘sha arizalar ijobiy hal etilishi natijasida 441 113 714 (to‘rt yuz qirq bir million bir yuz o‘n uch ming yetti yuz o‘n to‘rt) so‘m moddiy va ma’naviy zarar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.

Aslida bu ikki tashkilot hamjihatlikda faoliyat ko‘rsatsa, 34 million iste’molchining huquqlari yanada yaxshiroq himoya qilinishi tayin.

Qolaversa, kechagi majlisda urg‘u berilganidek, agentlik kelgusida Oliy Majlisga hisobdor etib belgilanishi kutilmoqda.

Men galdagi vazifalarni hal qilish uchun quyidagi takliflarni o‘rtaga tashlamoqchiman.

Avvalambor, sohaga oid normativ huquqiy hujjatlar bazasini tanqidiy nuqtai nazardan qayta ko‘rib chiqish kerak. Unda xalqaro tajribadan kelib chiqib, nodavlat tashkilotlarning vakolatlari aniq belgilanishi va mazkur yo‘nalishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga ustuvorlik berish maqsadga muvofiqdir.

Respublikada iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘nalishida parlamentga nafaqat agentlikning, balki jamoatchilik tashkiloti sifatida federatsiyaning ham hisobot berish amaliyotini joriy qilishni maqbul deb hisoblaymiz. Mazkur yo‘nalishda qonun chiqaruvchilarning federatsiya qo‘li yetmayotgan, biroq yechimini kutayotgan muammolarga birgalikda amaliy yechim topishga ko‘mak berishiga erishish dolzarb bo‘lib qolaveradi.

Shuningdek, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish ijtimoiy harakatini yanada rivojlantirishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish maqsadida federatsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hukumat qarorini qabul qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlat rahbarining oldimizga qo‘yayotgan vazifalarini hal qilish uchun aslida har bir fuqaroning yuksak iste’molchilik huquqiy bilimlarga egaligi birlamchi ahamiyat kasb etadi.

Bizningcha, maktab o‘quvchilari o‘rtasida iste’mol madaniyatini shakllantirish maqsadida «Yosh iste’molchi» qisqa fakultativ darslarini tashkil etish maqsadga muvofiq.

Yana bir jiddiy muammo bor.

Taassufki, na federatsiya va na agentlik ixtiyorida mahsulotlar sifatini tekshirib beradigan mustaqil laboratoriyalar mavjud emas. Taraqqiy etgan mamlakatlar tajribasi bunday laboratoriyalarga ega bo‘lmasdan turib, bozorga chiqarilayotgan tovarlar sifatini yaxshilab bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunda fuqarolardan mahsulot sifati yoki sifatsizligi bo‘yicha kelib tushgan shikoyatlar asosida mazkur mahsulotlar «O‘zstandart» agentligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi laboratoriyalarida tekshirilmoqda. Mahsulot va xizmatlarga muvofiqlik sertifikati hamda tegishli ruxsatnomalarni aynan shu tashkilotlar berishi hisobga olinsa, ushbu jarayonda har doim ham shaffoflik bo‘lmayotganini bemalol taxmin qilish mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida mavjud tuzilmalar hamkorligida faol ijtimoiy sheriklik munosabatlari o‘rnatilishi oxir-oqibat aholining umumiy ravnaqi va farovonligiga xizmat qiladi.

Sherali Sattorov

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar