Tovar-xom ashyo birjasi o‘tgan haftada sotilgan paxta yog‘i, shakar va benzin narxlari haqida ma’lumot berdi

Tovar-xom ashyo birjasi o‘tgan haftada sotilgan paxta yog‘i, shakar va benzin narxlari haqida ma’lumot berdi

27 iyul – 2 avgust kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJning barcha savdo platformalarida 832,0 mlrd so‘mlik tovarlar sotildi. Bunda sotuvlarning 85,0% - birja savdolari, 5,0% - ko‘rgazma-yarmarka savdolari, 9,3% - elektron davlat xaridlari va 0,4% - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi, deb xabar bermoqda Tovar-xom ashyo birjasi axborot xizmati.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 345,9 mlrd so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining 16,1 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 1 366 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 3,7 mlrd so‘mni tashkil qildi. Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 3,0% birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 17,0% ikkinchi, 24,7% uchinchi, 11,5% to‘rtinchi, 15,0% beshinchi va 28,8% oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.

Birja savdolari

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 707,5 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi, shu jumladan:

Paxta yog‘i

O‘tgan haftada birja savdolariga 1 201,0 tonna paxta yog‘i qo‘yildi va ulardan 1 025,0 tonnasi, ya’ni 85,3% sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 92 ta xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 10 539,9 ming so‘mdan 11 004,5 ming so‘mgacha, ya’ni 4,4% ga o‘sdi. Hafta yakunlariga ko‘ra 1-navli paxta yog‘ining haftalik kotirovkasi 0,8% ga o‘sib, mahsulotni bir tonnasi uchun 10 663,7 ming so‘mni tashkil etdi.

Shakar

Hafta davomida birja savdolariga 2 379,0 tonna shakar qo‘yildi va ulardan 903,0 tonnasi, ya’ni 37,9% sotildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 5 850,0 ming so‘mdan 5 839,3 ming so‘mgacha, ya’ni 0,2% ga pasaydi. O‘tkazilgan birja savdolari natijasida shakarning 3-kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi avvalgi haftaga nisbatan 0,1% ga kamayib, mahsulotni bir tonnasi uchun 5 843,7 ming so‘mni tashkil etdi.

Benzin

O‘tgan haftada birja savdolariga 68 594,0 tonna AI-80 markali avtomobil benzini qo‘yildi va ulardan 8 997,7 tonnasi, ya’ni 13,1% sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 18 xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 markali avtomobil benzinning kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 4 773,7 ming so‘mdan 4 608,6 ming so‘mgacha, ya’ni 3,4% ga pasaydi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 rusumli avtomobil benzinning o‘rtacha haftalik kotirovkasi benzinning bir tonnasi uchun 4 875,7 ming so‘mni, AI-91 benzinining o‘rtacha haftalik kotirovkasi benzinning bir tonnasi uchun 5 529,1 ming so‘mni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, turli manbalarda keltirishicha avtomobil benzinining bir tonnasi o‘rtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar