15 avgustdan avtotransport vositalarining kuni bilan yurishiga va 30 kishilik to‘ylarga ruxsat berildi

15 avgustdan avtotransport vositalarining kuni bilan yurishiga va 30 kishilik to‘ylarga ruxsat berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazmoqda.

Davlatimiz rahbari tadbir boshida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, oxirgi bir oyda barcha hududlarda davolash o‘rinlari va nafas berish apparatlari soni bir necha barobar ko‘paytirilgani, muolaja qilish usullari yangilangani hamda tez tibbiy yordam xizmati kuchaytirilgani qayd etildi. Bularning natijasida mamlakatimiz bo‘yicha koronavirusdan sog‘ayish ko‘rsatkichi 59 foizdan 77 foizga yetdi. Virus yuqtirganlar soni 32 mingdan oshgan bo‘lsada, ularning 25 mingdan ziyodi sog‘aygan, 7 ming bemor davolanmoqda.

– Har bir fuqaromiz sog‘lig‘i va hayoti uchun kurashni yanada kuchaytirgan holda, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarning barqaror ishlashini ta’minlash, aholining yashash sharoitini yengillashtirish maqsadida karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish zarur. Xalqimizning o‘zi shuni iltimos qilmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuni hisobga olib, 15 avgustdan avtotransport vositalarining kun davomida yurishi, mahalliy avia va temir yo‘l qatnovi uchun ruxsat berish kerakligi aytildi. Sanatoriylar, mehmonxonalar, muzeylar, bolalar oromgohlari, dala hovlilar ijarasi, go‘zallik salonlari, sartaroshxonalar, ochiq havoda xizmat ko‘rsatadigan umumiy ovqatlanish ob’yektlari faoliyati ham tiklanadi. Belgilangan talablarga amal qilgan holda uyda 30 kishilik oilaviy marosimlar o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar