BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida 2030 yilga borib O‘zbekistonda kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirish masalasi qo‘yilgan

BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida 2030 yilga borib O‘zbekistonda kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirish masalasi qo‘yilgan

Aholining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi masalalariga ixtisoslashgan Yevropaning yetakchi xorijiy ekspertlari, bir qator mustaqil ekspertlar, parlament, vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyatlari vakillari koronavirus pandemiyasi davrida aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash jihatlarini O‘zbekiston va Germaniya tajribasiga asoslangan holda ochiq muloqot shaklida muhokama qildilar. Muhokama chog‘ida Germaniya va dunyoning bir qator boshqa mamlakatlari pandemiya paytida aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga moliyaviy ko‘mak berish bo‘yicha tajribasi o‘rganildi.

Ilhom MAMATQULOV, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Kambag‘allikni qisqartirish siyosatini yuritish departamenti rahbari: — Hozirgi pandemiya davrida yordamga muhtoj aholi qatlamini himoya qilish masalasida ayrim savollar yoki ma’lum bir noroziliklar bo‘lmoqda. Bu masalada jarayonning shaffofligini ta’minlash uchun ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimi ishlab chiqildi. Ya’ni himoyaga olish onlayn tizim orqali amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, pandemiya davrida aholini moddiy, nomoddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida joylarda ishchi guruhlar tashkil etildi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari qarorlari bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamning dastlabki ro‘yxatlari shakllantirildi. Mazkur ro‘yxatni onlayn tarzda yuritish, monitoring qilish maqsadida avtomatlashtirilgan “SAXOVAT.ARGOS.UZ”elektron dasturi ishga tushirildi. Endilikda yordamga muhtoj aholi qatlamining ro‘yxatini mazkur dasturga kiritish, daromad manbaini aniqlash, mehnatga layoqatli qismining bandligi ta’minlash, ular doimiy daromadga ega bo‘lgandan so‘ng, “Temir daftar”dan chiqarish ishlari bevosita onlayn amalga oshirilmoqda.

Kambag‘allikni qisqartirishda xalqaro tajribadan kelib chiqib, 3 ta vositadan foydalanish ko‘zda tutilgan:

Birinchisi, yalpi talabni rag‘batlantirish. Pandemiya davrida yalpi taklif imkoniyatlari cheklandi. Vaqtinchalik faoliyatini to‘xtatgan korxonalar, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yishi uchun davlat tomonidan yengilliklar yaratildi. Kambag‘al aholi qatlamini koopiratsiyalarga jalb qilish, qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yerlardan yer ajratish, subsidiyalar berish orqali ularga dastak (instrument) berilmoqda.

Ikkinchisi, inson kapitalini rivojlantirish. Aholiga imtiyozli kreditlar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy ko‘mak berilishi bunga misoldir. Hozirda ishsiz fuqarolar turli kasb-hunarlarga o‘qitilmoqda, buning uchun Monomarkazlar tashkil qilindi. Yuqori malaka, oliy ma’lumot talab etilmaydigan darajadagi ishlarga aholi ko‘nikmalarni rivojlantirish maqsadida joylarda o‘quv kurslari ochilmoqda. Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida esa aholi tadbirkorlikka o‘qitilmoqda.

Uchinchisi, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy va nomoddiy yordam berish. Bunda bog‘cha to‘lovlaridan ozod etish, maktabda ta’lim olayotgan bolalarni mavsumiy kiyim bilan ta’minlash ishlari amalga oshirilmoqda. Prezident qarori asosida Qurbon hayiti bayramida 182 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalarga qariyb 154 mlrd so‘mlik moddiy yordam ajratildi.

Oldimizda turgan asosiy vazifalardan bu – iqtisodiy o‘sish inklyuzivligini ta’minlash, doimiy ish o‘rinlarini yaratish, eng asosiysi, inson kapitali darajasini yaxshilash orqali kambag‘allikni qisqartirishdir. Zero, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida 2030 yilga borib O‘zbekistonda kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirish masalasi qo‘yilgan.

Martin ShEBESTA, Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning siyosiy maslahatchisi, Germaniya: — Germaniyada kichik tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash hamda vaqtincha ishsizlarga nafaqa berishga hukumat tomonidan qariyb 50 mlrd yevro mablag‘ ajratildi. Shuning uchun ham mamlakatda ishdan bo‘shatishlarning katta to‘lqinini oldini olishga erishildi. Bunda tashkilot va kompaniyalar hukumatga moliyaviy muammolarga duch kelgani, ishchilarga oylik maosh to‘lay olmasligi va davlat tomonidan yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qilishadi. Davlat esa bu majburiyatni zimmasiga oladi va maoshlarning 50-70 foizini to‘lab beradi (korxonaning faoliyat shakli, oila a’zolari soni hisobga olinadi), bu bilan fuqarolarning ishdan bo‘shatilishidan himoya qiladi. Shu sababli Germaniyada ishsizlik past darajada saqlab qolindi, ba’zi firmalar endilikda ishchilari maoshlarining to‘lanmay qolgan qismini to‘lab berishmoqda. Bundan tashqari, soliq imtiyozlari ham berilmoqda. Ehtiyojmand oilalarga ijara to‘lovini to‘lash kechiktirilmoqda.

Muhokama natijalari bo‘yicha mamlakat aholisini moddiy qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Ma’lumot uchun: Xalqaro munozara klubi Prezidentning 2020 yil 2 martdagi farmoniga muvofiq, “Yuksalish” umummilliy harakati qoshida tashkil etilgan. Maqsad — ekspertlar, xususan, xorijiy va xalqaro tashkilotlar ishtirokida dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy hamda ijtimoiy-siyosiy masalalarni muhokama qilish, turli sohalarda trendlarni shakllantirish, takliflar ishlab chiqish, innovatsion g‘oya va qarashlarni ilgari surish. Xalqaro munozara klubining media formati “UzReport” telekanali tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar