Eksport qiluvchilarning sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlari kompensatsiya qilinadi

Eksport qiluvchilarning sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlari kompensatsiya qilinadi

Vazirlar Mahkamasining 25.08.2020 yildagi 512-son qarori bilan Eksport qiluvchilar garov sifatida sug‘urta xizmatlaridan foydalanganda, sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Hujjat Prezidentning 7.05.2020 yildagi «Eksport faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4707-son qarori ijrosi doirasida ishlab chiqilgan.

Nizomga muvofiq, garov sifatida sug‘urta xizmatlaridan foydalangan eksport qiluvchilarga sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) tomonidan Davlat byudjetidan ajratiladigan subsidiya mablag‘lari hisobidan sug‘urta pulining 1%idan ortiq bo‘lmagan miqdorda kompensatsiya qilib beriladi.

Kompensatsiya to‘lanishi uchun quyidagilar shartlarga rioya etilgan bo‘lishi:

  • sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta mukofoti sug‘urtalovchiga sug‘urta qildiruvchi tomonidan to‘langan bo‘lishi (sug‘urta mukofoti sug‘urtalovchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qoplab beriladigan holatlar bundan mustasno);
  • eksport shartnomalari (invoyslar) Tashqi savdo operatsiyalarining yagona axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lishi (bitta invoys bo‘yicha $5 minggacha tovarlarni (xizmatlarni) eksport qilish holatlaridan tashqari), eksportoldi moliyalashtirish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta amalga oshirilishi holatlari bundan mustasno;
  • avval olingan kompensatsiya bo‘yicha sug‘urta shartnomasi muddatidan avval bekor qilingan bo‘lsa, sug‘urta qildiruvchi tomonidan kompensatsiyaning tegishli qismi qaytarilgan bo‘lishi;
  • tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha faqat sug‘urta qildiruvchining o‘z tadbirkorlik xavfi va moliyalovchi shaxs foydasiga sug‘urtalanishi;
  • sug‘urta shartnomasining turi Nizom, Fuqarolik kodeksi va sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan belgilangan shartlarga mos kelishi shart.

Kompensatsiya olish uchun arizalarni ko‘rib chiqish tartibi Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi. Ariza va zarur hujjatlar olinganidan keyin Agentlik ularni ko‘rib chiqadi va 7 ish kuni davomida xulosa beradi.

Moliya vazirligi taqdim etilgan buyurtmanomaga muvofiq 3 ish kuni davomida kompensatsiya mablag‘larini Agentlikning hisobvarag‘iga, Agentlik esa hisobvarag‘idan bir ish kuni davomida sug‘urta qildiruvchi yoki sug‘urtalovchining hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi.

Nizomda quyidagilar ham ko‘rsatilgan:

  • sug‘urta mukofotini qoplab berish uchun talab etiladigan hujjatlar va ularni ko‘rib chiqish tartibi;
  • sug‘urta mukofotini qoplab berishni rad etish sabablari;
  • sug‘urta mukofotini qoplash uchun to‘lovlarni amalga oshirish tartibi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 26.08.2020 yildan kuchga kirgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar