Eldor Aripov: Barchamiz uyg‘onishimiz kerak

Eldor Aripov: Barchamiz uyg‘onishimiz kerak

Shu yilning 26-27 iyun kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrif buyurdi. Boshqa viloyatlarga amalga oshirilgan safarlar kabi ushbu tashrif ham boy, mazmunli va tom ma’noda samarali bo‘ldi.

Bu bejiz emas, albatta. Chunki aniq maqsad, so‘z bilan ish birligi tamoyilining ustuvorligi Prezidentimiz boshqaruv uslubining mohiyatini tashkil etadi va bunday yondashuv har bir sohada, jumladan, viloyatlarga tashriflarda ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shu bois, hududlar aholisining davlat rahbari tashrifidan so‘ng ko‘p narsalarga umid bog‘lashi tabiiy holat bo‘lib, eng muhimi, natijalar odamlar kutganidan ham ziyoda tarzda namoyon bo‘ladi.

Bundan Namanganga tashrif ham istisno bo‘lmadi. U, avvalo, bugungi kunda viloyat aholisi duch kelayotgan aniq muammo va qiyinchiliklarni hal etishga qaratilgani bilan alohida e’tiborga moliqdir.

Tashrif doirasida qabul qilingan qarorlar esa, hech shubhasiz, viloyatni iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqishga yordam beradi.

Safar chog‘ida biror soha yoki ishlab chiqarish tarmog‘i davlatimiz rahbarining diqqat-e’tiboridan chetda qolmadi. Hukumat a’zolarining aksariyati, barcha asosiy idoralarning mutasaddilari ham viloyatda bo‘lib, tashrif bilan bog‘liq tadbirlarda ishtirok etdi. Prezidentimiz tomonidan ularga nafaqat mavjud muammolarni bartaraf etish, balki mazkur sohalarni rivojlantirish bo‘yicha tezkor va muhim ko‘rsatmalar berildi. Mamlakatimiz yetakchisining tashrif doirasida har bir ob’yekt bilan tanishishi, qabul qilgan qarorlari haqli ravishda butun respublika uchun namuna bo‘ldi, deyish mumkin.

Shavkat Mirziyoyevning avval-boshdayoq Namanganga maqtov yoki olqishlar eshitish uchun kelmagani, aksincha, uni ijtimoiy muammolar va ularni yechishga qaratilgan amaliy takliflar qiziqtirishi haqida rahbar va mutasaddilarni ogohlantirib aytgan so‘zlari ham ibratga molik. Shuning uchun ham safar davomida har bir mansabdordan amaliy ish va natijadorlik qattiq talab qilindi.

Aytish joizki, Namangan viloyati misolida davlatimiz rahbarining hududlarni rivojlantirish strategiyasining amaliy jihatlari yana bir karra namoyon bo‘ldi. Ushbu strategiyaning asosiy xususiyati — viloyatlar taraqqiyotiga to‘sqinlik qilayotgan surunkali muammolarni hal etishga kompleks yondashishdir. Ishsizlik, kambag‘allik, zaif iqtisodiy baza, eskirib ketgan infratuzilma va boshqa masalalar bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, ularni alohida-alohida hal etib bo‘lmaydi. Bu muammolarni bartaraf etishga har tomonlama va izchil yondashish — viloyat ravnaqini, eng muhimi, xalq farovonligini, millionlab insonlarning turmush darajasini oshirishning to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lidir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kuchli iqtisodchi sifatida buni boshqalardan ko‘ra, teranroq anglaydi va bu yondashuvni imkoni boricha samarali amalga oshirishga intiladi.

Shu o‘rinda Prezidentimiz tomonidan mavjud muammolar ochiq tan olinayotganini ham qayd etish lozim. Kamchilik va nuqsonlar nafaqat tan olinmoqda, balki ularni hal etishga harakat qilinmoqda, bor kuch va imkoniyatlar safarbar etilmoqda. Bularning barchasi bir vaqtlari bo‘lgani kabi, xalqning o‘z dardu tashvishlari bilan yolg‘iz qolib ketmasligiga ishonch uyg‘otadi.

Namangan viloyatiga tashrif davlat tomonidan muayyan hududning tizimli muammolarini hal etish mexanizmlari aniq ishlab chiqilganini ham namoyish etdi.

Xo‘sh, ular nimalardan iborat?

Avvalo, asosiy e’tibor eng dolzarb muammolardan biri — ishsizlikni yengishga qaratiladi. Tom ma’noda keng ko‘lamli maqsad-vazifalar belgilab olingan — 13 trillion so‘mlik loyihalarni ishlab chiqish va joriy etish natijasida viloyatda 55 mingta ish o‘rni yaratiladi. 2020 yilning o‘zidayoq, 8,3 trillion so‘mlik 1 600 ta loyihani amalga oshirish va 35 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etish maqsad qilingan.

Davlat rahbari topshirig‘i bilan 11-sinf o‘quvchilarining bandligini ta’minlash, ularning 30 foizini ishga joylashtirishga alohida e’tibor beriladi. Prezidentimiz tomonidan xorijdagi vatandoshlarimizni yurtimizga qaytarish muhimligi ham ta’kidlandi. Bu borada jami 115 ming fuqaroni qaytarish va o‘zimizda ish bilan ta’minlash mo‘ljallanmoqda.

Ishsizlik masalasini yechish, bu muammoni, ayniqsa, yoshlar va kam ta’minlangan oilalar o‘rtasida hal etish diqqat markazida bo‘ldi. Bu haqda gapirganda, 36 gektar o‘zlashtirilmagan qir-adirlarda 1000 ta issiqxona qurilishini namuna sifatida keltirish mumkin. Ayni paytda yiliga 7 ming tonna sabzavot ishlab chiqarish quvvatiga ega 800 ta issiqxona qurilib, o‘z egalariga topshirildi. Qolgan 200 ta issiqxonaning iyul oyi oxiriga qadar foydalanishga topshirilishi reja qilingan.

13 milliard so‘mlik ushbu loyihaning afzalligi shundaki, bir joyning o‘zida “bitta tuman — bitta mahsulot” tamoyili asosida yuqori sifatli eksportbop mahsulotlar yetishtiriladi. Bunda kambag‘al oilalar barqaror daromad manbai va muqim ish o‘rniga ega bo‘ladi. Ular yer, suv, ko‘chat va o‘g‘itlar bilan kafolatli ta’minlanadi. Umuman olganda, aholiga barcha zarur sharoitlar yaratib beriladi. Lekin endi ular ana shu imkoniyatlardan unumli foydalanishga bor kuchi bilan harakat qilishlari lozim. Ushbu loyihaning muvaffaqiyatiga ishonch hosil qilgan Prezidentimiz bunday issiqxonalar sonini 10 mingtaga yetkazish yuzasidan ko‘rsatma berdi.

Ikkinchidan, Namanganda davlatimiz rahbari yana kambag‘allikni bartaraf etish masalasini ko‘tardi. Uzoq vaqt davomida barcha darajalarda taqiqlangan muammoni hal qilish hozirgi kunda hukumatning asosiy vazifasiga aylanmoqda.

Bu muhim va murakkab jarayonda kambag‘allikni qisqartirish uchun odamlarga nafaqa berish emas, balki ularning ishlab, daromad topishiga tegishli imkoniyatlar yaratishga asosiy e’tibor qaratiladi. Bunday yondashuv iqtisodiy istiqbol va kambag‘allikni qisqartirish nuqtai nazaridan eng oqilona va to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi.

Ana shu mantiqqa amal qilgan holda, aholining tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish uchun shart-sharoitlar yaratiladi. Grantlar, imtiyozli kreditlar beriladi va aylanma mablag‘larni ta’minlash uchun moliyaviy mablag‘lar ajratiladi. Uning 2,3 trillion so‘mi tadbirkorlarni aylanma mablag‘lar bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun boshqa manbalar hisobidan yana 350 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Bundan tashqari, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kam ta’minlangan oilalarning 12 mingdan ortiq ishsiz a’zolarini band qilish rejalashtirilgan. Bu, o‘z navbatida, yil oxiriga qadar shuncha oilani nochor ahvoldan olib chiqish imkonini beradi.

Uchinchidan, har bir viloyatga manzilli yondashish va uning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olish ustuvor ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari haqli ravishda “O‘zbekistonda har bir hudud boshqasiga o‘xshamaydi” va “Namanganning o‘z rivojlanish yo‘li bo‘lishi kerak”, deya ta’kidladi.

Bu borada viloyatning mavjud salohiyati va ustun jihatlaridan maksimal darajada foydalanishga e’tibor qaratildi. Shu tariqa uning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, kelgusida rivojlanishini belgilaydigan sohalar aniqlandi. Ya’ni Namanganda juda ko‘p tajriba to‘plangan tarmoqlar belgilab olindi.

Masalan, tuman va shaharlar kesimida xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish dasturi ishlab chiqilyapti, ushbu loyihalar uchun 80 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Viloyatda chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik sohalaridagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ham ko‘zda tutilgan. Birgina 2020 yilda chorvachilik sohasida 84 ta yangi loyiha joriy etiladi.

Ma’lumki, Pop tumani uzoq yillar davomida a’lo sifatli jun beradigan echkilarni yetishtirishga ixtisoslashgan edi. Afsuski, keyinchalik bu sohaga yetarlicha e’tibor bo‘lmagani tufayli to‘plangan boy tajriba yo‘qolib ketdi. Davlatimiz rahbari tomonidan ana shu noyob tajribani qayta tiklash va ushbu serdaromad sohani rivojlantirish vazifasi qo‘yildi. Hozirgi kunda tumanda jun tayyorlash va qayta ishlash klasteri tashkil etilmoqda. Shu bilan birga, Pop va Chust tumanlaridagi 1,5 mingta xonadonga shartnoma asosida 20 ming bosh qo‘y-echki tarqatiladi.

Viloyatning o‘ziga xos tajribasi hisobga olinganiga yana bir misol — baliqchilikni rivojlantirish bilan bog‘liq. Uchqo‘rg‘on tumanida bu sohaning istiqbolli va daromadli tarmoq ekanini ko‘rish mumkin. Shuningdek, Mingbuloq, Uychi, Pop, Norin tumanlarida baliqchilik yo‘nalishida qariyb 300 milliard so‘mlik 75 ta yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

To‘rtinchidan, Namangan viloyati hududlarining iqlim va tuproq sharoiti imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, ularga mos bo‘lgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini parvarishlashga alohida e’tibor qaratiladi. Masalan, Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlari bog‘dorchilik hududlari sifatida belgilangan.

Darhaqiqat, fermerlarning talabni bozorning o‘zi belgilab beradigan mahsulotlarni yetishtirishi juda muhim masala. Ilgari 90 foiz e’tibor va kuch paxtachilikka qaratilgan, ammo samara minimal darajada edi. Butun respublika bo‘yicha paxta eksporti 1 milliard dollarni tashkil etardi, xolos. Namanganda bu ko‘rsatkich yanada kam — atigi 70 million dollar bo‘lgan.

Klaster tizimi rivojlanishi bilan xomashyo qayta ishlanib, qo‘shilgan qiymatni ta’minlaydigan zamonaviy ishlab chiqarish ob’yektlari ishga tushirildi, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. Buning natijasi o‘laroq, viloyatning iqtisodiy va eksport salohiyati oshib, aholi daromadlari o‘smoqda.

Klaster tizimi, shuningdek, fermerlarning asosiy “bosh og‘riq”laridan birini, ya’ni, mahsulotni sotish muammosini hal etish imkonini beradi. Endi dehqon o‘z mahsulotlarining xaridori aniq ekani va uning kafolatli sotilishiga amin bo‘lishi mumkin. Bunday holat fermer xo‘jaliklari uchun tavakkalchilik va xavfni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.

Beshinchidan, viloyatning ishlab chiqarish salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu borada 75 foizi xususiy kapitaldan iborat bo‘lgan Namangan viloyatining kichik sanoat zonasini misol tariqasida keltirish o‘rinlidir. Bu haqiqatan ham noyob tajriba. Xususiy kapitalning jalb qilinishi, shubhasiz, ushbu zonaning samarali rivojini va uning muvaffaqiyatini ta’minlaydi. Korxonaning foydasi va rivojlanishidan bevosita manfaatdor mulkdor paydo bo‘ldimi, ijobiy natija uzoq kuttirmaydi.

Bugungi kunga kelib, viloyatdagi kichik sanoat zonalarida 311 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish salohiyatiga ega 32 ta loyiha yakuniga yetkazildi. Mazkur ishlab chiqarish ob’yektlarining to‘liq quvvat bilan ishlay boshlashi 7 300 ta yangi ish o‘rni yaratish va yiliga 7,8 million dollarlik mahsulotni eksport qilishga imkon ­tug‘diradi.

Oltinchidan, viloyatda manzilli ijtimoiy dasturlar ham nazardan chetda qolayotgani yo‘q. Bu yerda 4 ming 400 xonadonga mo‘ljallangan uy-joylar qurish rejalashtirilgan. Ularning 750 tasi imtiyozli kreditlar bo‘yicha beriladi. Yana 1 300 oilaga dastlabki badalni to‘lash uchun subsidiyalar taqdim etiladi.

Qo‘shimcha uy-joy maydonlarining paydo bo‘lishi kvartiralar narxini pasaytirish imkonini beradi. Uni endi sun’iy ravishda ushlab turib bo‘lmaydi. Bu yanada ko‘proq oilalar shaxsiy, zamonaviy uy-joy sotib olish imkoniga ega bo‘ladi, degani.

Yana bir muhim masalani alohida ta’kidlash lozim.

Viloyatda 2020 yilda kasb-hunarga o‘rgatish, imtiyozli kreditlar ajratish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali 20 ming nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlanadi. Qiyin sharoitlarda yashayotgan 294 nafar ayolning uy-joy sotib olishi uchun boshlang‘ich badali to‘lab beriladi va ularga imtiyozli kredit ajratiladi.

Yuqorida qayd etilgan misollar ijtimoiy sohani rivojlantirish va aholining zaif qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarning faqat bir qismi, xolos. Birgina shu yilning o‘zida ana shu maqsadlar uchun respublika byudjetidan viloyatga qo‘shimcha 100 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Tabiiyki, ushbu vazifalar juda keng ko‘lamli ekani va ularning ­barchasini bir vaqtning o‘zida hal etish qiyinligi hammaga ayon.

Asosiysi, ularni ijro etish jarayoni qat’iy nazorat ostida bo‘ladi. Prezidentimiz soxta hisobotlar davri o‘tganini, endi aniq natijalarga erishish vaqti kelganini ochiq-ravshan bayon qildi.

Va bu vazifalarni amalda bajarish uchun mas’uliyat va javobgarlik hukumat mutasaddilari va joylardagi rahbarlardan qattiq talab qilinadi. Viloyat hokimining “dushanbadan — shanbagacha” tumanlarda bo‘lishi va mavjud muammolarni hal etishi zarurligi ochiq-oydin ko‘rsatib o‘tildi. Faqat shu yo‘l bilan qabul qilingan qarorlarning qog‘ozda qolib ketmasligini, belgilangan barcha vazifalarning amalga oshirilishini ta’minlash mumkin.

Davlatimiz rahbari bu borada mahalliy kengashlar, xususan, qarorlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi ustidan qat’iy nazorat olib borishi lozim bo‘lgan deputatlar muhim rol o‘ynashi kerakligiga urg‘u berdi. Buning uchun xalq vakillari soya-salqin, qulay kabinetlardan chiqib, joylarda faol harakat qilishlari, jasur va murosasiz bo‘lishlari hayot talabi ekani yana bir bor ta’kidlandi.

Ayni paytda fuqarolarning o‘zlari ham bu jarayonlarda bevosita, keng ishtirok etishlari zarur. Prezidentimiz aytganidek, “nafaqat hokim va viloyat rahbarlari, barchamiz uyg‘onishimiz kerak”. Davlat bizga hamma narsani qilib berishi va hal etishi kerak, deb eskicha o‘ylashni to‘xtatish lozim.

Barchamiz yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishimiz, o‘z zimmamizdagi vazifani halol va vijdonan, faol va ijodkorlik bilan ado etishimiz kerak. Yana bir muhim masala — endi tashabbusning jazolanmasligi, aksincha, qo‘llab-quvvatlanishini esdan chiqarmasligimiz zarur. Bugun ana shunday fikr bilan yashash va mehnat qilish vaqti keldi.

Eldor ARIPOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik

va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori

Manba: Yuz.uz

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar