Hududlarni rivojlantirish uchun 1,5 trln so‘m ajratiladi

Hududlarni rivojlantirish uchun 1,5 trln so‘m ajratiladi

“O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini shakllantirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2021 yilda O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun 17,1 trln so‘m, shuningdek, Prezident topshiriqlariga muvofiq hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun 1,5 trln so‘m mablag‘lar ajratiladi.

Tuman markazlari va shaharlarning me’moriy qiyofasini zamonaviylashtirish va obodonlashtirishga 2021 yilda 1,4 trln so‘m mablag‘ ajratiladi.

Mudofaa va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga ularning byudjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan mablag‘lar ajratilishi munosabati bilan, ularga yo‘naltiriladigan markazlashgan investitsiya hajmlari mos ravishda qisqartiriladi.

2022 yildan byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga kiritiladi.

Qarorga ko‘ra, 2021 yilda eksperiment tariqasida 10 ta ob’yektga injiniring xizmatlarini ko‘rsatish uchun tadbirkorlar jalb etiladi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi va boshqa xalqaro tuzilmalar hamkorligida “Davlat investitsiyalarini boshqarishni baholash (PIMA)” tizimi sinov tariqasida ayrim tarmoqlarda qo‘llaniladi, keyinchalik bosqichma-bosqich keng joriy qilinadi.

Qarorga ko‘ra, 2021-2023 yillarda O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirish va amalga oshirish doirasida, jumladan:

  • tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari va birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarining moddiy-texnik bazasi rivojlantiriladi, shuningdek, tarmoqda davlat-xususiy sheriklik loyihalari kengaytiriladi;
  • umumta’lim maktablarini jihozlash uchun ajratiladigan mablag‘larni 2 baravarga ko‘paytirish hisobiga xizmat muddati 10 yildan oshgan o‘quv partalari 2021 – 2022 yillarda to‘liq yangilanadi;
  • maktabgacha ta’lim tashkilotlari, birinchi navbatda, aholisi nisbatan zich joylashgan va qamrov darajasi past bo‘lgan aholi yashash punktlarida hamda yangi barpo etilayotgan massivlarda quriladi;
  • OTMlarni qurish-ta’mirlash va jihozlash ishlariga vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari mablag‘lari keng jalb qilinadi hamda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘larning bir qismi yo‘naltiriladi;
  • ichimlik suvi tannarxini pasaytirish va suv yo‘qotishlarini kamaytirish maqsadida, sohaga ajratiladigan mablag‘larning 10 foizi energiya tejamkor uskuna-jihozlarni o‘rnatish va maxsus texnikalarni xarid qilishga yo‘naltiriladi;
  • xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga xalqaro moliya institutlari hamda xususiy sheriklarning mablag‘lari keng jalb qilinadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar