Obid Hakimov: Karantin hozir kuchaytirilmasa, dekabrgacha koronavirusga chalinganlar soni 64 mingga yetishi mumkin

Obid Hakimov: Karantin hozir kuchaytirilmasa, dekabrgacha koronavirusga chalinganlar soni 64 mingga yetishi mumkin

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimovning bildirishicha, O‘zbekistonda 10 iyuldan 1 avgustga qadar davom etishi kutilayotgan kuchaytirilgan karantin tartibi iqtisodiyot va aholi daromadlariga bahordagi karantin kabi jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

“Cheklov choralarining hozirgi bosqichini ob’yektiv ravishda avvalgisi bilan solishtirib bo‘lmaydi, chunki hozirgi cheklovlar asosan xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish sohalari, ya’ni odamlarning ommaviy to‘planishi bilan bog‘liq bo‘lgan tarmoqlarga tegishli. Amaldagi chora-tadbirlar virus tarqalishini sekinlashtirishga qaratilgan. Bir vaqtning o‘zida kamroq odam yuqtirsa, o‘ta og‘ir bemorlarni davolash osonroq bo‘ladi.

Joriy karantin sabab iqtisodiy faoliyatning umumiy pasayishini ham kutmaslik kerak. Faoliyati to‘xtab qolgan korxonalarning kamida 70 foizini sentyabr oyigacha, qolgan barchasini esa 2020 yil oxirigacha qayta ishga tushishi kutilmoqda — bu hukumat topshirig‘i bilan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tayyorlangan prognozda o‘z aksini topgan.

Pandemiya yaqin orada susaymaydi va iqtisodiy faoliyat epidemiologik vaziyatga qarab olib boriladi. Aytishim mumkinki, agar epidemiyaning yangi to‘lqini boshlanganligi sababli karantin choralari kuchaytirilmasa, markazimiz prognozlariga ko‘ra, 2020 yilning dekabr oyiga qadar koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni deyarli 64 ming bemorga yetishi mumkin, ushbu bemorlarni parvarish qilish uchun esa qo‘shimcha 3,6 trillion so‘m mablag‘ kerak bo‘ladi.

Taqqoslash uchun, bugungi kungacha O‘zbekistonda koronavirusning tarqalishiga qarshi kurash xarajatlari (testlar, dorilar, himoya vositalari, tibbiyot xodimlariga to‘lanadigan to‘lovlar) uchun 750 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflangan. Shundan kelib chiqib, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari joriy etilgan cheklovlarni maqsadga muvofiq deb topgan.

Karantin choralarini kuchaytirish samarasini 15—20 kun ichida baholash mumkin bo‘ladi. Hammasi biz bu choralarga qanchalik rioya qilishimizga bog‘liq. Albatta, iqtisodiyot yangi xavf-xatarlarga moslashishi kerak va ayni paytda iqtisodiyot sohalari kasal fuqarolar soniga qarab ochilishi yoki yopilishi mumkin”, deydi Obid Hakimov.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar