Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga yana 200 mln dollar kredit ajratishi mumkin

Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga yana 200 mln dollar kredit ajratishi mumkin

Energetika vazirligi «Elektr energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi byudjetini qo‘llab-quvvatlash uchun Osiyo taraqqiyot bankining 200 million AQSh dollari miqdoridagi kreditini jalb qilish to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Loyihaga ko‘ra, 2020 yil 14 avgustda O‘zbekiston va OTB o‘rtasida kredit shartnomasi muzokaralari o‘tkazilganligi, shuningdek, 2020 yil 28 sentyabrda OTB direktorlar kengashi tomonidan elektr energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda O‘zbekiston byudjetini qo‘llab-quvvatlash uchun 3 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 15 yil muddatda qaytarish sharti bilan 200 million AQSh dollari miqdorida kredit (Policy Based Loan) ajratilishini ko‘rib chiqadi.

Belgilab qo‘yilishicha:

  • OTB krediti O‘zbekistonning respublika byudjeti xarajatlarini hamda qisman «Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish» loyihasini moliyalashtirish uchun ajratiladi;
  • Moliya vazirligi loyihaning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish, OTB tomonidan ajratilgan kreditdan maqsadli hamda samarali foydalanilishi yuzasidan ijro etuvchi organ hisoblanadi;
  • OTB asosiy kreditini so‘ndirish, shuningdek, ular bo‘yicha foizlar, majburiyat uchun to‘lovlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Moliya vazirligi elektr energetikasi sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda byudjetni qo‘llab-quvvatlash (Policy Based Loan) uchun OTB tomonidan ajratilgan kredit hisobidan «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatiga loyihani moliyalashtirishga 82 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larni, o‘n besh yil muddatga uch yillik imtiyozli davri bilan olti oylik LIBOR+1,25 foiz (bunda 0,75 foiz Moliya vazirligi ustamasi) to‘lash sharti bilan kredit ajratadi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati loyihaning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish, Moliya vazirligi tomonidan ajratilgan kreditdan maqsadli hamda samarali foydalanilishi yuzasidan mas’ul organ etib belgilanadi.

O‘zbekiston moliya vaziriga elektr energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda O‘zbekiston byudjetini qo‘llab-quvvatlash uchun OTBning 200 million AQSh dollari miqdoridagi (Policy Based Loan) kreditini jalb etish uchun O‘zbekiston va OTB o‘rtasida qarz bitimini O‘zbekiston nomidan imzolash vakolati beriladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar