O‘zbekiston iqtisodiyotini yanada yuksaltirishning 8 ustuvor yo‘nalishi Bryussel press-klubida qiziqish uyg‘otdi

O‘zbekiston iqtisodiyotini yanada yuksaltirishning 8 ustuvor yo‘nalishi Bryussel press-klubida qiziqish uyg‘otdi

Joriy yilning 10 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov, mamlakatimizning Benilyuksdagi elchisi Dilyor Hakimov, Bryussel xalqaro press-klubi ijrochi direktori Loran Brixay va tashqi aloqalar bo‘lim boshlig‘i Gregor Kupper ishtirokida bo‘lib o‘tgan onlayn video anjumanda O‘zbekiston iqtisodiyotini yanada rivojlantirishning ustuvor 8 ta asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda tomonlar yevropalik jurnalistlar o‘rtasida yangi media-loyiha “O‘zbekiston haqida eng yaxshi maqola” tanlovini o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olishdi.

Ma’lumot uchun: Joriy yilning 17-23 fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi hukumat delegatsiyasi Yevropa Ittifoqi (YeI) poytaxtida ishchi safari bilan bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining direktori O. Hakimov, Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha menejeri O. Olimjonov, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti prorektori G. Ismoilovalar ishtirok etgan.

Ushbu uchrashuv avvalgi erishilgan dastlabki kelishuvlarning davomi bo‘ldi.

Uchrashuvning asosiy mavzusi media-loyihani amalga oshirish masalasi – O‘zbekiston haqida eng yaxshi maqola bo‘yicha xalqaro press-klubning Yevropa jurnalistlari a’zolari o‘rtasidagi tanlov bo‘lib, bu orqali xalqaro OAVlarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini oshiradi. Tanlovdan ko‘zlangan maqsad, xalqaro maydonda O‘zbekiston obro‘sini oshirish.

Loyiha jahon hamjamiyatiga O‘zbekiston to‘g‘risida ishonchli axborot, amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, investorlarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi chora-tadbirlar, integratsiya jarayonlarini rivojlantirish, inqiroz davrida biznesni qo‘llab-quvvatlash, to‘qimachilik va O‘zbekistonning turizm sohasidagi ijobiy imidjini taqdim etishni ko‘zda tutadi.

Muloqot chog‘ida tomonlar 9 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashga doir dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish va iqtisodiyotda o‘sish sur’atlarinining 8 ta asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston hukumatining aniq maqsadli va chuqur o‘ylangan strategiyasi global iqtisodiy inqiroz sharoitida yalpi ichki mahsulotning yanada o‘sishini ta’minlashga imkon beradi.

Muzokaralar yakunida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbariyati Yevropa jurnalistlariga maqolalarni yozishlarida markaz tadqiqotlari va zarur bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etish orqali axborot yordamini ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Tanlovning dastlabki sanalari yaqin vaqt ichida – 2020 yil iyun-avgust oylarida aniqlanadi.

Ma’lumot uchun: Bryussel press-klubi 2010 yil Belgiya poytaxtida joylashgan xalqaro jurnalistlar tashabbusi bilan tashkil etilgan. Tashkilot 1 mingdan ortiq jurnalistlarni birlashtiradi, brifinglar, anjumanlar va muhokamalar maydoni sifatida xizmat qiladi. Press-klubning aloqa bazasida Yevropa Ittifoqining rasmiy, diplomatik va ekspert- tahlil doiralarining 2 mingdan ortiq vakillari mavjud.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar