O‘zbekistonda COVID-19 yuqtirib olgan xorijlik sayyohlarga 3000 AQSh dollari to‘lab beriladi

O‘zbekistonda COVID-19 yuqtirib olgan xorijlik sayyohlarga 3000 AQSh dollari to‘lab beriladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan mamlakatda chet ellik sayyoh koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan taqdirda, unga 3000 dollar tovon puli to‘lab berilishi belgilandi.

Hujjat bilan «Uzbekistan. Safe travel guaranteed» (O‘zbekiston. Kafolatlangan xavfsiz sayohat) sanitariya-epidemiologik tizimi joriy etilib, ushbu tizim chet ellik sayyohlar uchun o‘ziga xos «havo yostig‘i»ga aylanishi kerak.

Ushbu tizimning bir qismi sifatida Xavfsiz turizm jamg‘armasi tashkil etilmoqda. Uni moliyalashtirish manbasi sifatida Inqirozga qarshi fondidan 20 milliard so‘m, shuningdek sertifikatlash to‘lovlari kiradi.

Milliy innovatsion sog‘liqni saqlash palatasi raisi Ravshan Izamov «O‘zbekiston 24» ga bergan intervyusida mahalliy va xorijiy sayyohlar o‘zlarining xavfsizligiga amin bo‘lishlari kerakligini aytib o‘tdi.

«Ular koronavirus infeksiyasining har qanday shakli — nafaqat virus, nafaqat bakteriyalar, balki sanitariya va epidemiologik farovonlikka tegishli boshqa muammolar ham ularga ta’sir etmasligiga amin bo‘lishlari kerak. Tur operatorlari, mehmonxonalar va turizm sohasi bilan bog‘liq bo‘lganlar bir qator zarur talablar bajarilgandan so‘ng ularga maxsus sertifikat beriladi… Ushbu sertifikat ularga sayyohlar bilan ishlashga imkon beradi», dedi Ravshan Izamov.

Mazkur sertifikat olish uchun beriladigan dastlabki badal haqida gapirganda, Ravshan Izamov tadbirkorlar uchun sertifikatlashtirish tizimi ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishini ta’kidladi.

«Agar chet ellik sayyoh koronavirus infeksiyasini yuqtirib olsa, unga 3000 dollar tovon puli to‘lab beriladi. Ushbu amaliyot dunyoning ko‘plab mamlakatlarida keng qo‘llaniladi. Turoperator tomonidan karantin davrida chet ellik turistlarga xizmatlar faqat „Uzbekistan. Safe travel guaranteed“ reyestriga kiritilgan ob’yektlarda amalga oshirilishi mumkin. Turistik hududlarning ma’muriy kengashini boshqarish hukumat rahbariga yuklatildi», — ta’kidlanadi «O‘zbekiston 24» tayyorlagan reportajda.

Shuningdek, davlat aktivlari — turistik ob’yektlarni sotishdan tushgan mablag‘lar byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar zamonaviy infratuzilmani shakllantirish uchun Turizmni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Xususiy majmualarni turistik zonalarga o‘tkazilishining 75 foizi ushbu zonalar ma’muriyatiga va qolgan 25 foizi Turizmni rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar