O‘zbekistondagi 500 mingdan ortiq aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi

O‘zbekistondagi 500 mingdan ortiq aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi

Jahon bankining Direktorlar kengashi 12 mart kuni O‘zbekistonda suv ta’minoti tizimini rivojlantirish va uni institutsional qo‘llab-quvvatlash loyihasini moliyalashtirish uchun Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasidan 239 millionlik kredit ajratilishini tasdiqladi. Bu haqda Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘zbekistonda suv ta’minoti va kanalizatsiya infratuzilmasi, asosan, Sovet davrida yaratilgan. Bugungi kunda u eskirgan va kapital rekonstruksiya qilishni va yanada kengaytirishni talab qiladi. Biroq ushbu infratuzilmani yangilash bo‘yicha ish sur’ati, uning mavjud quvvati va texnik xizmat ko‘rsatishi o‘sib borayotgan aholi ehtiyojlarini qondirmaydi. Ushbu omillar mamlakatning ko‘plab hududlarida suv ta’minoti va kanalizatsiya sifatining pasayishiga olib keldi”, degan Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori.

Ushbu loyihani amalga oshirish natijasida O‘zbekistonning uchta hududidagi 500 mingdan ortiq aholi yanada sifatli suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlaridan foydalana olishi kutilmoqda.

Loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus, Taxiatosh va Xo‘jayli shaharlarida oqava suv tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Sirdaryo viloyatida va Samarqanddagi Kattaqo‘rg‘on shahrida ham suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlari kengaytirilib, rekonstruksiya qilinadi.

Loyihaning asosiy maqsadlaridan biri bu butun O‘zbekiston bo‘ylab energiya va suv yo‘qotishlarini kamaytirishdir. Bunga suv ta’minoti xizmatlari sohasida energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini moliyalashtirish mexanizmini, shuningdek, mahalliy suv kanallari foydalanishi mumkin bo‘lgan suv iste’molini hisoblash dasturlarini joriy qilish orqali erishish mumkin.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar