Prezident 258 nafar mahkumni afv qildi

Prezident 258 nafar mahkumni afv qildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida xalqimizga xos mehr-oqibat, ezgulik, xayr-saxovat kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida «Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi, deya xabar qildi O‘zA.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 258 fuqaro afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 16 nafari asosiy jazodan ozod etiladi, 101 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 24 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtiriladi. Shuningdek, 117 shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 7 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 1 nafarini ayol, 7 nafarini chet davlat fuqarolari, 164 nafarini taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilari tashkil etadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar