Prezidenti huzurida Jamoatchilik palatasi tashkil etildi

Prezidenti huzurida Jamoatchilik palatasi tashkil etildi

16 aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish to‘g‘risida” Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, Prezident huzurida Jamoatchilik palatasi va har bir hududda uning bo‘limlari tashkil etiladi.

Fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini faollashtirishga hamda davlat-xususiy sheriklikning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga ko‘maklashish Jamoatchilik palatasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biridir.

Jamoatchilik palatasi jamoatchilik asosida ishlaydigan 50 nafar a’zodan iborat bo‘lib, ularning:

  • 18 nafari Prezident tomonidan tayinlanadi;
  • 18 nafari mahalliy NNTlar, OAV va keng jamoatchilik vakillari taqdim etgan nomzodlar orasidan tanlab olinadi;
  • 14 nafari hududiy jamoatchilik palatalari vakillaridan iborat.

Hududiy jamoatchilik palatasi jamoatchilik asosida ishlaydigan 21 nafar a’zodan iborat bo‘lib, ular hududlarda faoliyat olib borayotgan NNTlar, ilmiy doiralar, OAVlar va keng jamoatchilik vakillaridan shakllantiriladi.

Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari a’zolarining vakolat muddati – 3 yil.

Farmon bilan Prezident huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi va Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi faoliyati tugatildi.

Shuningdek, “Mening fikrim” veb-portali Jamoatchilik palatasi tasarrufiga o‘tkazildi.

Jamoatchilik palatasi:

  • Prezident va Oliy Majlisi palatalariga fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari to‘g‘risida yillik milliy ma’ruzalarni taqdim etadi;
  • Konstitutsiyaga o‘zgartirish hamda tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi takliflar, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uyg‘otadigan o‘ta muhim va dolzarb masalalarga doir qonun hujjatlari loyihalarini ko‘rib chiqadi;
  • davlat organlariga qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan tushuntirish berish talabi bilan Jamoatchilik palatasi so‘rovini yuborish huquqiga ega.

Jamoatchilik palatasi Raisi maqomiga ko‘ra vazirga, raisning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari esa tegishlicha vazirning birinchi o‘rinbosari va vazir o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar