Qodiriya GES modernizatsiyasi: gidroenergetik quvvatlarni oshirish sari

Qodiriya GES modernizatsiyasi: gidroenergetik quvvatlarni oshirish sari

Zamonaviy O‘zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida mamlakatimiz energetika tarmog‘ining ajralmas bo‘g‘ini hisoblangan gidroenergetika sohasida ham izchil islohotlar bosqichma-bosqich olib borilmoqda.

Mamlakatimiz gidroenergetika sohasining bosh tashkiloti hisoblangan “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan so‘nggi yillarda investitsiyaviy loyihalar asosida yangi gidroelektr stansiyalarni qurish, uzoq yillardan buyon ishlab kelayotgan GESlarni zamon talablari asosida modernizatsiya qilish ishlari yuqori sur’atlarda olib borilmoqda.

Ta’kidlash joizki, “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan qayta tiklanuvchi elektr energiyasini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish, istiqbolli va samarali loyihalar asosida investitsiya mablag‘larini jalb qilish, rejali tartibda o‘zlashtirish, yangi gidrotexnik ob’yektlarni ekspluatatsiyaga topshirish, uzoq yillar mobaynida ishlab kelayotgan GESlarni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishdagi mahalliylashtirish jarayonlarini kengaytirish borasidagi ishlar qizg‘in ravishda amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekgidroenergo” AJ mamlakatimizning tabiiy suv resurslaridan samarali foydalanib, xalqimiz xonadonlaridagi yorug‘lik manbai barqarorligini, aholini qayta tiklanadigan, ekologik toza va arzon elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash jarayoniga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Yurtimizda murakkab pandimiya sabab joriy etilgan qat’iy karantin sharoitida ham, tizimli ishlar olib borilib, Jamiyat bilan hamkorlik qilayotgan XXR dan soha mutaxasislarning bir guruhi Qodiriya GES-3 modernizatsiyasiga jalb qilindi hamda hukumat yordami bilan O‘zbekistonga yetib kelishdi. Bu esa o‘z navbatida, GESda rejaga binoan o‘z vaqtida modernizatsiya ishlarining tugallanishida muhim o‘rin tutdi. Shu o‘rinda, bu borada har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatgan Hukumatimizga, Tashqi ishlar hamda Investitsiya va tashqi savdo vazirligiga alohida minnatdorlimizni bildiramiz.

2020 yil 29 iyul kuni Chirchiq-Bo‘zsuv suv-energetik traktidagi “Qodiriya GESlar kaskadi” unitar korxonasi tarkibidagi Qodiriya GES (GES-3) da olib borilgan modernizatsiya jarayonlari yakunlari hamda ushbu GESning ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbirda “O‘zbekgidroenergo” AJ rahbariyati, “Qodiriya GESlar kaskadi” UK mas’ul vakillari hamda xorijiy mutaxassislar ishtirok etdi.

Qayd etish joizki, 1933 yilda qurilgan mazkur GESning o‘rnatilgan umumiy quvvati 13,2 MVt dan iborat. Qariyb 85 yildan buyon ishlab kelayotgan GESning 4 ta agregati ishlash quvvatini samaradorligini yo‘qotib, ta’mirga muhtoj bo‘lib qolgan edi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017 yilda Qodiriya GES (GES-3) modernizatsiyasi bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinib, 2017 yilning dekabr oyida belgilangan loyiha asosida qurilish ishlari boshlab yuborilgan edi. Qariyb uch yil mobaynida GESda investitsiyaviy loyihalar asosida, bosqichma-bosqich modernizatsiya ishlari olib borildi.

Reja asosidagi modernizatsiya ishlari mobaynida GESda qurilish-montaj, texnik qurilmalarni yig‘ish va o‘rnatish, ehtiyot qismlarni butlash ishlari izchillik bilan olib borildi.

Asosiy gidrotexnik jihozlar Xitoy Xalq Respublikasining yetakchi kompaniyasi “Dongfang Electric International Corporation” tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu texnik jihozlash, texnik qurilmalarni yig‘ish, ehtiyot qismlarni butlash ishlari xorijiy va mahalliy malakali mutaxassislar tomonidan amalga oshirildi.

Loyihalashtirish ishlari tizim tashkiloti hisoblangan “Gidroproyekt” AJning malakali mutaxassislari tomonidan bajarildi. Yana bir tizim tashkiloti hisoblangan “Suvsanoatmash” AJ tomonidan modernizatsiya jarayonida ishlatiladigan zarur texnik jihozlar yetkazib berildi. Shuningdek, “O‘zbekgidroenergoqurilish” AJ tomonidan o‘ziga ajratilgan ob’yektlarda rejali tartibda, bosqichma-bosqich hamda izchil ravishda qurilish ishlari amalga oshirildi.

Modernizatsiya ishlari yakunlanganidan so‘ng, GESning umumiy quvvati 15,34 MVt ga yetkazildi. GESning yillik o‘rtacha elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 124 mln.kVt.soatga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

Alohida qayd etish joizki, Qodiriya GES (GES-3) modernizatsiyasi loyihasida tunu-kun tartibidagi ish jarayonlari tashkil etilib, ishchi-xodimlar tomonidan izchil va samarali faoliyat olib borildi. Ayniqsa, dunyo davlatlari qatori mamlakatimizda ham hukm surayotgan tahlikali va murakkab koronavirus pandemiyasi sharoitida “O‘zbekgidroenergo” AJ va tizim tashkilotlarining fidoyi, matonatli faoliyatini alohida ta’kidlash lozim. Ushbu murakkab vaziyatda, soha mutaxassislari barcha karantin qoidalariga to‘la rioya qilgan holda, modernizatsiya ishlarini reja asosida yakunlash jarayonida bor kuch-g‘ayratlarini ayamasdan, jonbozlik ko‘rsatishdi.

Soha mutaxassislarining jonkuyarligi, fidoyiligi hamda samarali mehnatlari natijasida yurtimizning gidroenergetika salohiyati yanada yuksalmoqda.

Gidroenergetika sohasining taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, yangi GESlar qurilayotgan, modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar joylashgan hududlar aholisining turmush farovonligini oshishiga, ishlab chiqarish sub’yektlarining elektr quvvatlari bilan ta’minlanishiga, tom ma’noda, xalqimiz farovonligini ortishiga mustahkam zamin yaratadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar