Senat O‘zbekistondagi yirik monopol kompaniyalarni muhokama qildi

Senat O‘zbekistondagi yirik monopol kompaniyalarni muhokama qildi

5 oktyabr kuni Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining videokonferensaloqa tarzidagi sayyor majlisi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasida bo‘lib o‘tdi. Unda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports”, “O‘zbekiston temir yo‘llari” hamda “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan ijro etilishi holati muhokama qilindi. Bu haqda Oliy Majlis Senati Axborot xizmati xabar qildi.

Ta’kidlanganidek, majlisda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun ijrosi holatiga e’tibor qaratildi.

Temir yo‘l sohasida raqobatbardoshlikni oshirish va raqobat muhitini rivojlantirish holatiga salbiy ta’sir etuvchi bir qator omillar mavjudligi to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Qayd etilganidek, ichki bozorda raqobatning mavjud emasligi sababli “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ xizmatlar sifatini oshirish va moslashuvchan tarif siyosatini qo‘llashdan manfaatdor emas.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda ixtisosli bo‘lmagan aktivlarning mavjudligi temir yo‘l sanoatini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan katta hajmdagi moliyaviy mablag‘larni jalb etish imkoniyatini cheklamoqda.

Shu bilan birga, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan bugungi kunda mijozlar uchun nihoyatda ko‘p qulaylik yaratadigan raqamli mahsulotlarni qo‘llash tizimi sust tashkil etilgan.

Yana bir jihat. O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ inventar parkining eskirish darajasi yuqori bo‘lib, vagonlar yetishmaydi. Mavjud barcha vagonlarning 80 %dan ko‘prog‘ining yosh tarkibi 30 yildan ortiqni tashkil etadi.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tizimida raqobatni cheklashning turli shakllari qo‘llanib kelinmoqda. Xususan, jamiyat faqat 4 ta ekspeditorlik tashkilotlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzgan. Boshqa ekspeditorlarning faqat ushbu tashkilotlar orqali faoliyat olib borishlari tashkil etilib, bu esa ishtirokchilarga tovar, moliya va xizmatlar bozorlarida tengsizlikni keltirib chiqarmoqda.

Aholiga xizmat ko‘rsatish tizimida vokzallarga kirish tartibi haddan tashqari tartibga solinib, byurokratik tamoyillarning kuchaytirib yuborilganligi natijasida vokzallarning o‘zini-o‘zi ta’minlashi uchun imkoniyatlardan yuqori darajada foydalanish mumkin bo‘lgan xalqaro tajribalar amalga qo‘llanilmasdan kelinmoqda.

Bundan tashqari, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tegishli boshqarmalari buyruqlari bilan “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi xalqaro aeroportlar mazkur yo‘nalishdagi xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha tabiiy monopoliya sub’yekti sifatida davlat reyestriga kiritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK direksiyasi negizida “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan. Qolaversa, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK tarkibiga kiradigan 14 ta davlat unitar korxonasini mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga aylantirilib “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan.

O‘tkazilgan tahlillar jarayonida havo transporti sohasining ichki va tashqi bozorda raqobatbardoshlik holatiga salbiy ta’sir etuvchi bir qator omillar aniqlangani majlisda qayd etildi. Jumladan, “Uzbekistan Airways” AJ mintaqaviy va xalqaro darajadagi parvozlarni amalga oshiruvchi yagona milliy kompaniya ekanligidan raqobat muhiti bo‘lmagan sharoitda kompaniyaning faoliyat samaradorligini oshirishga qiziqishi mavjud emas.

2010 yildan buyon kompaniyaning parvozlar soni bor-yo‘g‘i 15% ga oshgan. Havo texnikasining kam miqdordaligi yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirish, parvozlar sonini ko‘paytirish hamda kompaniya samaradorligini oshirish imkoniyatini cheklaydi.

Shu bilan birga, parvozlar sinflarini tanlashning murakkab tizimi, xarid qilinayotgan xizmatlarning muhim shartlari haqida iste’molchilarning axborotga ega bo‘lishiga salbiy ta’sir etmoqda.

Qolaversa, “Uzbekistan Airways” AJ tizimida yuk tashishni rivojlantirish qo‘shimcha daromad manbai sifatida ko‘rib chiqilmagan. Ko‘rsatilgan xizmatlar umumiy hajmida yuk tashish 0,03% ulushni tashkil etadi, bu esa jahon miqyosidagi 35% dan ancha past bo‘lib, yuk tashish salohiyatidan yetarlicha foydalanilmayotganini ko‘rsatadi.

Shuningdek, aeroportlarning zamonaviy ixtisoslashgan uskunalar bilan yetarli darajada jihozlanmaganligi samolyotlarni yuqori sifatli qabul qilish va texnik xizmat ko‘rsatish darajasi pastligiga olib kelmoqda. Natijada aeroportlarning hamkor sifatida jozibadorligi pasaymoqda.

Shuningdek, majlisda “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ijro etilishi holatiga urg‘u berildi.

Ta’kidlanganidek, “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati 1994 yilda maydalovchi po‘lat soqqalar mahsuloti bo‘yicha va 2020 yilda lom va qora metallar chiqindilarini (xarid qilish) tayyorlash xizmati bo‘yicha Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar davlat reyestriga kiritilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyuldagi “O‘zmetkombinat” AJni boshqarish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq “O‘zmetkombinat” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini ishonchli boshqarishga “SFI Management Group” MChJ XK kompaniyasi jalb qilingan.

Mazkur qarorga asosan “O‘zmetkombinat” AJ respublika hududida qora metall parchalari va chiqindilarni tayyorlash (xarid qilish) bo‘yicha yagona vakolatli organ hisoblanadi hamda respublika hududida yig‘ilgan metallolom faqat kombinatga topshirilishi lozim.

Shu bilan birga, qora metallardan metall mahsulotlarini ishlab chiqarish bozorida import qilingan metal parchalari va boshqa metall mahsulotlaridan foydalanib faoliyat yuritayotgan 1,2 mingdan ortiq xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar mavjud bo‘lsa-da, har yili metalldan tayyorlangan mahsulot ishlab chiqarish va sotish uchun tuziladigan xom-ashyo bazasining moddiy balans jadvali boshqa metall quyuvchi korxonalarning ehtiyojlarini hisobga olmagan holda tuziladi.

Bunda metall parchalarini qabul qilish faqatgina “O‘zmetkombinat” AJning tizimidagi “Ikkilamchiqorametallar” bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi. Qora metall parchalari va chiqindilarining xarid qiymatining past narxlarda ekanligi sababli tabdirkorlar va aholi ularni “O‘zmetkombinat” AJ taklif etayotgan narxlarda topshirishdan manfaatdor emas.

Qolaversa, Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasining 2020 yil 13 maydagi 06/1-783-sonli bayonnomasi bilan joriy yilning 1 iyunidan yil oxirigacha “O‘zmetkombinat” AJda ishlab chiqariladigan tovarlarning analogini respublikaga import qilishning taqiqlanishi ham raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Buning oqibatida qurilishda ishlatiladigan metall mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasida 8 yil davomida faoliyat yuritib kelgan “MODERN METALL” MChJ korxonalar guruhi ishlab chiqarishni to‘xtatishi va 700 ga yaqin ish o‘rinlari yo‘qotilishi mumkin.

“O‘zmetkombinat” AJda mavjud individual imtiyoz va preferensiyalar bozorning boshqa ishtirokchilari uchun teng bo‘lmagan sharoit yaratmoqda.

Shuningdek, “O‘zmetkombinat” AJda katta miqdordagi sohaga ta’luqli bo‘lmagan aktivlarining mavjudligi moliyaviy mablag‘lar va vaqt resurslarining noto‘g‘ri yo‘naltirilishiga olib kelmoqda.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Senat qo‘mitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar