Shavkat Mirziyoyev joriy yil iqtisodiyotda o‘sish sur’atlarini ta’minlash uchun 8 ta asosiy yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tdi

Shavkat Mirziyoyev joriy yil iqtisodiyotda o‘sish sur’atlarini ta’minlash uchun 8 ta asosiy yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 iyun kuni milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashga doir dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Koronavirus pandemiyasi butun dunyo uchun katta sinov bo‘lmoqda. Vujudga kelgan global inqiroz barcha mamlakatlar iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatyapti. Jahon bankining prognozi bo‘yicha 2020 yilda yalpi global mahsulot 5,2 foizga, AQShda yalpi ichki mahsulot 6,1 foizga, Rossiyada 6 foizga, Yevropa Ittifoqida 9,1 foizga tushishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Xitoyda 1 foiz, O‘zbekistonda esa 1,5 foiz iqtisodiy o‘sish bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

O‘tgan uch oyda yurtimizda iqtisodiyot tarmoqlariga 2,3 trillion so‘m soliq imtiyozlari berildi, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 3,6 trillion so‘m ajratildi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari yangicha yondashuv va instrumentlarni qo‘llash orqali joriy yil iqtisodiyotda o‘sish sur’atlarini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlar borligini ta’kidlab, shu boradagi 8 ta asosiy yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tdi.

  1. Birinchi – iqtisodiyot va byudjet barqarorligini ta’minlash;
  2. ikkinchi – kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini oshirish;
  3. uchinchi – bank tizimidagi islohotlarni jadallashtirish;
  4. to‘rtinchi – to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni ko‘paytirish;
  5. beshinchi – eksport salohiyatini oshirish va valyuta tushumlarini ta’minlash;
  6. oltinchi – sanoatda raqobatbardoshlikni kuchaytirish;
  7. yettinchi – kichik biznesni rivojlantirish;
  8. sakkizinchi – raqamli texnologiyalarni barcha tarmoqlarda keng joriy qilish ustuvor vazifalar etib belgilandi.

Birinchi masala muhokama qilinar ekan, byudjet tushumi va xarajatlarini optimallashtirish topshirildi. Korxonalar faoliyatini qayta tiklash va soliq ma’muriyatchiligini yaxshilash hisobiga qo‘shimcha daromadlarni ta’minlash, tashqi qarz bitimlarini tuzishda belgilangan cheklovdan oshmaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Ikkinchi yo‘nalish bo‘yicha bu yil 810 mingta doimiy ish o‘rnini qayta tiklash, 310 ming doimiy va 633 mingta mavsumiy ish o‘rni yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar