"Superkontrakt" miqdorlari tasdiqlandi

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdorlari tasdiqlandi (PDF). Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur miqdorlar joriy yil kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballari tasdiqlangan qabul parametrlari chegarasiga 4 balldan ortiq yetmagan va Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan minimal ball (56,7 ball)dan kam bo‘lmagan holda qo‘shimcha ravishda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlarga birinchi o‘quv yili uchun qo‘llaniladi.

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari ushbu ta’lim shakli uchun belgilangan stipendiyasiz bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlariga 10 foizli chegirma qo‘llangan holda hisoblanadi.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning izoh berishicha, narxlar har yilgidan arzonlashtirilgan. Jumladan, juda ko‘p yo‘nalishlarda oddiy kontraktning 8 baravari etib tayinlangan. Ilgari eng arzoni 10 baravar bo‘lardi.

«Masalan, eng arzon kontrakt 5 771 349 so‘m bo‘lsa, demak ushbu yo‘nalishlarning super-kontrakti 46 mln 170 ming so‘m bo‘ladi», — deb yozdi huquqshunos.

Shuningdek, tibbiyot yo‘nalishida ham narx arzonlashgan. Ilgari oliy hamshiralikdan boshqa barcha tibbiyot yo‘nalishida 20 baravar edi. Joriy yilda 15−17 baravar etib arzonlashtirilgan. Moliya-iqtisod yo‘nalishlari ham ilgari 15 baravar edi, joriy yil 10 baravar etib belgilangan. Faqat birgina yurisprudensiya yo‘nalishi o‘zgarmagan — 25 barobar.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar