To‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari eksporti 1 mlrd. dollardan oshdi

To‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari eksporti 1 mlrd. dollardan oshdi

Joriy yilning 7 oy natijalariga ko‘ra to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari eksportini 1 mlrd. dollardan oshirishga erishdi, deb xabar bermoqda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi matbuot xizmati.

Ta’kidlash kerakki, 2020 yilga ko‘zlangan 2 mlrd. dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari eksporti yil boshida karantin cheklovlari bois amalga oshmasligi haqiqatga yaqin edi. O‘zbekiston va xorijiy davlatlarda karantin choralari kuchayishi oqibatida yuk tashish narxlarini keskin oshishi va cheklanishi, asosiy bozorlarimiz hisoblangan Xitoy, Turkiya, Rossiya, Yevropa davlatlarida yirik reteyllar va savdo markazlari faoliyatini to‘xtatishi oqibatida korxonalarga berilgan buyurtmalar qisman yoki to‘liq bekor qilinishga olib keldi, aholining sotib olish qobiliyatlari sustlashishi sababli mahsulotlarning jaxon narxlari pasayishi kuzatildi.

Hukumat tomonidan o‘z vaqtida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirilishi oqibatida 252 tadan oshiq eksport qiluvchi korxonalar faoliyati qayta tiklandi, ishlab chiqarish va eksport jadallashdi.

“O‘zto‘qmachiliksanoat” uyushmasi va tarmoq korxonalarining sayi-harakati bilan 2019 yilga nisbatan mahsulotlarning eksportdagi o‘sish sur’ati 112 foizga ta’minlandi hamda

  • ip kalavaning jami ekspordagi ulushi 49% foiz,
  • gazlama va trikotaj matolar, tayyor tikuv va trikotaj masulotlar - qo‘shimcha va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarning jami eksportdagi ulushlari 51% foizga ta’minlashga erishildi.

Pandemiya salbiy oqibatlarga ega bo‘lsada, yangi imkoniyatlarni ham yaratdi. Muqobil transport korridorlari ochilishi, yangi bozorlarga mahsulot yetkazib berilishi va innovatsion mahsulotlarni paydo bo‘lishiga olib keldi.

Masalan, qo‘shni davlatlarda qat’iy karantin choralari qo‘llanilishi va chegaralarni yopilish sababli, O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi bilan birgalikda Eron Islom Respublikasi orqali yuk tashuvlari uchun muqobil yo‘nalishlar (O‘zbekiston (Qoraqalpog‘iston) - Kozog‘iston “Aktau” porti - Kasbiy dengizi - Eron va O‘zbekiston (Qoraqalpog‘iston) - Kozog‘iston - Rossiya -Gruziya - Armaniston/Ozarbayjon - Eron yo‘nalishlari) ishlab chiqildi. Mahsulot eksportida aviatashuvlar ham jadallashtirildi.

Bu o‘z navbatida to‘qimachilik mahsulotlarini yangi bozorlarga yetkazib berish imkoniyati yaratdi. Jumladan, iyun oyida O‘zbekiston Respublikasining Quvaytdagi elchixonasi ko‘magida «Fursan Al Khaleej» va «Yengilsanoatsavdo» MChJ o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida Quvayt davlatiga ilk marotaba to‘qimachilik mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.

Bundan tashqari to‘qimachilik korxonalari tomonidan kunlik 6 mln. dona niqob va 10 ming dona kombinezonlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Himoya vositalari Ukraina, Rossiya, Quvayt, Belorusiya, Gruziya kabi davlatlarga eksport qilindi.

Umumiy olganda, 395 turdagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari 57 dan ortiq davlatlarga yetkazib berildi. Doimiy bozorlarimiz hisoblangan MDH davlatlari qatorida Quvayt, Vengriya, Slovakiya va Gretsiya kabi davlatlarga ham ilk bora to‘qimachilik mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.

Eksport qilingan mahsulotlarning asosiy qismi Rossiya Federatsiyasi ($394,5 mln. – 39,2 %), Xitoy ($187,6 mln. – 18,6 %), Qirg‘iziston ($139,1 mln. – 13,8 %) va Turkiyaga ($123,5 mln. – 12,3 %) to‘g‘ri kelmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar