Toshkent shahri va viloyatida propiskasi bo‘lmaganlar uchun uy olishga ruxsat berilganidan so‘ng qancha fuqarolar uy sotib oldi?

Toshkent shahri va viloyatida propiskasi bo‘lmaganlar uchun uy olishga ruxsat berilganidan so‘ng qancha fuqarolar uy sotib oldi?

1 apreldan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida propiskasi bo‘lmagan fuqarolar ham ko‘chmas mulk sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lgan edi.

Adliya vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, bu imkoniyatdan o‘tgan 70 kunda foydalangan fuqarolar Toshkent shahridan 12799 ta, Toshkent viloyatidan esa 2052 ta uy-joy oldi-sotdi bitimlarini notarial idoralarda rasmiylashtirishdi.

Qayd etilishicha, notarial idoralar tomonidan ushbu davrda bu hududlarda jami rasmiylashtirilgan uy-joy oldi-sotdi bitimlarining deyarli 70 foizini aynan, propiskasi boshqa hududlarda bo‘lgan fuqarolar ishtirokidagi bitimlarga to‘g‘ri keladi.

20 yildan ortiq amalda bo‘lgan, Toshkentdan uy sotib olishdagi to‘siqlarning olib tashlanishi fuqarolarning uy-joyga ega bo‘lishida yuzaga kelgan turli muammolarini ham barham topishiga xizmat qildi. Ko‘plab fuqarolar uyni Toshkentda propiskasi bo‘lgan tanishi nomiga rasmiylashtirib, keyin «o‘z uyida ijarachi» bo‘lib yashashga majbur bo‘lganligi ham sir emas. Farmon qabul qilinishi bilan yaratilgan imkoniyatdan birinchi navbatda shunday fuqarolar foydalanib, uylarini o‘z nomiga rasmiylashtirishdi, deyiladi xabarda.

Propiska tizimini isloh qilish bo‘yicha Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaati vaqtida topshiriq bergan edi. Davlat rahbari propiskani kishanga tenglashtirib, ushbu muammo 30 yildan buyon hal etilmayotganini ta’kidlagan edi.

Avval shunday tartib joriy etilgan ediki, unga ko‘ra, Toshkentda har qanday qiymatdagi yangi va qurilganiga 3 yildan oshmagan uylardan turar joy sotib olib, notarial shartnomaning 5 foizi, biroq EKIHning 10 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda davlat bojini to‘lagandan keyingina doimiy propiska olish mumkin edi. 20 may kuni davlat boji to‘g‘risidagi qonundan ushbu stavka chiqarildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar