Yuridik universiteti magistraturasiga kimlar test sinovlarisiz qabul qilinadi?

Yuridik universiteti magistraturasiga kimlar test sinovlarisiz qabul qilinadi?

“Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” Hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab quyidagi tartib joriy etiladi:

  • O‘zbekiston fuqarolari Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYuU) magistraturasiga Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari orqali qabul qilinadi;
  • masofaviy, sirtqi va kechki ta’lim shakllari bo‘yicha o‘qishga bazaviy oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar ishlab chiqarishdan ajralmagan holda qabul qilinadi;
  • bazaviy oliy yuridik ma’lumotga hamda davlat hokimiyati va markaziy boshqaruv organlarida yuridik yo‘nalish bo‘yicha kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan rahbar xodimlarni TDYuU magistraturasiga ishlab chiqarishdan ajralmagan holda masofaviy, sirtqi va kechki o‘qitish dasturlari bo‘yicha o‘qishi uchun qabul qilish tegishli davlat organining birinchi rahbari tavsiyasiga ko‘ra, kirish test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida qabul parametrlaridan tashqari amalga oshiriladi;
  • “Yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriatni imtiyozli tugatgan bitiruvchilar TDYuU magistraturasiga test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida, o‘qish qiymatining 50 foizini to‘lab, qabul parametrlaridan tashqari, o‘qishni tugatgandan so‘ng TDYuU, yuridik fakultetlar, yuridik texnikumlar va TDYuU qoshidagi akademik litseyda kamida 3 yil uzluksiz ishlash majburiyatini yuklagan holda qabul qilinadi;
  • bazaviy oliy yuridik ma’lumotga ega, yuridik texnikumlarda kamida 3 yil ishlagan pedagog va rahbar xodimlar TDYuU magistraturasiga kirish test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqari, o‘qishni tugatgandan so‘ng taqsimot bo‘yicha adliya organlari va muassasalarida, birinchi navbatda, yuridik texnikumlarda kamida 3 yil uzluksiz ishlash majburiyatini olgan holda o‘qishga qabul qilinadi.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga o‘qishga kirish uchun abituriyentlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Davlat test markazining veb-sayti orqali ro‘yxatdan o‘tish tartibi joriy etiladi.

TDYuU magistraturasiga ayrim toifadagi abituriyentlarni kirish test sinovlarisiz 2020/2021 o‘quv yili uchun o‘qishga qabul qilish muddati istisno tariqasida 2020 yil 15 sentyabrga qadar uzaytiriladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar