Yosh vatandoshimizning YeOIIga  kirish masalasiga doir fikrlari xususida...

Yosh vatandoshimizning YeOIIga  kirish masalasiga doir fikrlari xususida...

2019 yil 4 noyabrda Kun.uz saytida Tokio universiteti talabasi Bekzod Zakirovning “Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi «yangi Yevropa ittifoqi» bo‘la oladimi?” nomli maqolasini o‘qib qoldim. Maqola menda g‘alati va qarama-qarshi hislar uyg‘otdi. Avvalo, uzoq Tokioda tahsil olayotgan yosh tolib hamyurtimizning Vatanimiz kelajagi haqida kuyunib maqola yozganligi tahsinga sazovor. Lekin mazkur maqolaning ayrim fikrlari menda qator savollar uyg‘otdi.

Muallifning “Ko‘p mutaxassislar masalaga O‘zbekistonning ijtimoiy va iqtisodiy holati va uning savdo munosabatlari nuqtai nazardan yondashib, YeOIIga a’zolik hozircha maqsadga muvofiq emas, degan xulosaga keldi”, degan fikriga qo‘shilolmayman. Negaki, men ham shu munozaralarni kuzatib boryapman. Va ekspertlarning mutloq ko‘pchiligi O‘zbekistonning YeOIIga kirishi maqsadga muvofiq ekanligini yoqlashayotganligini ko‘rib turibman.

Zakirov yana yozyapti: ... “bu ittifoqning vujudga kelishida ko‘proq siyosiy omillar, a’zo davlatning tashqi savdo, ishchi kuchi va bojxonaga taalluqli iqtisodiy masalalaridan ko‘ra ko‘proq elitalarning tor manfaatlari ko‘zlangan”. Talaba vatandoshimiz “ko‘proq elitalarning tor manfaatlari ko‘zlangan”ligi haqidagi xulosasi asoslanmagan, u quruq axborot shaklida berilgan.

Yosh vatandoshimning keyingi xulosasi ham menday ancha-muncha hodisalarni ko‘rgan shaxsni ham yanada hayratlantiradi: “Rossiya tashqi savdosida ittifoqning roli unchalik katta bo‘lmasada, mana ikki-uch yildan beri Rossiya hukumati tashkilotga yangi a’zolar olib kirish harakatida. Buning ortida 2014 yildan e’tiboran G‘arb davlatlari tomonidan qo‘yilgan sanksiyalar tasirini kamaytirish va siyosiy barqarorlikni ushlab qolish maqsadi yotadi”... Lekin keyin bu xulosasiga o‘zi qarshi chiqyapti: “Buni tashkilotning asosiy asoschisi bo‘lmish Rossiyaning yillar davomida tashkilotga beparvoligida ko‘rish mumkin. Geosiyosiy muammolar girdobida qolayotgan Rossiyaning qay darajada YeOIIni rivojlantira olishi so‘roq ostida turibdi”. Qarang, bular bir-biriga zid fikrlar-ku?! Muallifning qaysi gapiga ishonaylik?

Zakirovning quyidagi fikrlariga e’tibor bering: “Ittifoq ishlari demokratik institutlarga emas, balki yakkahokimlik uslubida ish tutadigan shaxslarga bog‘lanib qolgan”. Ya’ni u aytmoqchiki, mazkur Ittifoqda boshqaruv to‘laligicha ayrim shaxslarga bog‘lanib qolgan. Nima, yosh talabaning axborot olish imkoniyatlari shu darajada chuqurmi?

Uning keyingi xulosasi yanada hayratlanarli: “Ma’lum shaxslarning kuchiga bog‘langan ittifoqning taqdiri siyosiy o‘tish davriga tayyorlanayotgan Rossiyada vaziyat o‘zgarib qolsa nima bo‘ladi, degan savol ko‘ndalang bo‘lmoqda”...

Bu maqolani o‘qib bo‘lgandan keyin menda “yosh vatandoshimiz Tokio universitetining qaysi fakultetida ta’lim olayotgan ekan”, degan haqli savol ham paydo bo‘ldi! Chunki Bekzod Zakirovning jahon siyosiy va iqtisodiy maydonida yuz berayotgan voqealardan chuqur xabardorligi va yuksak mushohada darajasi uning timsolida ajoyib siyosatshunos ekspert paydo bo‘layotganligidan darak bermoqda! Men bu fikrni chin yurakdan yozdim. Chunki Bekzod Zakirovning ko‘p fikrlariga qo‘shilmagan bo‘lsamda, lekin uning talantli siyosatshunos bo‘lib shakllanib bo‘lganligi ushbu maqolasidan ko‘rinib turibdi!

Odil Olimjonov,

iqtisod fanlari doktori, professor

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar