O‘zbekistonda aholiga bir martalik beg‘araz pul tarqatilishi lozimmi?

O‘zbekistonda aholiga bir martalik beg‘araz pul tarqatilishi lozimmi?

Savdoning pasayishi natijasida kompaniyalar daromadi keskin tushib ketdi. Natijada ko‘plab korxona va firmalar ishchilarini bo‘shatishga yoki ish haqi saqlanmagan holda ta’tilga chiqarishga majbur bo‘lishdi. Vaqtincha ishsizlik darajasining ko‘tarilishi bilan odamlar daromadi kamaydi.

Bunday og‘ir sharoitda dunyo mamlakatlari aholisining yordamga muhtoj qatlamiga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, turmush farovonligini saqlab qolish hamda iqtisodiy retsessiyaning iqtisodiy depressiyaga aylanib ketishining oldini olish borasida bosh qotirishmoqda.

Ushbu muammolarga yechim topish uchun ayrim davlatlar aholiga byudjetdan bir martalik beg‘araz pul o‘tkazmalari berishga qaror qilishdi. Masalan, joriy yil fevral oyida Gongkong 18 yosh va undan yuqori yoshdagi doimiy fuqarolariga (7 millionga yaqin kishiga) 10 000 Gonkong dollari (qariyb $1200) miqdorida pul tarqatishga qaror qildi. Ushbu «bepul» pullar hukumat tomonidan e’lon qilingan $15 mlrddan ortiq miqdordagi inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi xarajatlarining katta qismini tashkil etdi va bu hukumatning 1,1 trln GK dollari miqdoridagi fiskal zaxirasidan moliyalashtirildi.

AQSh hukumati koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish uchun shakllantirilgan $2,2 trlnlik qutqaruv paketining (the Coronavirus Aid, Relief, and Economic Security (CARES) Act) bir qismi sifatida AQShdagi har bir soliq to‘lovchining (yordamga muhtoj yoki muhtoj emasligidan qat’iy nazar) bank hisob raqamiga $1200 va har bir bola uchun qo‘shimcha $500 o‘tkazib bermoqda.

Singapur aprel oyida mamlakatdagi barcha katta yoshdagi (21 va undan yuqori yoshdagi) aholiga 600 Cingapur dollari miqdorida bir martalik naqd pul o‘tkazmalari amalga oshirilishini va kelgusi oylarda ham qo‘shimcha to‘lovlar amalga oshirilishi mumkinligini e’lon qildi. Shu bilan birga, hukumat imkoniyati borlarni www.giving.sg veb-sahifasi orqali yoki the Community Chest's Courage Fundga xayriya qilishga yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordamga muhtojlarga yordam berishga chaqirdi. Shuningdek, hozirda Singapurda qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lganlar vaqtinchalik yordam jamg‘armasi va COVID-19 qo‘llab-quvvatlash granti, shuningdek ComCare tizimidan moliyaviy yordam olish uchun ijtimoiy xizmat idoralariga va jamoat markazlariga murojaat qilishlari mumkin.

Yaponiya «favqulodda yordam» dasturining dastlabki bosqichida – fevral-iyun oylarida pandemiya sababli daromadini yo‘qotgan oilalarga 300 000 iyena – qariyb $2760 miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatishga qaror qildi.

Shuningdek, ba’zi davlatlarda xususiy sektor ehtiyojmand odamlarga yordam berishda hukumatga yordam qo‘lini cho‘zmoqda. Masalan, Buyuk Britaniyada hukumat ko‘plab ishchilarning oylik ish haqining 80 foizigacha (2500 funt sterlinggacha) to‘lab berayotgan bir paytda, moliyaviy inqirozga duch kelgan britaniyaliklarni qo‘llab-quvvatlovchi milliy xayriya tashkiloti – Turn2us koronavirus grant fondi tuzdi. Hozirda pandemiya tufayli daromadini yo‘qotgan aholiga mazkur fonddan 500 funt sterling miqdorida bir martalik beg‘araz pul yordami to‘lab berilmoqda.

O‘zbekistonda ham fuqarolarga bir martalik pul yordami ko‘rsatilishi zarurmi?

Rivojlangan davlatlarning «bepul» pul tarqatish tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekistonda ham fuqarolarga bir martalik beg‘araz pul yordami berilishi kerakmi? Mazkur savolga javob berishdan avval beg‘araz pullar tarqatish usulidan foydalanayotgan davlatlardagi va O‘zbekistondagi vaziyatga nazar solish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Masalan, AQShda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish uchun an’anaviy pul-kredit siyosatining barcha vositalari ishga solindi. Federal zaxira tizimi mart oyida banklararo foiz stavkasini 0 - 0,25%gacha tushirdi; miqdoriy yumshatish dasturi doirasida zarur bo‘lgan miqdorda davlat qimmatli qog‘ozlari va korporativ obligatsiyalarni sotib olishini e’lon qildi; tijorat banklari uchun qayta moliyalash xarajatlarini kamaytirdi.

Shunga qaramasdan, AQShda koronavirus tarqalishini oldini olish maqsadida e’lon qilingan favqulodda holatning uzoqroq davom etishi iqtisodiy o‘sishni sezilarli darajada pasaytirib, iqtisodiyot uchun deflyasiya muammosini keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, mart oyida iste’mol narxlarining so‘nggi besh yildagi eng katta pasayishi kuzatildi va kelgusida ham narxlarning pasayishi ehtimolligi yuqori baholanmoqda. Chunki, koronavirus infeksiyasining tarqalishi sababli ba’zi tovar va xizmatlarga bo‘lgan talab kamaydi. Talabning kamayishi natijasida inflyasiya darajasining tushishi ta’minot zanjiridagi uzilishlar bois yuzaga kelgan tanqislik sababli narxlar ko‘tarilishidan ham ko‘proq bo‘ldi.

Shuning uchun, AQSh hukumati pul-kredit siyosati ta’sirchanligi cheklangan sharoitda ishlab chiqarish uchun qo‘shimcha talab yaratish va inflyasiyani maqsadli ko‘rsatkichga qaytarish maqsadida fiskal rag‘batlantirish choralarini amalga oshirishga qaror qildi.

AQShdan farqli o‘laroq, O‘zbekistonda ommaviy pul tarqatish orqali iste’molni rag‘batlantirish emas, balki inqiroz davrida yordamga muhtoj aholi qatlamiga (masalan, koronavirus pandemiyasi tufayli ishlay olmayotgan oilalar, chet elga qaytib keta olmagan migrant ishchilar, yolg‘iz yashovchi qariyalar) e’tibor qaratish orqali ularning turmush farovonligini saqlab qolish maqsad qilib qo‘yilgan.

Chunki, O‘zbekiston sharoitida odamlarning yordamga muhtoj yoki muhtoj emasligidan qat’iy nazar ommaviy ravishda pul tarqatish quyidagi bir necha salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin:

1. Koronavirus sababli tovar va xizmatlar taklifi kamaygan bir sharoitda beg‘araz pul tarqatilishi natijasida iqtisodiyotda pul taklifining ko‘payishi inflyasiyaning tezlashishiga olib keladi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda yuqori inflyasiya darajasi saqlanib qolmoqda. Koronavirus pandemiyasi tufayli ta’minotdagi uzilishlar, transport vositalari harakatining cheklanishi, oziq-ovqat tovarlariga bo‘lgan talabning keskin oshishi hamda Qozog‘iston va Rossiya tomonidan ayrim oziq-ovqat tovarlari (qoramol, grechka, bug‘doy uni, shakar, kartoshka va boshqalar) eksporti bo‘yicha kiritilgan cheklovlar natijasida aprel oyida yillik inflyasiya darajasi 14,5%gacha ko‘tarildi. Oziq-ovqat inflyasiyasi fevral oyida 15,8%dan aprel oyida 19,1%gacha oshdi.

O‘zbekistonda yillik inflyasiya darajasi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan amalga oshirilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekiston YaIM hajmi real o‘sishi 1,8%gacha sekinlashishi sharoitida inflyasiya darajasi 12,2%ni tashkil etishi kutilmoqda.

Bunday sharoitda davlat byudjetdan beg‘araz pul tarqatilishi yordamga muhtoj aholiga zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechak sotib olish, kommunal to‘lovlarini vaqtida amalga oshirishga ma’lum darajada yordam bersada, moliyaviy yordamga muhtoj bo‘lmaganlar tomonidan tovar va xizmatlarga talabni oshiradi. Bu esa inflyasiyaga qo‘shimcha bosim ko‘rsatadi.

2. Davlat byudjetidan barcha uchun teng miqdorda bir martalik beg‘araz moliyaviy yordam ko‘rsatish byudjet kamomadini yanada oshirib yuboradi. To‘satdan yuz bergan koronavirus inqirozi davrida sanitariya-epidemiologik xarajatlarni moliyalashtirish, shifoxonalar va karantin majmualarini qurish va jihozlash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun davlat byudjetidan katta miqdorda mablag‘lar jalb qilindi. Xususan, test sistemalar, reaktivlar va himoya vositalari sotib olinmoqda. Fuqarolarni karantinda saqlayotgan muassasalar xodimlarining ish haqi, oziq-ovqat, gigiyena tovarlari uchun xarajatlar qilinmoqda. 10 000 o‘rinli maxsus shifoxonalar va 20 000 o‘rinli aholini vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasini qurish uchun katta miqdorda mablag‘ ajratildi. Band bo‘lmagan fuqarolarni vaqtinchalik ishlarga jalb qilish uchun jamoat ishlari jamg‘armasiga mablag‘lar o‘tkazib berildi. Bunday sharoitda aholiga beg‘araz pul yordamlari ko‘rsatishda byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish maqsadida hamma uchun teng miqdorda pul tarqatish emas, balki aynan yordamga muhtoj aholi qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadga muvofiq hisoblanadi.

3. Beg‘araz berilgan pul yordami qanday maqsadlarga ishlatilishi noma’lum bo‘lib qoladi. Rivojlangan davlatlar singari O‘zbekistonda ham har bir soliq to‘lovchiga teng miqdorda pul o‘tkazmalari amalga oshirilgan taqdirda, berilgan pul mablag‘lari yordamga muhtoj bo‘lgan aholi tomonidan iste’mol uchun sarf qilinishi mumkin. Lekin, yordamga muhtoj bo‘lmagan soliq to‘lovchilarining qo‘lida paydo bo‘lgan ortiqcha mablag‘lar qanday maqsadlarda ishlatilishi no’malum bo‘lib qolishi ommaviy pul tarqatishning samarasizligini keltirib chiqaradi.

O‘zbekistonda davlat tomonidan aholining yordamga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash uchun qayday choralar amalga oshirilmoqda?

2020 yil 1 may holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar soni 1538,8 ming kishini tashkil etmoqda. Shundan, 864,9 ming kishi davlat byudjetidan ijtimoiy nafaqa oladi. Pandemiya tufayli ishlay olmayotgan aholi soni esa 341,3 ming kishini tashkil etadi. Shuningdek, 2020 yil boshida 426,7 ming kishi chet davlatlardan qaytib kelgan fuqarolar bo‘lsa, 143,4 ming kishi ishlash maqsadida chet elga qaytib keta olmagan.

Nafaqa oladigan uy xo‘jaliklari soni kamida 10%ga oshirilishi yoki O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tarkibiga kiritilgan nafaqa oluvchilar soni 596 mingdan 719 mingga ko‘payishi kutilmoqda.

Mart-iyun oylarida to‘lanishi tugaydigan kam ta’minlangan oilalar uchun ijtimoiy nafaqalar muddati avtomatik tarzda 6 oyga (ijtimoiy nafaqaga qarab bola 2 yoki 14 yoshga to‘lgunga qadar) uzaytirildi (qo‘shimcha $60 mln yo‘naltiriladi). Bundan tashqari, hukumat oilaviy nafaqa olish huquqini aniqlash uchun ariza berish va daromadlarini tekshirish jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan o‘zgarishlarni tasdiqladi.

Qo‘shimcha yordam 10 trln so‘mlik Inqirozga qarshi jamg‘arma orqali amalga oshirilmoqda. Jamg‘arma tomonidan taqdim etilayotgan ijtimoiy yordam infeksiyaga nisbatan xavf ostida bo‘lgan yoki kasallikni yuqtirib olganlar bilan aloqada bo‘lgan shaxslarni karantinda saqlash xarajatlarini qoplashni o‘z ichiga oladi.

Koronavirus pandemiyasi davrida vaqtincha ishini yo‘qotgan aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, jamoatchilik ishlari jamg‘armasi mablag‘lari ko‘paytirildi ($21 mln) hamda band bo‘lmagan fuqarolarni vaqtinchalik jamoat ishlarga (masalan, dezinfeksiya qilish) jalb qilinmoqda. 2020 yil 1 may holatiga 47 mingga yaqin kishi yirik ishlab chiqaruvchi korxonalarga ishga joylashtirildi. Shuningdek, 9869 kishi meva-sabzavotchilik klasterlariga ishga jalb qilingan bo‘lsa, salkam 100 ming kishi paxtachilik, g‘allachilik va bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida daromad topmoqda.

Odatda kasallik varaqasi ishchining ish tajribasidan kelib chiqib ish haqining 60-80% miqdorida to‘lanadi. Ushbu ko‘rsatkich karantin davrida hamma uchun birdek ish haqining 100%gacha ko‘tarildi. Ishlovchi ota-onaga (ikkisidan biriga) maktablar va bolalar bog‘chalari yopilganligi sababli ish haqi to‘liq saqlangan ta’til berildi.

Shu bilan birga, hukumat tomonidan aholining yordamga muhtoj qatlamini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga iste’mol tovarlari uchun vaucher va kupon tizimini joriy qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Buning uchun bir qator xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilmoqda.

Xitoy tajribasiga murojaat etadigan bo‘lsak, aprel oyida Xitoy asta-sekin karantin qoidalarini yumshatishni boshladi va odamlarni odatiy hayotga qaytishlariga va iste’mol uchun yana pul sarflashga undamoqda. Buning uchun Xitoy hukumati chakana savdoni tiklashni kuchaytirish maqsadida iste’mol kuponlari bera boshladi. Mahalliy hukumatlar onlayn iste’mol kuponlarini taqdim etishmoqda. Hozirga qadar Xitoyda 16 ta viloyatning 50 ga yaqin shaharlarida oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechak sotib olish, sayohat va dam olish maskanlarida almashiladigan vaucherlar taqdim etildi.

Masalan, Xanchjou shahri hukumati besh bosqichda elektron kuponlarni muomalaga chiqardi. So‘nggi bosqichda amal qilish muddati 21 apreldan boshlab yetti kun bo‘lgan 1,5 mln vaucherlar ommaga taqdim etildi. Xabarlarga ko‘ra, hozirga qadar Xanchjou hukumati subsidiyalar uchun 320 mln yuan sarflagan va ushbu subsidiyalar iste’molni 3,4 mlrd yuanga oshirishga yordam bergan.

Shuningdek, koronavirus tarqalishining epitsentrida joylashgan Uxan shahri 19 apreldan 31 maygacha bo‘lgan davrda haftalik vaucherlar tarqatishni maqsad qilib qo‘ygan.

Guanchjou va Changsha kabi shaharlarda aholiga mashina sotib olishga yordam berish uchun bir necha yuz dollardan ikki ming dollargacha bo‘lgan miqdorda kuponlar taqdim etilmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, iste’mol kuponlarining 80%dan ko‘prog‘i oziq-ovqat sanoati, 42,5% esa turizm sohasiga tegishli hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

yetakchi ilmiy xodimi Xalilillo Xamidov

Manba: Forbes.uz

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar