EOII bo‘yicha ba’zi mulohazalar

EOII bo‘yicha ba’zi mulohazalar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlis Senatining 20-majlisida Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyatining to‘laqonli a’zosi bo‘lishning jihatlari to‘g‘risida fikrlarini bildirdi. Bu borada, mazkur ittifoq doirasidagi savdo jarayonlarining optimallashayotgani mahalliy tovarlarning xalqaro bozordagi o‘rniga salbiy ta’sir etishi qayd etib o‘tildi. Shu boisdan, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan eksport qilinadigan tovarlarning sifatini oshirish, nafaqat ittifoq doirasidagi, balki mahalliy bozordagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga shart-sharoit yaratadi. Shuningdek, O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida mazkur ittifoq va u bilan erkin savdo shartnomasiga ega davlatlarining ulushi qariyb 50 foizni tashkil etishi mamlakatimizni YeOII a’zo bo‘lishini o‘ylab ko‘rishga, tahlil etishga undaydi.

Ayni kunda YeOII joylashgan hudud maydoni jihatidan dunyoda birinchi bo‘lsa, aholi soni bo‘yicha 8-chi va YaIM hajmi bo‘yicha esa, 10 o‘rinda qayd etilmoqda. Boshqacha aytganda, jahon YaIMning 3,6 foizini yaratmoqda (Xalqaro valyuta fondi ma’lumotlari). Ta’kidlash lozimki, mazkur ko‘rsatkichning shakllanishida Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘istonning ulushi mos ravishda 85 va 10 foizdan ortiqni tashkil etadi. YeOIIda a’zo mamlakatlar mamlakatimizning asosiy savdo sheriklari ekanligini inobatga olinsa, mazkur jarayon dolzarb ekanligi ko‘zga tashlanadi.

Shuningdek, ushbu ittifoqga kirgandan so‘ng, O‘zbekistonni Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lishi savol ostida qolmaydi. Sababi, 1994 yil 21 dekabrda JSTga a’zo bo‘lish yuzasidan ishchi guruh tuzilgan, lekin 2005 yilga kelib ushbu muzokaralar to‘xtab qolgan edi. Shunday bo‘lsada, 2019 yil boshiga kelib ushbu ishchi guruhning ishi jonlantirildi va O‘zbekiston 2019 yilning oxiriga qadar JST a’zo mamlakatlari bilan “Tashqi savdo rejimi” kelishuvini imzolashi nazarda tutilgan. Shu kunga qadar mamlakatimiz qator JSTga a’zo davlatlar bilan ikkitomonlama muzokalarni yakuniga yetkazmoqda.

Ko‘plab mutaxasislar YeOII a’zo mamlakatlarining iqtisodiy o‘sish sur’atlari kamayish tendensiyasiga ega bo‘layotganligini ta’kidlashmoqda. Qayd etish lozim, Xalqaro valyuta fondining ma’lumotlariga qaraganda, 2010-2015 yillarda jahon mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish kamayayotganligini ko‘rish mumkin. Jumladan, rivojlanayotgan mamlakatlarda 7,4 dan 4,3 foizgacha pasaygan, rivojlangan iqtisodiyotlarda esa 3 foizdan 2,2 foizgacha kamaygan. Umuman olganda, jahon miqyosida ushbu ko‘rsatkich 2010 yilda 5,4 foiz o‘sishdan 2015 yilda 3,5 foizga tushgani. 2015 yildan boshlab hozirgi kunga qadar iqtisodiy o‘sishning o‘zgarishi rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda 4,3 foizdan 3,9 foizga tushgan bo‘lsa, rivojlangan mamlakatlarda 2,3 foizdan 1,7 foizga tushgan. Jahon miqyosida mazkur ko‘rsatkich 3,5 foizdan 3 foizga pasaygan.

Ko‘rinib turganidek, jahon mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish darajasi pasayish tendensiyasiga ega. Shu bois, ayrim mutaxassislarning mazkur iqtisodiy jarayon faqat Rossiya, Qozog‘iston kabi mamlakatlari iqtisodiyotiga xos deyishi xatodir.

Shuningdek, O‘zbekiston importining 1/3 qismini “mashinalar, uskunalar, mexanizmlar” tashkil etmoqda. Buning tarkibida esa, asosiy savdo hamkori bo‘lib Xitoy hisoblanadi. Demak, mamlakat importida asosiy ulushni texnologiyalar tashkil etishi muhim ahamiyatga ega bo‘lib, O‘zbekistonni tovarlar ishlab chiqarish imkonini saqlab qolishda sezilarli rol o‘ynaydi. Shu boisdan, YeOII va Xitoy o‘rtasida erkin savdo kelishuvi amal qiladi. Bu esa, O‘zbekistonni YeOIIga a’zo bo‘lishi Xitoy bilan savdo munosabatlarini yengillashtirishga yordam beradi. O‘zbekiston jahon iqtisodiyotida suveren davlatga xos xalqaro iqtisodiy munosabatlarni amalga oshirmoqda. Shuning uchun O‘zbekistonning har qanday integratsion jarayonlarning sub’yekti sifatida yoki alohida xalqaro iqtisodiy munosabatlar o‘rnatishi mamlakatimizning milliy manfaatlaridan kelib chiqib xal etiladi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning YeOIIga a’zo bo‘lib kirishi yoki kirmasligi harakat qilish yoki harakatsizlikning iqtisodiy manfaatlari va salbiy xususiyatlaridan kelib chiqib tahlil etilishi zarur.

YeOIIga a’zo bo‘lib kirishning O‘zbekiston uchun iqtisodiy manfaatli jihatlari ko‘plab olimlar tomonidan internet tarmog‘ida keng ommaga taqdim etilganiga qaramay, Tokio universitetida tahsil olayotgan yosh vatandoshimiz o‘z maqolasida O‘zbekistonlik barcha olim va mutaxassislarning xulosalarini ob’yektiv baholay olmagan. Ya’ni, “ittifoqqa qo‘shilish maqsadga muvofiq” emas degan fikrlar yo‘q demoqchi emasmiz, lekin hamma xulosalar ham shunday taqdim etilmaganligini inobatga olmaslik, masalaga juda tor va sayoz yondoshilganligini anglatadi. Shu boisdan maqolada keltirilgan ba’zi fikrlarga nisbatan o‘zimizning xulosalarimizni asoslashga harakat qilamiz.

Jahonda 220 dan ortiq milliy iqtisodiyotlar mavjudligiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, har qanday mamlakat ma’lum bir mamlakatning importida yoki eksportida mutloq ustunlikka ega bo‘la olmaydi. Jumladan, iqtisodiy ittifoq doirasida ham. Mazkur maqolada Rossiya bilan boshqa ittifoq davlatlarining tashqi savdo aylanmasiga e’tibor qaratilgan. Jumladan, Serbiyaning Rossiya bilan tashqi savdo aylanmasi 10 foizni tashkil etadi, deb qayd etilgan.

The Observatory of Economic Complexity ma’lumotlariga ko‘ra, Serbiyaning yirik savdo hamkorlari qatorida Rossiyadan qilinadigan import 7 foizni (Xitoydan ham 7 foiz) tashkil etsa, Rossiyaga qilingan eksportda 6,2 foizni tashkil etgan. Ushbu raqamlarni Rossiya tashqi savdosidagi o‘rniga e’tibor bersak, Rossiya Federal Bojxona xizmati ma’lumotlariga asosan, Serbiyaning Rossiyaga qilingan importda 0,45 foizni, eksport ulushida esa, 0,3 foizga yetmagan ko‘rsatkichni tashkil etmoqda. Xulosa qiladigan bo‘lsak, Serbiyaning tashqi savdosida Rossiya dastlabki 5ta davlat qatoriga kirsa, Rossiyaning tashqi savdosida Serbiyaning ulushi 0,5 foizga yetmagan holda shakllanmoqda. Shu boisdan, mazkur masalada raqamlarni to‘g‘ri yetkazishga va ushbu raqamlar orqali mamlakatda import tovarlarning narxi pasayotganligini inobatga olish zarur, deb hisoblaymiz. Rossiyaning tashqi savdo aylanmasining hajmini 1,6 trln. AQSh dollariga teng bo‘lgan iqtisodiyoti bilan baholanishi lozim. Rossiyaning yirik savdo hamkorlaridan Xitoy (16 foiz atrofida) va Germaniya (9 foiz atrofida) bo‘lib, ularning iqtisodiyotlari o‘lchovi (YaIM nazarda tutilmoqda) uyg‘un ravishda katta hajmga ega. Ta’kidlash lozimki, AQSh iqtisodiyoti katta bo‘lishiga qaramasdan Rossiya va AQSh o‘rtasidagi masofaning uzoqligi savdo rivojlanishiga yetarli shart-sharoit yaratmaydi. Shunday bo‘lsa-da, AQShning Rossiya tashqi savdosidagi ulushi 5 foizga yetadi.

Umuman olganda, mutaxasislar YeOII doirasida a’zo mamlakatlarining o‘zaro savdo aylanmasi yuqori ulushga ega emasligini ta’kidlashga urinmoqda. Mazkur ittifoq doirasida yaratilgan YaIMning umumiy hajmida ham Rossiyaning ulushi 85 foiz atrofida bo‘lmoqda. Bu esa, a’zo mamlakatlar bilan savdo aylanmasi qanchalik ortmasin, Rossiya tashqi savdosida yirik ulushga ega bo‘lmasligini anglatadi. Endi shu o‘rinda, Yevropa Ittifoqi doirasida savdo aylanmasiga to‘xtalib o‘tsak. Masalan, Germaniya – Fransiya (7,8 foiz), Buyuk Britaniya (6,8), Niderlandiya (6,3 foiz) va Italiya (5,4 foiz) davlatlariga mos ravishdagi mahsulotlar eksportiga ega bo‘lsa, Xitoy va AQSh bilan o‘zaro 7,1 va 8,4 foiz eksportga ega bo‘lmoqda. Zotan, jahonning yirik eksportyori hisoblangan Germaniya ham Yevropa Ittifoqi davlatlariga nisbatan Osiyo va Amerika qit’asi bilan nisbatan yuqori ulushga ega bo‘lmoqda. Fransiya ittifoqdosh mamlakatlariga (Germaniyadan tashqari) eksport hajmi 10 foizga yetmaydi.

Fikrimizcha, ma’lum ittifoq doirasida savdo aylanmasining ma’lum bir davlatga bog‘langanligi bilan baholash – bu masalaga o‘ta sodda va asossiz iqtisodiy yondoshuvni bildiradi. Ta’kidlash lozim, savdo aylanmasining diversifikatsiyalanganlik darajasi mamlakatning geosiyosiy jihatdan bir mamlakatga bog‘lanib qolmasligini oldini olishga va o‘z pozitsiyasini mustahkamlashga yordam beradi. Hozirgi kunda O‘zbekiston 170 dan ortiq mamlakatlar bilan o‘zaro tashqi savdo munosabatlarini amalga oshirmoqda, ya’ni O‘zbekiston na YeOII doirasida, na jahon iqtisodiyotida faqatgina bir mamlakat bilan savdo qilmasligini anglanadi.

Masalan, hozirgi kunda O‘zbekistoning yirik savdo hamkorlari Xitoy (18,7 foiz), Rossiya (14,9 foiz), Qozog‘iston (8,3 foiz) va Janubiy Koreya (6,6 foiz) bilan savdo aloqalarida bir davlatning to‘liq ustunlikka ega bo‘lmayotganligi ijobiy holat. Shu bilan birga, YeOII a’zo mamlakat Qirg‘iziston bilan savdo aylanmasi yirik ulushga ega bo‘lmasa-da, o‘zaro savdo munosabatlarida O‘zbekistonning savdo balansi ijobiy qoldiqqa ega. Demak, Qirg‘izistoning ulushi kichik bo‘lsada, u bilan savdoga kirishish salbiy, deb baholash maqsadga muvofiq emas. Aksincha, Qirg‘iziston bojxona hududida O‘zbekiston tovarlari narxlarini kamaytirish orqali raqobatbardoshligini oshirish dolzarb masala hisoblanadi. Bu esa, bojxona kelishuvlarini talab etadi.

Shuningdek, ittifoq doirasida savdo munosabatlarini shakllantirishda a’zo davlatlar milliy mahsulotlarini eksport qilinishida qo‘shilgan qiymatning me’yoriga talab o‘rnatilishi lozim bo‘ladi. Masalan, Belorussiya tomonidan ittifoq doirasida tovarlarni eksport qilishdagi imtiyozlar milliy qo‘shilgan qiymatning kamida 60-70 foiz bo‘lganda amal qilishi shart. Aksincha, mahsulotlarni re-eksport qilish orqali savdo kelishmovchiliklarini keltirib chiqarishga shu yo‘l bilan kurashish maqsadga muvofiq.

Shu boisdan, ittifoqqa kirishda huquqlar va majburiyatlar muvozanatiga erishish mamlakatning savdo munosabatlarining diversifikatsiya darajasini inobatga olmaslik o‘ta tor doiradagi xulosani anglatadi. Bizningcha, O‘zbekiston uchun xalqaro iqtisodiy munosabatlarni, ayniqsa, savdo munosabatlarini rivojlantirishda quyidagi jihatlarni inobatga olish maqsadga muvofiq:

- tashqi savdo aylanmasini ham geografik jihatdan, ham tovarlar jihatidan diversifikatsiya qilish;

- savdo aylanmasida ma’lum bir davlatning pozitsiyasiga suyanib qolmaslik;

- ittifoq doirasida yoki savdo hamkorlari bilan tarif va notarif to‘siqlarni muvozanatlashtirishga erishish.

Aniqroq qilib aytganda, mamlakatlarning o‘zaro savdo aylanmasida biror davlatning mutloq ustunlikka ega bo‘lishi bilan emas, balki tashqi savdoning diversifikatsiyalashganligi va raqobat ustunligiga ega bo‘lishini ta’minlash dolzarb hisoblanadi.

O‘zbekistonliklarga qulay viza rejimini taqdim etilishi nafaqat ittifoq mamlakatlariga mehnat qilish uchun, balki yashash uchun ham joylashishlariga yengilliklarni vujudga keltiradi. Bu esa, nisbatan zich demografik joylashuviga ega bo‘lgan O‘zbekistonga aholi sonini ittifoq davlatlariga samarali taqsimlash imkonini qo‘lga kiritadi. Shuningdek, o‘zbekistonliklar boshqa mamlakat fuqarolari bilan teng sharoit va huquqlar bilan mehnat qilishning to‘laqonli a’zosiga aylanadi. Masalan, YeOII a’zo mamlakat fuqarolari patent olmasdan, ya’ni patent badalini to‘lamasdan mehnat qilish huquqiga ega. Shunday bo‘lsada, ular yashash joylarida vaqtinchalik registratsiya (ro‘yxat)dan o‘tishlari shartligi belgilangan. Albatta, har qanday inson (turist sifatida ham) o‘zining yashash joyi to‘g‘risida tegishli organlarga ma’lumot berishlari barcha mamlakatlarga xos bo‘lgan qonuniyatdir. Patent to‘lovlarini to‘lashdan ozod bo‘lish esa, ko‘p jihatdan ittifoq bilan hamkorlik qilishni taqozo qiladi.

Bu birinchidan, fuqarolarimizda mehnat qilish malakasi va tajribasi oshishiga imkoniyat yaratadi. Ikkinchidan, to‘lov balansining joriy transfertlar balansining barqarorlashuviga olib keladi. Uchinchidan, o‘zbekistonliklar o‘z oilasini birgalikda olib ketishi uchun sharoit yuzaga kelishi natijasida turli ijtimoiy kelishmovchiliklarning yuzaga kelishi kamayadi.

O‘zbekiston YeOII bilan savdo munosabatlarini chuqurlashtirar ekan. Bunda ittifoqning mustaqil institutlari tashkil etilishini ilgari surishi va unga erishishi lozim bo‘ladi. Bu birinchidan, ma’lum mamlakat ta’sirini dominantligini oldini oladi. Ikkinchidan, a’zo mamlakatlar tomonidan huquq va majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlashga shart-sharoit yaratib beradi.

Ta’kidlash lozimki, YeOII eng yuqori organi bo‘lib – Yevroosiyo iqtisodiy Oliy kengashi (YeOIOK) hisoblanadi. YeOIOK tarkibi a’zo davlatlarning rahbarlaridan iboratdir. Bu, o‘z navbatida, ushbu iqtisodiy ittifoqda har bir a’zo davlatning manfaatlari mutanosib ravishda himoya qilingan holda strategiya ishlab chiqilishini ko‘rsatadi.

Shuningdek, YeOII doirasida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika sohalari va tarmoqlari salohiyatidan umumiy holda kelishib foydalanish ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. YeOII a’zo davlatlari iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida ulkan salohiyatga egadir. Masalan, gaz va neft qazib chiqarish bo‘yicha dunyoda 1-o‘rin; meneral o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha – 2-o‘rin; elektrenergiya ishlab chiqarish, bug‘doy va kartoshka yetishtirish bo‘yicha – 3-o‘rin; ko‘mir qazib chiqarish, cho‘yan va po‘lat, go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish hamda avtomobil yo‘llari uzunligi bo‘yicha 4-o‘rinni egallashi bu ittifoqning ulkan salohiyatga ega ekanligini ko‘rsatib beradi.

Hozirgi vaqtda YeOII doirasida pensiya ta’minoti bo‘yicha shartnoma ishlab chiqilmoqda va qaror qabul qilish jarayonida turibdi. Unga muvofiq, barcha migrantlarni Rossiyadagi umumiy tibbiy sug‘urta tizimiga ulanish masalasi ishlab chiqilmoqda.

Bugungi kunga kelib, Erkin savdo hududlari to‘g‘risidagi Bitim (ESH) Vetnam (2016 y.), Singapur (2018 y.) va Eron (2018 y.) bilan imzolangan. Shuningdek, Xitoy (2017 y.) bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim bo‘yicha muzokaralar nihoyasiga yetgan. Hozirda ESH tuzish bo‘yicha Hindiston, Misr, Tailand va boshqa davlatlar bilan bitimlar tuzish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

YeOIIga a’zo mamlakatlar erishgan yutuqlar sifatida qator misollarni keltirish mumkin. Masalan, YeOIIga Armanistonning a’zo bo‘lib kirishi ushbu davlatga Rossiyaga qiladigan eksporti (xususan, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati mahsulotlari)ni 87%ga oshirish imkonini yuzaga keltirdi. Qozog‘istonning YeOIIga a’zo bo‘lganidan so‘ng, Rossiya bilan tuzilgan qo‘shma korxonalari soni qariyb 2 barobarga oshdi va 8 mingtaga yetdi.

Shuningdek, O‘zbekistonni temiryo‘l transportida yuklarni tashish ulushining YeOIIga a’zo davlatlaridagi ulushi – eksport, import va yuklarni tranziti umumiyga nisbatan mos ravishda – 67 foiz, 71 foiz va 78 foizni tashkil etdi.

Yana bir fikr, oxirgi vaqtda OAV larida O‘zbekistonni YeOIIga qo‘shilishi uni JST qo‘shilish jaryonini murakkablashtirishi va ma’lum bir darajada Rossiya tomonidan mamlakatimizga siyosiy bosimlar paydo bo‘lishi mumkinligi haqida asossiz ravishda fikrlar bildirib o‘tilmoqda.

Birinchidan, O‘zbekiston YeOIIga a’zo bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’iy nazar, yoki boshqa iqtisodiy ittifoqqa a’zo bo‘lishi-bo‘lmasligi mamlakatning ichki ishidir. Chunki, Hukumatimiz aholi farovonligi va tinchlik-xotirjamligini ta’minlashga xizmat qiladigan mavjud barcha xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatishga harakat qilgan. Buni oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlardan va iqtisodiyotni bozor qonunlari asosida rivojlantirishga harakat qilinayotganligidan ko‘rish mumkin. Bunga misol qilib, turk tilida so‘zlashuvchi davlatlar hamkorlik Kengashiga O‘zbekistonni qo‘shilganligi ushbu davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro mahsulot va xizmatlarni ayirboshlanishini 2019 yilning oxiriga kelib 12 mlrd. AQSh dollariga yetishiga olib keldi. Demak, iqtisodiy ittifoq mamlakat rivojiga va xalqaro iqtisodiy aloqalarini rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatar ekan, uni o‘rganish, tadqiq etish dolzarb masala sanaladi.

Ikkinchidan, YeOIIning iqtisodiy tashkilot ekanligini ta’kidlash joizdir. Bu jihat tashkilotga a’zo davlatlar suverinetetiga ta’sir etmasligi, davlatlarning biri tomonidan boshqasiga hatto iqtisodiy tayziq o‘tkazilishi mumkin emasligi ravshan deb qarash lozim. Bu tashkilotning asosiy maqsadi o‘zaro manfaatdorlikdan iborat bo‘lsa, shubhasiz, bu tashkilotga a’zo bo‘lish masalasini muhokama qilish o‘rinlidir.

Uchinchidan, YeOII a’zolari bo‘lishligiga qaramasdan, 1998 yildan (20.12.1998) Qirg‘iziston, 2003 yildan (05.02.2003) Armaniston, 2012 yildan (22.08.2012) Rossiya va 2015 yildan (30.11.2015) Qozog‘iston Xalqaro Savdo tashkiloti(JST)ning a’zoligiga qabul qilingan. Tabiiy savol tug‘iladi: O‘zbekistonnning YeOII a’zo bo‘lish bo‘lmasligi JSTga a’zo bo‘lish bo‘lmasligiga nima dahli bor? Agar bu tashkilotga siyosiy tus berishga urinishlar bo‘lsa, nega YeOII davlatlari bilan AQSh o‘rtasida ikki yoqlama staretgik hamkorlik tuzilgan. Fikrimizcha, YeOII a’zolik masalasini tahlil qilishimiz bilan birga, paralel ravishda JST a’zolikka qo‘yilayotgan muhim qadam sifatida baholashimiz mumkin. Chunki, milliy tovar-mahsulotlarimizni YeOII hududi bo‘ylab erkin sota olishimiz imkoni paydo bo‘lishi va a’zo mamlakatlar mahsulotlarining yurtimizga erkin kirib kelishi raqobatbardoshligimizni oshirishga xizmat qiladi. Shuni ham qayd etish kerakki, YeOII hududida mahsulotlarga (markirovka, sifat, sanitariya normalari va boshqalar) nisbatan bo‘lgan alohida me’yorlar tizimi ishlab chiqilgan. Bu va shu kabi boshqa talablar turli mahsulotlarning ishlab chiqarish jarayonida turli sifat o‘zgarishlarni kiritishni talab etadi. Bunda monopol deb hisobladigan ayrim tarmoqlarning faoliyati ham xavf ostida qolish ehtimoli yo‘q emas. Ehtimol, bizda ham menejment va ishlab chiqarish jarayonlarini sifat jihatdan tubdan o‘zgartirish davri yetib kelgandir. Bu jarayonlar o‘z-o‘zidan O‘zbekistonni JST a’zo bo‘lishiga ham xizmat qilishiga asos bo‘ladi.

Xulosa shuki, agar O‘zbekiston YeOIIga a’zo bo‘lsa, bu jarayon iqtisodiyotimizga hamda hayotimizga katta ijobiy o‘zgarishlar olib kelishi shubhasiz. Biz uchun, ushbu o‘zgarishlarda millatimiz manfaatini himoya qilib, halqimiz farovonligi va tinchlik-xotirjamligini ta’minlashimiz muhimdir.

Nodir Jumayev
iqtisod fanlari doktori,
Dilshodjon Rahmonov
iqtisod fanlari doktori

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar