Shavkat Mirziyoyev: Sardobadagi suv toshqinida 4 nafar fuqaromiz halok bo‘lgan, 1 nafari bedarak yo‘qolgan

Shavkat Mirziyoyev: Sardobadagi suv toshqinida 4 nafar fuqaromiz halok bo‘lgan, 1 nafari bedarak yo‘qolgan

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 may kuni videoselektor yig‘ilishi avvalida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarga hamda Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida yuz bergan favqulodda hodisalarga yana bir bor alohida to‘xtalib o‘tdi.

Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat tufayli Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 24 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro zudlik bilan xavfsiz hududga evakuatsiya qilindi. Ularning barchasiga birinchi darajali zarur sharoitlar yaratilib, oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yetkazilmoqda.

Suv toshishi oqibatlarini bartaraf etish va sabablarini o‘rganish bo‘yicha Hukumat komissiyasi ishlamoqda. Zarar yetgan uy-joylarni tiklash va ta’mirlash, odamlarni o‘zining tiklangan uyiga qaytarish va ro‘zg‘origa yordam berish, infratuzilmani tiklash, aholi salomatligini himoya qilish bo‘yicha barcha masalalar hal qilinmaguncha Sirdaryoga biriktirilgan har bir rahbar kuchaytirilgan safarbarlik rejimida ishlaydi.

Bu hududlardagi odamlarning hayotini nafaqat oldingi holatiga qaytarish, balki uni yanada yaxshilash kerak. Ularga yangi uy-joylar, ijtimoiy ob’yektlar barpo etib, yangi ish o‘rinlari yaratib berishimiz shart, deb hisoblayman.

Bugungi kunda qator mahallalarda keng qamrovli tozalash-tiklash ishlari amalga oshirilyapti, natijada 53 mingdan ziyod aholi o‘z uylariga qaytishi yoki yaqin qarindoshlari uyiga ko‘chib o‘tishi ta’minlandi.

Takror aytaman, davlatimiz, jamiyatimiz hech kimni bunday kutilmagan falokatlar qarshisida yolg‘iz va e’tiborsiz qoldirmaydi.

Odamlarimiz hayotini saqlab qolish va evakuatsiya qilishda Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklari, Milliy gvardiya xizmatchilari muhim rol o‘ynadi. Bugungi kunda ular avariya va tiklash ishlariga keng jalb etilgan.

Afsuski, hozirgacha 4 nafar fuqaromizning tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lgani, 1 nafari bedarak yo‘qolgani aniqlandi. Jumladan, aholini xabardor qilish va qutqaruv ishlarini olib borish jarayonida Milliy gvardiyaning 2 nafar xodimini kuchli suv oqimi olib ketgan. Ular o‘z jonini fido qilib, yuzlab, minglab insonlar hayotini saqlab qolishdi.

Halok bo‘lganlarning yaqinlari va oila a’zolariga o‘zimning chuqur hamdardligimni bildiraman.

Yigitlarimizning jasorati barcha kasbdoshlari va yoshlar uchun Vatanga, xalqimizga sodiqlik va fidokorona xizmat qilishning namunasi bo‘lib qoladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar