1 yanvardan yagona bojxona to‘lovi joriy etiladi

1 yanvardan yagona bojxona to‘lovi joriy etiladi

2020 yilda jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun tovarlarni olib kirish tartibi o‘zgaradi (7.11.2019 yildagi PQ-4508-son qaroriga qarang).

2020 yil 1 yanvardan boshlab bojxona to‘lovlarini undirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi. Bu shaxsiy ehtiyojlari uchun Davlat chegarasidan o‘tish punktlari orqali qo‘l yukida, kuzatib borilayotgan bagajida tovarlar olib kiradigan jismoniy shaxslar, shuningdek, jismoniy shaxslarning nomiga xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali keladigan tovarlarga taalluqli.

Yangilikning mohiyati quyidagicha. Olib kirish bojsiz olib kirishning cheklangan normalaridan oshgan taqdirda (bu yerga va bu yerga qarang), ortiq qismiga nisbatan belgilangan bojxona boji, QQS (15%) va aksiz solig‘i o‘rniga tovarning bojxona qiymatidan 30%, lekin kamida $3/kg miqdorda yagona bojxona to‘lovi undiriladi. Stavka TIF TN kodidan va kelib chiqish mamlakatidan qat’i nazar tovarlarning barcha toifalari uchun yagona (loyihada oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari uchun - tabaqalashtirilgan stavka taklif qilingan edi, tahr.).

DBQ o‘zgartirishlar shaxsiy ehtiyojlari uchun tovarlar olib kiradigan fuqarolarning xarajatlarini pasaytirish va hisob-kitobni soddalashtirish, binobarin, bojxona rasmiylashtiruvi tartib-taomillarini tezlashtirish va chegara nazorat punktlarida tirbandlik hosil bo‘lishini istisno qilish imkonini berishidan kelib chiqadi. Birinchi tezisning tasdig‘i sifatida quyidagi raqamlar keltiriladi: pishloq uchun bojxona to‘lovlarining umumiy miqdori 44%ni, shokolad uchun – 61%ni, TIF TN 6105 kodi bo‘yicha kiyim-kechak tovarlari uchun – 38%ni, tovarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikat mavjud bo‘lmaganda esa – tegishincha 51%, 95% va 61%ni tashkil qiladi.

Yangi tartib faqat notijorat maqsadlar uchun mo‘ljallangan tovarlarga taalluqli. Tovarlarning qanday maqsadlarga mo‘ljallanganligini aniqlash tartibi alohida hujjatda bayon etiladi, biroq yangi qoidalar jami 14 ta tovar pozitsiyasiga tatbiq etilmasligi hozirdan ma’lum:

  • Prezidentning 2018 yil 6 fevraldagi PQ-3512-son qaroriga 1-ilovadako‘rsatilgan tovarlar. Bojxona to‘lovlari undirilmaydigan tovarlarni olib kirishning cheklangan me’yorlaridan ortgan taqdirda ular bo‘yicha bojxona to‘lovlari umumbelgilangan tartibda to‘lanadi;
  • Prezidentning 2019 yil 7 noyabrdagi PQ-4508-son qarori bilan tasdiqlangan shaxsiy ehtiyojlar uchun hisoblanmaydigan tovarlar.

Kelasi yildan yana bitta talab amal qilishni boshlaydi - qo‘l yukida, kuzatib borilayotgan bagajida, shuningdek, pochta jo‘natmalari orqali olib kiriladigan hayvonotga mansub oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish o‘rovida bo‘lishi kerak. Bu sanitariya-epidemiologiya va gigiyena nuqtai nazaridan zarurdir. Misol uchun, kimningdir qo‘l yukida mamlakatga kelib tushgan o‘ralmagan go‘sht cho‘chqa va parranda grippi, Qrim-Kongo bezgagi va qorason kasalliklarining vujudga kelishiga, mamlakatga o‘simliklar kasalliklarini qo‘zg‘atuvchi viruslarning kirib kelishi esa – o‘simlik dunyosining nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin, deb ta’kidlashadi DBQda.

Yuqorida tavsiflangan normalar xalqaro tajribaga to‘liq muvofiq keladi: Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida yagona bojxona to‘lovi amal qiladi, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi hududi, Xitoy va AQShda ham go‘sht, sut mahsulotlari, mevalar, sabzavotlar va boshqa oziq-ovqat tovarlari o‘roviga talablar qo‘yiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar