2020 yilning I yarim yilida birja savdolari orqali 25 405 mlrd so‘mlik tovarlar sotildi

2020 yilning I yarim yilida birja savdolari orqali 25 405 mlrd so‘mlik tovarlar sotildi

2020 yilning I yarim yillik yakunlariga ko‘ra “O‘zbekiston Respublika Tovar xom-ashyo birjasi” AJ da tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 25 405,6 mlrd so‘mni tashkil qildi va 2019 yilning I yarim yilligiga nisbatan 22% ga o‘sdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Tovar xom-ashyo birjasi matbuot xizmati.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 9 664,3 mlrd so‘mni tashkil etdi. Shu jumladan, tadbirkorlar birja orqali 6 552,5 mlrd so‘mlik tovar resurslarini xarid qilib, 3 111,8 mlrd so‘mlik mahsulot sotdilar.

Birja savdolari orqali 22 362,7 mlrd so‘mlik tovarlar sotilib, o‘sish 20,8% ni tashkil etdi. Sotuvchi korxonalar savdolar davomida real bozor narxlarining shakllanishi evaziga 1 283,2 mlrd so‘mlik qo‘shimcha daromad olishdi va bu 2019 yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 18,8% ga ko‘pdir.

Birja orqali 47,6 mln AQSh dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. Shu jumladan birja eksportining tarkibini polietilen (39%), o‘simlik yog‘i (20%), paxta tolasi (12%), neft mahsulotlari (12%), polipropilen (10%), suyultirilgan gaz (4%), chorva uchun yemlar (3%) va boshqa mahsulotlar egallashdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida elektron davlat xaridlari bo‘yicha 1 583,2 mlrd so‘mlik bitimlar tuzildi, ya’ni deyarli o‘tgan yil darajasida bo‘ldi. Bunda byudjet va korporativ buyurtmachilarining mablag‘larini tejalishi 12,2% ga o‘sib, 346,0 mlrd so‘mni tashkil qildi.

Ko‘rgazma-yarmarka savdolarining hajmi 2,1 marotabaga o‘sib, 1 361,0 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu o‘z navbatida tadbirkorlarning birjaning elektron tijorat savdo tizimiga bo‘lgan qiziqishlari keskin oshganligidan dalolat beradi.

Shuningdek, birjaning onlayn-auksionida 98,6 mlrd so‘mlik 24,8 mingdan ziyod avtoraqamlar sotildi va ularning umumiy qiymati o‘tgan yilning I yarim yilligiga nisbatan 36,3% ga o‘sdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar