3000 dan ortiq tadbirkor ayollarga imtiyozli kreditlar beriladi

3000 dan ortiq tadbirkor ayollarga imtiyozli kreditlar beriladi

Bu Vazirlar Mahkamasining 20.11.2019 yildagi xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash va ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 919-son qarorida nazarda tutilgan.

3 112 nafar xotin-qizlar umumiy summasi 102 mlrd 253 mln so‘m bo‘lgan, tasdiqlangan hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali o‘z biznesini boshlashi va kengaytirishi mumkin. Ularga Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan 85,5 mlrd so‘mlik kreditlar ajratiladi. Qolgan qismi – dastur ishtirokchilarining o‘z mablag‘lari hisobidan. Noyabr oyida ular uchun tashkil etilgan o‘quv kurslari natijalariga ko‘ra «Xalq banki» orqali imtiyozli kredit berilishi uchun Xotin-qizlar qo‘mitalarining tavsiyanomasini olganlar aniqlanadi.

Taklif etilayotgan investitsiya loyihalari yo‘nalishlari: qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasi. Shu tariqa, 89 mingga yaqin xotin-qizlar ish bilan ta’minlanadi.

Xotin-qizlar hunarmandchilik, ipakchilik va tomorqa xo‘jaliklariga jalb etilgan holda ishga joylashtiriladi. Bunda 40 ming nafar xotin-qizlar ish bilan ta’minlanadi. Namangan va Farg‘ona viloyatlarida yangitdan tashkil etiladigan hunarmandchilik va ipakchilik klasteri korxonalariga yangi tutzorlar barpo etish hamda ipak mato va gilamlar to‘qish uchun 100 gektardan kam bo‘lmagan yer maydonlari ajratiladi.

Bundan tashqari, kam ta’minlangan oilalardagi kasb-hunar kollejlarida o‘qigan 22 520 nafar xotin-qizlar «O‘zpaxtasanoat» AJ tikuvchilik-to‘qimachilik majmualariga ishga qabul qilinadi.

Qabul qilingan barcha chora-tadbirlar natijasida respublika bo‘yicha 129 ming nafar xotin-qizlar ishga joylashtiriladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar