500 mingdan ortiq tadbirkorlar va 100 mingga yaqin aholiga 1,7 trillion so‘mlik ko‘mak beriladi

500 mingdan ortiq tadbirkorlar va 100 mingga yaqin aholiga 1,7 trillion so‘mlik ko‘mak beriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 may kuni tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

So‘nggi ikki oyda pandemiyaning aholi turmush tarzi va iqtisodiyot tarmoqlariga ta’sirini yumshatish bo‘yicha Prezidentning 12 ta farmon va qarori qabul qilindi. Buning natijasida 500 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’yekti va 8 milliondan ortiq fuqaroga qariyb 30 trillion so‘mlik imtiyoz va preferensiyalar berildi.

18 may kuni davlatimiz rahbarining “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, 500 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’yektlari va 100 mingga yaqin aholiga qo‘shimcha 1,7 trillion so‘mlik ko‘mak beriladi.

– Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, nima sharoit yaratish zarur bo‘lsa, barchasini qildik. Endi iqtisodiyot va investitsiya komplekslari, sektor rahbarlari quyi tizimda ushbu imtiyozlarning har bir tadbirkor va fuqarogacha yetib borishini ta’minlashi kerak, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Respublika komissiyasiga sohalar va hududlardagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, qolgan 40 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga ham bosqichma-bosqich ruxsat berish vazifasi qo‘yildi. Shu bilan birga, hozirgi vaqtda mamlakatimizning 38 ta tumani “qizil” zonada qolayotgani bois karantin qoidalariga qat’iy amal qilish talab etiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar