Abdulla Aripov: Birja savdolarida monopol mahsulotlarni sotishning yagona tartibi joriy etiladi

Abdulla Aripov: Birja savdolarida monopol mahsulotlarni sotishning yagona tartibi joriy etiladi

21 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida Bosh vaziri Abdulla Aripov Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq muddatga mo‘ljallangan harakatlar dasturi loyihasini taqdim etdi.

Hududlar rivojlantiriladi

Abdulla Aripov Prezident tomonidan belgilab berilgan O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqib, yaqin kunlarda tasdiqlash uchun taqdim etilishini ma’lum qildi. U ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda islohotlarni amalga oshirish, muhandislik kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, hududlarni mutanosib rivojlantirishni qamrab oladi.

Keyingi 5 yilda yalpi ichki mahsulot 6 foizga o‘sadi

Makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiyotni yanada isloh etish, milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish hamda raqobatbardoshligini oshirish choralari ko‘riladi. Bunda, yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 2020 yilda 5,5 foizdan kam bo‘lmasligi va keyingi 5 yilda esa uning o‘sish sur’atlari o‘rtacha 6 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

2025 yilda xizmatlar ko‘rsatish oshadi

Hukumat 2025 yilga borib sanoatning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 30 foizdan 33 foizgacha, xizmatlar ko‘rsatishni esa 35 foizdan 37 foizgacha oshirish choralarini ko‘radi.

Iqtisodiyotni rivojlantirish uchun strategiyalar ishlab chiqiladi

Abdulla Aripov Senat qo‘shma majlisida “Iqtisodiyotni boshqarishda bozor mexanizmlarini keng joriy etish va iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha strategiyalar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi”, dedi.

2021–2022 yillarda qurilish materiallari ishlab chiqarish diversifikatsiya qilinadi

Xususan, birja savdolarida yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni sotishning yagona tartibini joriy etish rejalashtirilgan. 2021–2022 yillarda savdo korxonalari va logistika markazlarini rivojlantirish strategiyasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

Yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini rivojlantirish davom etadi

Shuningdek, sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini jadal rivojlantirish, energiya tejamkor texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish davom ettiriladi.

Mineral xom ashyo bazasini rivojlantirish dasturi ishlab chiqiladi

Buning uchun 2020 – 2025 yillarga mo‘ljallangan sanoatni rivojlantirish konsepsiyasi, 2020–2021 yillarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda Mineral xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash dasturlari ishlab chiqiladi.

2030 yilga borib Elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarish hajmini 5 barobarga oshirish ko‘zda tutilyapti

“Bundan tashqari, yaqin yillarda import o‘rnini bosuvchi va mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab quvvatlovchi soha – elektrotexnika sanoatiga iqtisodiy o‘sishning “drayveri” sifatida qaraymiz”, dedi Bosh vazir.

Joriy yilda 2020 – 2030 yillarda Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi.

2030 yilga borib ushbu sohada ishlab chiqarish hajmi 5 barobarga (4 mlrd. doll.), eksport hajmi 6 barobarga (1,5 mlrd.doll.), mazkur sohada ishlovchilar soni 3 barobarga (50 mingdan ortiq) ko‘payishi, mamlakat aholisining elektrotexnika va maishiy texnika mahsulotlariga bo‘lgan talabini 80-90 foizga mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlash hisob-kitob qilinmoqda.

7,6 milliard dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi

2025 yilga kelib yoqilg‘i-enegetika sohasida umumiy qiymati 7,6 milliard dollarga teng investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda elektr energiyasi ishlab chiqarishni 1,4 barobarga, tabiiy gaz qazib chiqarishni 1,2 barobarga, neft mahsulotlari ishlab chiqarishni 2,1 barobarga oshirish kutilmoqda. Shuningdek, tabiiy gazni mamlakatimizda qayta ishlab, qo‘shimcha qiymatli va bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlari kengaytirilishi rejalashtirilmoqda.

Joriy yildan davlat korxonalariga egalik qilish Strategiyasi ishlab chiqiladi

Energiya sarfini kamaytirish va noreal to‘lovlarni oldini olish uchun 2020 yil oxiriga qadar iste’molchilarga elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish bo‘yicha elektron hisoblagichlarni to‘liq o‘rnatiladi.

Kimyo sanoatini rivojlantirish dasturi doirasida 12 milliard dollarlik 31 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 50 ta yangi turdagi mahsulotlar o‘zlashtiriladi.

Mavjud 21 ta erkin iqtisodiy hamda 156 ta kichik sanoat zonalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanadi. Ularning sonini 2 barobarga oshirish kutilmoqda.

Korporativ boshqaruvning zamonaviy prinsiplari va usullarini amalga oshirish uchun 2020-2030 yillarda davlat korxonalariga egalik qilish, boshqarish va isloh qilish Strategiyasi ishlab chiqiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar