“Alibaba Group” kompaniyasi O‘zbekistonga tashrif buyurishga tayyor ekanliklarini bildirdi

“Alibaba Group” kompaniyasi O‘zbekistonga tashrif buyurishga tayyor ekanliklarini bildirdi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Shanxay hamkorlik tashkiloti Kotibiyati tomonidan “Covid-19 pandemiyasi davrida ShHT doirasida raqamli iqtisodiyot va elektron tijoratning rivojlanishi” mavzusidagi videokonferensiyada tashkil etildi.

Tadbirda ShHT Bosh kotibi V.Norov, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari F.Arziyev, Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari A.Nazarov, Xitoy Xalq Respublikasi Tijorat vazirligi qoshidagi Xitoy elektron tijorat markazining vitse-prezidenti Xu Yong, “Alibaba Group” xalqaro departamenti direktori Luo Lin va kompaniya global tashabbuslar bo‘yicha katta menejeri Drim Lui, shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va ShHT Yoshlar ilmiy tarmog‘ining vakillari ishtirok etdi.

Videokonferensiya muhokamasi raqamli texnologiyalar va elektron tijorat modellarini joriy qilish bilan bog‘liq ko‘plab masalalarni qamrab oldi. Ishtirokchilar ta’kidlaganidek, Covid-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan inqiroz raqamli texnologiyalar va innovatsion yechimlarga asoslangan sohalarni yanada faol rivojlanishiga olib keladi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari F.Arziyev o‘z nutqida raqamli iqtisodiy kun tartibi O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanish strategiyasida ustuvor ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. O‘zbekiston hukumati ta’lim, raqamlashtirish va innovatsiyalarga mamlakatning barqaror rivojlanish strategiyasining muhim omili sifatida ustuvor ahamiyat berayotgani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, u respublikani raqamli va innovatsion rivojlantirishning muhim vazifalarini amalga oshirishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, jumaldan ShHT imkoniyatlaridan foydalanishning muhimligini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Xitoy kompaniyalari raqamli rivojlanish masalalarida o‘zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdilar. Xitoy elektron tijorat markazi va elektron tijorat sohasida dunyoning yetakchilaridan biri bo‘lgan “Alibaba Group” kompaniyasi vakillari ushbu sohada aniq loyihaviy hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish va muhokama qilish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Videokonferensiya qatnashchilari Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning Tashkilotning “raqamli kun tartibini” ishlab chiqish bo‘yicha sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimligini ta’kidladilar va ushbu masalalar kelgusi faoliyatida ustuvor yo‘nalishlarga aylanishiga umid bildirdilar.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar