Alisher Usmonov andijonliklarga 2,5 milliard so‘m moddiy yordam ajratdi

Alisher Usmonov andijonliklarga 2,5 milliard so‘m moddiy yordam ajratdi

“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida koronavirus pandemiyasi davrida moddiy jihatdan ehtiyojmand oilalar qatoridan joy olgan yurtdoshlarimiz qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Marhamat tumani Andijon viloyatining qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh qismida joylashgan bo‘lib, tan olish kerak, iqtisodiyoti endigina yuksalish sari qadam qo‘ygan tumanlardan biri hisoblanadi. O‘rganish davomida tumandagi jami 48 ta mahalladan 1000 ta oila ehtiyojmand, deb topilgan.

Ularga o‘zbekistonlik taniqli biznesmen Alisher Usmonov 2,5 milliard so‘m miqdoridagi moddiy yordam ajratdi. Har bir oilaga 2,5 million so‘mdan berildi, deb yozmoqda Xalq so‘zi nashri.

— Kundalik tashvishlar bilan ovora bo‘lib hatto oilamizning, ayniqsa, farzandlarimizning istiqboli haqida qayg‘urish ko‘nglimizga ham sig‘mayotgan bir paytda saxovatli insonlarning ko‘rsatgan muruvvati eng katta mukofot bo‘ldi,— deydi marhamatlik Abdurasul Inomov. — Bu mablag‘ nafaqat moddiy yordam, balki, ertangi kunimizga, hukumatimizga, mehri ummon zamondoshlarimizga bo‘lgan ishonch ifodasidir. Bizga shu qadar e’tibor ko‘rsatilgan ekan, biz o‘zimiz ham bu ishonchni oqlaymiz.

Ajratilgan mablag‘lardan iborat “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati plastik kartalari har fuqaroga mutasaddilar tomonidan yetkazib berildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar