Andijonliklar qanday muammolarni ko‘tarishdi?

Andijonliklar qanday muammolarni ko‘tarishdi?

Prezident Administratsiyasi hamda Xalq qabulxonasi mas’ul xodimlari boshchiligida Andijon viloyatida tashkil qilingan ommaviy qabullarda asosiy e’tibor – murojaatlarda ko‘tarilgan muammolarni joyiga chiqib o‘rganish va hal qilishga qaratildi.

Xususan, Asaka, Bo‘ston va Qo‘rg‘ontepa tumanlarida tashkil qilingan qabullarda mazkur hududlardan tashqari Marhamat, Buloqboshi, Jalaquduq, Xo‘jaobod, Baliqchi, Shahrixon, Ulug‘nor tumanlari, Andijon va Xonobod shaharlari aholisini o‘ylantirayotgan masalalar o‘rganildi.

Ta’kidlash kerakki, muloqotlar davomida tadbirkorlar muammolariga hamda aholi bandligi ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, Asaka tumani “Ungut” mahallasida xususiy bog‘cha tashkil qilgan Shuhrat Jo‘rayev 5 oydan buyon daromadsiz qolib og‘ir ahvolga kelib qolgan edi. Uning murojaatidan so‘ng mazkur muassasa davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat olib boradigan bo‘ldi. Tadbirkorga ajratiladigan subsidiya karantindan so‘ng ularning oyoqqa turib olishiga katta yordam bo‘ladi.

Jalaquduqlik tadbirkor Mirodil Jo‘rayevning murojaati asosida unga “Dostonobod” mahallasida 100 o‘rinli xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi qurish uchun imtiyozli kredit ajratiladigan bo‘ldi. Qo‘rg‘ontepalik tadbirkor Yorqinoy Nurmatovaning murojaatidan so‘ng unga qarashli nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasiga tabiiy gaz tarmog‘i tortib berildi.

Asakalik tadbirkor Halimaxon Qurbonovaga qarashli “Navro‘z” korxonasida trikataj mahsulotlari tayyorlanmoqda. Ishbilarmon ayol faoliyatini yanada kengaytirish va mahsulotini eksport qilishi uchun qo‘shimcha bino, bino qurish uchun esa yer kerak. Uning murojaatidan so‘ng mavjud tartib-taomillar doirasida Asaka tumani Navro‘z dahasidan 4 sotix yer ajratib berildi.

Bo‘stonlik tadbirkor Elyorbek Haydarov esa ancha yillik tajribaga ega. Parrandachilik yo‘nalishi bo‘yicha klaster tizimini yo‘lga qo‘ygan hamyurtimiz yana bir necha istiqbolli loyihalarni amaliyotga joriy etish istagida ommaviy qabulga keldi. Uning murojaatidan so‘ng yana qo‘shimcha parandachilik klasteri tashkil etish va ozuqasi uchun yer ajratish masalasi hal bo‘ldi.

Baliqchilik Shohida Dehqonova esa qabuldagi murojaatidan so‘ng shu kunning o‘zida Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan davlat-xususiy sherikchilik asosida 100 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish uchun kelishuv bitimini imzoladi. Shu yil yakunigacha tadbirkor yangi muassasa faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.

Asaka va Qo‘rg‘ontepa tumanlaridagi qabullarda o‘nlab insonlar doimiy ishga joylashtirildi. Deylik, asakalik Farida Ahmadjonova maktabgacha ta’lim tashkilotida ish boshladi. Yolg‘iz ayolga qo‘shimcha daromad bo‘lishi uchun sog‘in sigir ham olib berildi. Oliy ma’lumotli menejment bo‘laturib ish topolmay yurgan Tursunali Xudoyorovga ham o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topib berildi.

Izboskan tumanidagi ommaviy qabulda ijtimoiy ko‘makka muhtoj ko‘plab oilalarning qator muammolari hal qilib berildi. Deylik, Aziza Madaminovaga 2 yoshli farzandini jarrohlik amaliyoti asosida davolash uchun Izboskan tumani hokimligi hisobidan zarur mablag‘ ajratilishi bilan yana bir oilaning ko‘p yillik masalasi hal qilindi.

10 kun avval Izboskan tumani “Madaniyat” mahallasida yashovchi Akmaljon Jumaboyevning xonadoni butunlay yonib ketdi. Boz ustiga yong‘in ikki qo‘shnisining uyiga ham zarar berdi. Oqibatda, kulga aylangan xonadon egasi nihoyatda og‘ir ahvolda qoldi. Ommaviy qabuldagi murojaatdan so‘ng Akmaljon Jumaboyevga uyini tiklab olishi uchun zarur qurilish materiallari olib beriladigan bo‘ldi.

Jami Andijon viloyatida tashkil qilingan ommaviy qabullarda 832 nafar fuqaroning 857 ta masalaga oid murojaatlari ko‘rib chiqildi. Ularning 298 tasi joyida hal etilgan bo‘lsa, 218 ta murojaat egasiga huquqiy maslahat va tushuntirish berildi, 341 ta murojaat bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib, nazoratga olindi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar