Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi – ko‘rgazmali seminari tashkil etildi

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi – ko‘rgazmali seminari tashkil etildi

6 yanvar kuni “O‘zekspomarkaz” majmuasida Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan uch kunlik ko‘rgazmali seminar o‘z ishini boshladi.

Mazkur tadbir davlat soliq xizmati uchun eng muhim bo‘lgan xujjat - 2020 yil 1 yanvardan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi targ‘ibotiga bag‘ishlandi.

Seminarga Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-Ombudsman rahbariyati va mas’ul xodimlari jalb qilindi.

- Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi soliq qonunchiligini maksimal darajada soddalashtirishga yo‘naltirilgan konseptual o‘zgartirishlardan iborat,- deydi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov. – Hujjatning asosiy maqsadi insofli soliq to‘lovchilar manfaatlarini ximoya qilishdir.

- Jahon tajribasi asosida yangi tahridagi Soliq kodeksi bilan davlat soliq xizmati organlari va soliq to‘lovchilar o‘rtasidagi munosabatlarning shakllari hamda mexanizmlari takomillashtirilmoqda, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnolgiyalarini amaliyotga tatbiq qilish orqali yangi xizmat turlari joriy qilinmoqda,- ta’kidlaydi Davlat soliq qo‘mitasi raisi Bexzod Musayev.

Ko‘rgazmali seminarning birinchi kunida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida faoliyat yuritadigan 1000 dan ortiq tadbirkorlar va xisobchilar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari tashrif buyurdi. Tadbir tafsilotlari “O‘zbekiston 24” telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi.

Ko‘rgazmalar zalida 40 dan ortiq mavzulardagi axborot stendlari ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi. Yangi Soliq kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan soliq qonunchiligiga kiritilgan yangiliklar haqida 30 ta mavzudagi 3,5 mingta bukletlar tarqatildi.

Ko‘rgazmali seminar doirasida tadbirkorlar va buxgalterlarga Soliq kodeksiga oid sharhlar, intervyular, shuningdek yangi tahrirdagi Soliq kodeksi amalga kiritilishi bilan bog‘liq eng ko‘p uchraydigan savollarga javoblarni o‘z ichiga olgan «Soliq-plyus» - «Nalogi plyus» gazetalarining maxsus soni tarqatildi.

Ko‘rgazmali seminarning birinchi kuni natijalariga ko‘ra, soliq to‘lovchilar tomonidan 120 dan ortiq savollar o‘rtaga tashlandi. Bu biznes vakillarining soliq islohotlari bilan tanishishga bo‘lgan katta qiziqishlarini bildiradi. Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi mutaxassislari barcha savollarga batafsil javoblar berdi.

Shuningdek, seminarda ko‘tarilgan va yozma ravishda kelib tushgan savollar va ularning javoblari Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.

Toshkent shahrida o‘tkaziladigan seminarlarda jami 3,5 mingdan ortiq xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar vakillarini jalb qilish rejalashtirilmoqda. Keyinchalik mazkur tadbir asosida respublikamizning har bir hududida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi mazmun-mohiyatini soliq to‘lovchilar o‘rtasida tushuntirishga qaratilgan seminar-treninglar o‘tkaziladi. Buning uchun Davlat soliq qo‘mitasida har bir hudud uchun alohida ishchi guruhlari tuzilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar