O‘zbekistonda "Aql markazlari" trendga aylanmoqda

O‘zbekistonda

Joriy yilning 2 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Maslahatchisi A.Abduvahidov raisligida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, viloyatlar hokimlarining o‘rinbosarlari, viloyatlar va tumanlarning ta’lim masalalari bo‘yicha mas’ul rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari va prorektorlari ishtirokida videoselektor bo‘lib o‘tdi.

Videokonferensiya tarzida tashkil etilgan yig‘ilishda umumiy o‘rta, professional va oliy ta’lim tizimlariga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Jumladan, umumiy o‘rta va oliy ta’lim muassasalarida o‘quvchi-talabalarning davomati nazorati maktab direktorlari, hokimliklar va rektorlar e’tiboridan chetda qolayotgani alohida qayd etildi. Bu borada ta’lim muassasasi–mahalla–oila hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligi ta’kidlandi.

– Universitetlar o‘zi joylashgan hududning “aql markazi”ga aylanishi kerak, – dedi Prezident maslahatchisi A.Abduvaxidov. – Mahalliy hokimlar oyda bir marta olimlar va professor-o‘qituvchilar bilan uchrashishi kerak. Oliy ta’lim muassasalari esa o‘z navbatida hududiy miqyosdagi mavjud muammolarga innovatsion yechim topishi, hududda ilm-fan rivojlanishida lokomotiv vazifasini bajarishi kerak.

Ta’lim muassasalaridagi davomatni yaxshilash, tartib-intizomni kuchaytirish, jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, professional ta’limda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik va ishlab chiqiladigan o‘quv me’yoriy hujjatlarning bugungi kundagi holati yuzasidan fikr almashildi.

– Ta’lim sifatini oshirish – oliy ta’lim tizimidagi eng muhim masala bo‘lib qolaveradi, – dedi vazir I.Majidov. – O‘quv jarayonini tashkil etish, talabalarning darsda ishtirok etishi va shu kabi tashkiliy jarayonlar elektronlashtiriladi, ta’lim jarayoniga zamonaviy AKT kengroq joriy qilinadi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida “Universiada” sport o‘yinlarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida mahalliy hokimliklar, oliy ta’lim muassasalari va OAV o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.

Eslatib o‘tamiz, AQShning Pensilvaniya Universiteti yetakchi ilmiy markazlarning “Global Go To Think Tank Index Report 2019” reytingini taqdim etdi.

Markaziy Osiyodagi eng yaxshi ilmiy markazlar reytingida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) Markaziy Osiyodagi eng yaxshi 63 tadqiqot va tahlil institutlari orasida 10-o‘rinni egalladi. O‘tgan yilga nisbatan bir pog‘ona yuqorilagan ITIM, 2016 yilga nisbatan uch pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar