Avgust oyida inflyasiya darajasi 0,5% darajasida bo‘lishi kutilmoqda

Avgust oyida inflyasiya darajasi 0,5% darajasida bo‘lishi kutilmoqda

Davlat statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida ikki oylik deflyasiyadan so‘ng tovarlar va xizmatlar narxlarining o‘rtacha darajasi 0,5 %ga o‘sishi kutilmoqda. Joriy yil boshidan buyon narxlarning o‘sishi 4,8% ni tashkil etadi (2019 yil yanvar-avgust - 8,2%). Shu bilan birga, birinchi marta inflyasiya yillik ko‘rsatkichda (2019 yil avgustdan 2020 yil avgustgacha) 11,6 %gacha (joriy yilning iyul oyida 14,3 foiz) pasayganligini ta’kidlash lozim.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra:

1.Joriy yilning avgust oyida oziq-ovqat mahsulotlari 0,3% ga qimmatlashdi

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishining asosiy omili sabzavot (7%), go‘sht (1,9%) va yog‘ (1,4%) mahsulotlari, shuningdek, umumiy ovqatlanish (1,3%) narxlarining o‘sishi bo‘ldi. Bunga o‘z navbatida karantin cheklovlarining bekor qilinishi, aholining zaif qatlamlariga ijtimoiy yordam ko‘rsatishning oqibatida talabning o‘sishi sabab bo‘lishi mumkin.

1-rasm. 2020 yil avgust oyi uchun viloyatlarda sabzavot narxlarining indeksi, (%)

Go‘sht mahsulotlarining narxi 1,9% ga, yog‘ mahsulotlari 1,4% ga o‘sdi.

2-rasm. 2020 yil avgust oyi uchun turli xil go‘sht turlarining narxlari indeksi, (%)

Meva va sabzavotlar narxlarining mavsumiy pasayishi davom etdi (2,9%). Xususan, meva narxi 7,6 foizga, kartoshka 1,7 foizga arzonlashdi. Qovun va tarvuz (-26%), uzum (-22%), olma (-18%), nok (-12%), pomidor (-11%) va bulg‘or qalampiri (-10%) narxlari ancha pasaygan.

3-rasm. 2020 yil avgust oyi uchun viloyatlarda mevalar narxlari indeksi, (%)

2.Bir oy davomida nooziq-ovqat mahsulotlari 0,8 foizga o‘sdi

Investitsiya faolligining oshishi, qurilish va ta’mirlash ishlari hajmining o‘sishi asosiy qurilish materiallari narxlariga (3,9%) ta’sir qildi. Sementning chakana narxi + 17% ga o‘sdi. Avtomobillar uchun yoqilg‘i narxi + 2% ga ko‘tarildi.

Ma’lumot uchun: joriy yilning 24 iyulidan 24 avgustigacha sementning birja narxi bir tonna uchun 845,5 ming so‘mdan 729 ming so‘mgacha pasaydi (-14%), bu joriy yilning sentyabr oyida inflyasiya darajasiga chek qo‘yadi.

  1. Aholiga pullik xizmatlar bir oy ichida + 0,4 foizga qimmatlashdi

Aholiga maishiy xizmatlar + 0,8%ga, yo‘lovchi transporti xizmatlari + 1,34% ga o‘sdi. Havo transporti deyarli + 7 % qimmatlashdi.

Viloyatlar kesimida narxlarning sezilarli darajada o‘sishi Toshkent (0,8%), Navoiy viloyati (0,7%), shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyatida (0,6%) qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining jamoatchilik bilan aloqalar xizmati

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar