Aziz Abduhakimov: Turizm-365 telekanalini ochish vaqti kelgandir

Aziz Abduhakimov: Turizm-365 telekanalini ochish vaqti kelgandir

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti binosida respublika gidlar guruhi vakillari bilan uchrashdi.

Aziz Abduhakimov bugungi kunda turizm sohasi rivojlanishida ekskursiyachi gidlarning o‘rni nihoyatda katta ekanligini ta’kidlab, qisqa vaqt ichida O‘zbekistondagi gidlar sonini oshirish kerakligi haqida so‘zladi.

“Biz endi turizmni yangi pog‘onaga ko‘tarishimiz lozim, zero turizm eng avvalo mahalliy aholi uchun yangi ish joylari demakdir. Bugunga kelib gidlarning soni 1000dan ortiq bo‘lsa, biz qisqa vaqt ichida ularning sonini 5000 nafarga yetkazishimiz kerak”, dedi Abduhakimov.

Shuningdek ekskursiyachi gidlarni o‘ylantirayotgan masalalar, o‘z yechimini kutayotgan muammolarni tingladi.

Aziz Abduhakimov sayohat madaniyatini kishilarga bolalikdan shakllantirish zarurligini ta’kidlab, shu yo‘nalishda dastur tuzish va unga ko‘ra, yosh sayyohlarga mo‘ljallangan ko‘rsatuvlarni tashkil qilish, maxsus videokurslarni tavsirga olib tarqatish choralari ko‘rilishini aytdi.

“Ehtimol, Turizm-365 telekanalini ochish vaqti kelgandir, zero ichki turizm bugungi kunda talab darajasida o‘rganilmagan”, deb qo‘shimcha qildi Bosh vazir o‘rinbosari.

Shu o‘rinda Aziz Abduhakimov bugungi kunda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan ekskursiyachi gidlar bilan muloqotga kirishib, operativ ma’lumot almashish imkonini beruvchi yangi loyiha ustidagi ishlar tugagani, bu kelgusida sayyohlik sohasi bilan bog‘liq muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish imkonini berishini ma’lum qildi:

“Gidlardan iltimosimiz – sayyoh bilan harakatlanayotib qayerdadir kamchilik yo muammo ko‘rdingizmi, darhol ushbu platforma orqali bizga matn, foto yoki audio shaklida yo‘llang. Sir emaski, hududlarda kafe va restoranlar, sanitariya-gigiyena shoxobchalari va infratuzilma bilan bog‘liq muammolar talaygina. Bundan tashqari, turistik xizmat ko‘rsatuvchilarning muomalasi ko‘ngildagidek bo‘lmasligi mumkin. Bunday kamchiliklardan tezkor xabardor qilsangiz, biz tegishli davlat idoralari va tashkilotlar bilan hamkorlikda zarur choralarni ko‘ramiz. Shu tariqa mavjud muammolarni birgalikda bartaraf etamiz”.

Gidlar vakillari so‘nggi yillarda davlat rahbari hamda hukumat darajasida sohani rivojlantirishga doir qabul qilinayotgan farmon va qarorlar ularni ilhomlantirayotganini alohida ta’kidlab, kelgusida e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan jihatlar bo‘yicha takliflarini bildirishdi. Turizm jurnalistikasi yo‘nalishini joriy qilish, yurtimiz haqidagi flayerlar va qo‘llanmalarining chet tillaridagi tarjimalari kamligi, har bir turistik ob’yektda siti-baslarni tashkil qilish, vegan menyuni yo‘lga qo‘yish, sertifikat olish jarayoniga o‘zgartirish kiritish shular jumlasidandir.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar