Bir martalik yordam puli ajratish to‘g‘risida Prezident farmoni imzolandi

Bir martalik yordam puli ajratish to‘g‘risida Prezident farmoni imzolandi

Jahon miqyosida, shu jumladan O‘zbekistonda ham qat’iy karantin choralarining kiritilishi, eng avvalo, iqtisodiy faollikning va aholi daromadlarining pasayishiga olib kelmoqda.

Ayniqsa, joriy yilning ikkinchi choragida iqtisodiy vaziyat dunyoning barcha mamlakatlarida keskin yomonlashdi. Rivojlangan mamlakatlarda yalpi ichki mahsulotning pasayishi 10-20 foizni, rivojlanayotgan mamlakatlarda esa 7-15 foizni tashkil etdi.

Xalqaro iqtisodiy integratsiya jarayonlariga faol kirib borayotgan O‘zbekiston iqtisodiyoti ham global iqtisodiy muammolardan zarar ko‘rmoqda. Inqirozga qarshi ko‘rilgan qat’iy va amaliy chora-tadbirlar evaziga ikkinchi chorakda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti bor-yo‘g‘i 2,5 foizga kamaydi (6 oy yakunlari bilan 0,2 foizga o‘sdi).

Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida band bo‘lgan shaxslar ish joylarini vaqtincha yo‘qotdilar, xorijdan 200 mingdan ortiq vatandoshlarimizning olib kelinishi ishsizlar sonini ko‘paytirdi.

Bunday murakkab sharoitda aholini, ayniqsa uning ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash masalasi davlatning birinchi darajali e’tiborida turibdi.

Shu maqsadda, bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon qabul qilindi.

Farmonga binoan:

Birinchidan, pandemiya sharoitida “temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand va ijtimoiy himoyaga muhtoj 400 mingdan ortiq oilalardagi 1,7 million a’zolarining har biriga 220 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam puli beriladi. Ushbu maqsad uchun respublika byudjetidan 380 milliard so‘m ajratiladi.

Boshqacha qilib aytganda, o‘rtacha 5 kishilik oilaga 1,1 million so‘mlik moddiy yordam puli ajratilib, hisob-kitoblarga ko‘ra hayot uchun eng zarur bo‘lgan birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari to‘plamini xarid qilish imkoniyati yaratiladi.

Ikkinchidan, ulug‘ ayyommuqaddas Qurbon hayiti bayrami arafasida xalqimizning tarixiy va ma’naviy qadriyatlarini namoyon etadigan ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish an’anasini davom ettirgan holda joylardagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalari orqali 220-250 ming oilaga respublika byudjetidan jami 200 milliard so‘m ajratiladi. Buning natijasida 1 milliondan ortiq aholi naqd pul, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, ushbu ulug‘ ayyom kunlari “Vaqf” xayriya jamoat fondini qo‘llab-quvvatlash maqsadida respublika byudjetidan 150 milliard so‘m ajratiladi hamda ushbu mablag‘ jamoat fondining xayriya tadbirlarini amalga oshirish hamda xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltiriladi.

Uchinchidan, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda faol ishtirok etib, hayotini xavf ostiga qo‘yib jonbozlik ko‘rsatayotgan tez tibbiy yordam brigadalarining shifokorlari, hamshiralari, kichik tibbiy xodimlari va haydovchilarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish uchun 100 milliard so‘m ajratiladi. Buning evaziga 26 ming oilaning moddiy ahvoli yaxshilanadi.

Yuqoridagi choralar hisobiga 652 ming oilaga yoki O‘zbekistondagi jami oilalarning 7,7 foiziga moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, qabul qilingan Farmonda pandemiya davrida ijtimoiy nafaqa oluvchilar sonini keskin oshirish ko‘zda tutilmoqda. Jumladan:

bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa oluvchi ehtiyojmand onalar sonini har oyda 14-15 mingtaga oshirib, dekabr oyida 400 mingtagacha yetkaziladi yoki yil boshiga nisbatan qariyb 1,5 barobarga ko‘paytiriladi;

14 yoshgacha bolalari bo‘lgan ehtiyojmand oilalarga to‘lanadigan nafaqa oluvchi oilalar sonini yil boshiga nisbatan 2,5 barobardan ortiqqa oshirib, ularning soni dekabr oyida 700 minggacha yetkaziladi;

kam ta’minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordamni oluvchilar soni yil boshiga nisbatan 1,5 barobarga oshirilib, 100 mingtaga yetkaziladi.

Umuman olganda, ijtimoiy nafaqa oluvchilarning umumiy soni 600 mingga ko‘payib, joriy yilning dekabr oyida 1,2 millionga (mamlakatdagi jami oilalarning qariyb 15 foizi) yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda va bunga byudjetdan qo‘shimcha 426 milliard so‘m ajratiladi.

O‘zbekistonda kambag‘al oilalarning umumiy soni respublikadagi jami oilalarning 12-15 foizini tashkil etishini inobatga olsak, ijtimoiy nafaqa mexanizmi bilan yil oxiriga borib mamlakatdagi barcha kambag‘al oilalarning har bir qatlami to‘liq qamrab olinadi.

Buning ustiga yuqorida aytib o‘tilgan bir martalik moddiy yordam oluvchi oilalar sonini qo‘shsak, davlatdan moliyaviy ko‘mak oladigan oilalarning soni sezilarli darajada ko‘payadi.

Farmonda shuningdek keksa yoshdagi hamda nogironligi bor shaxslarni moddiy qo‘llab quvvatlash maqsadida 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab pensiyalar, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar miqdori 10 foizga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bu esa, joriy yil yanvar-iyul oylaridagi inflyasiya ko‘rsatkichlaridan (4,3 foiz) yuqoridir.

Bu 2,8 million keksa yoshdagi fuqarolarni, 687 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarni, 210 mingdan ortiq boquvchisini yo‘qotgan shaxslarni pandemiya davrida moddiy qo‘llab quvvatlash imkonini beradi.

Bunda, o‘rtacha pensiya miqdori 764 ming so‘mdan 841 ming so‘mgacha oshadi.

Bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori amaldagi 466 680 so‘mdan 513 350 so‘mgacha ko‘payadi.

Shuningdek, pensiya tayinlash uchun zarur ish stajiga (7 yil) ega bo‘lmagan, hayoti davomida Pensiya jamg‘armasiga umuman badal to‘lamagan 37,5 ming nafar keksa fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 315 030 so‘mgacha oshiriladi.

Farmonda ko‘zda tutilgan aholini ijtimoiy qo‘llab- quvvatlash chora-tadbirlariga 2020 yilning oxirigacha byudjetdan jami qo‘shimcha 2,3 trillion so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar